Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

Tarif kalkulyatori

10:39:12 (GMT +5), juma, 26 aprel 2024

Xitoydan yangi uskunalar keltirildi

Angren stansiyasidagi lokomotivlarga texnik xizmat ko‘rsatish punktida (LXKP) g‘ildirak juftliklariga ishlov berishga mo‘ljallangan Xitoyda ishlab chiqarilgan CA8013V rusumli dastgoh o‘rnatildi. Qurilma g‘ildirak juftliklarini lokomotiv ostidan chiqarmasda yo‘nish uchun mo‘ljallangan. Uskunani o‘rnatish va sozlash Xitoy Xalq Respublikasi va o‘zimizning mutaxassislar tomonidan amalga oshirildi.


Yangi inshoot 2016 yilda foydalanishga topshirilgan va "O‘zbekiston" lokomotiv deposi tarkibiga kiritilgan. Yangi LXKPni qurish zarurati Angren - Pop yangi temir yo‘l uchastkasining qurilishi va Qamchiq tog‘li hududidan o‘tuvchi 19,2 km temir yo‘l tunnelining foydalanishga topshirilishi bilan bog‘liq. Murakkab tog‘li tizimda qish mavsumida ham, yozda ham harakatlanadigan yuk va yo‘lovchi poyezdlarini tashiydigan lokomotivlarning texnik holatini saqlash zarur.

Joriy 2020 yilda lokomotivlarning g‘ildirak juftliklarini yo‘nish ustaxonasi (sex) qurilishi tugallandi. U yerga Xitoydan keltirilgan yangi uskuna o‘rnatildi. Hozirda sexda 96 nafar mutaxassis ish olib bormoqda. Bugungi kunga kelib, ustaxonada lokomotivlarga xizmat ko‘rsatish hajmi oyiga 50-60 donani tashkil etadi. LXKP Toshkent va Qo‘qon mintaqaviy temir yo‘l uzellarini bog‘lovchi hududda joylashgan. Qizil To‘qimachi - Oxangaron - Angren - Pop stansiyalari orasidagi temir yo‘l qismida harakatlanadigan lokomotivlarga xizmat ko‘rsatadi. Texnik xizmat O‘zbekiston (XXR), ERMAK (Rossiya), 3ВЛ80с, ВЛ60К seriyali va ТЭМ2 elektrovozlariga (O‘zbekiston va Qo‘qon depolariga qarashli) taqdim etiladi.

-  Oxirgi yillarda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan temiryo‘l tizimini samaradorligini oshirish maqsadida bir  qancha ishlar olib borilmoqda, - deydi “O‘zbekiston” lokomotiv deposi katta ustasi Jamshid Mirzaraxmedov.  Bunga yaqqol bir misol sifatida Angren bekatida joylashgan Angren lokomotivlarga texnik xizmat ko‘rsatish punktini keltirishimiz mumkin. Angren lokomotivlarga texnik xizmat ko‘rsatish punkti 2 ta ta'mirlash yo‘lagiga ega asosiy bino hamda Xitoy Xalq Respublikasida ishlab chiqarilgan zamonaviy g‘ildirak juftligini yo‘nish dastgohi o‘rnatilgan sex binosidan iborat. Zamonaviy kompyuterlashtirilgan g‘ildirak juftliklarini yo‘nish dastgohi o‘rnatilgan sex shu kunlarda foydalanishga topshirildi. G‘ildirak juftliklarini yo‘nish sexi ishga tushirilishi lokomotivlarga texnik xizmat ko‘rsatish samadorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Ushbu tipdagi zamonaviy dastgohlardan respublikamizga 2 ta olib kelingan bo‘lib, yana birini “Qo‘qon” lokomotiv deposiga o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda.

Ilgari lokomotivlarning g'ildirak juftlilarini yo‘nish uchun 130 kilometr uzoqlikda joylashgan “O‘zbekiston” lokomotiv deposiga lokomotivlarni olib borishga to‘g‘ri kelgan. Yangi dastgohning oldin foydalanilgan A-41 dastgohidan farqi, bir vaqtning o‘zida g‘ildirak juftliklarinining har ikkala tomonidan yo‘nishni amalga oshiradi. Bundan tashqari ushbu dastgohni boshqarish tizimi kompyuterlashtirilgan, g‘ildirak juftliklarinining belgilangan o‘lchamini o‘zi avtomatik ravishda o‘lchab, kiritilgan o‘lchamlarda g‘ildirak juftligini yuqori aniqlik hamda qisqa vaqtda yo‘nishni amalga oshiradi. 

Axborot-tahliliy media markazi


“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko‘rinish