Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

Tarif kalkulyatori

21:12:40 (GMT +5), juma, 26 aprel 2024

Sergeli – Olmazor metro yo‘nalishida relslarni o‘rnatish ishlari tugatilib, bekatlarda so‘nggi pardozlash ishlari olib borilmoqda

Megapolis shaharlar uchun transport kommunikatsiya tizimini rivojlantirish orqali shahar aholisi va harakatlanayotgan avtomobillarga qulaylik yaratish juda muhim ahamiyatga ega. Markaziy Osiyoning eng yirik shahri bo‘lgan Toshkentda ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ko‘plab aholi turar joylari hamda transport infrastrukturasini rivojlantirib, yangi loyihalarni hayotga tadbiq etishga katta ahamiyat qaratilmoqda. Bu esa katta shaharni yirik megapolisga aylanishiga imkon beradi.      

Yaqindagina, to‘g‘rirog‘i mustaqilligimizning 29 yilligi arafasida foydalanishga topshirilgan Toshkent halqa metrosining birinchi bosqichi bo‘lgan “Do‘stlik – Qo‘yliq” yo‘nalishi yurtimiz aholisi, ayniqsa, ushbu hudud atrofidagi yurtdoshlarimiz uchun katta qulaylik bo‘ldi. Har kuni soat 6:00dan 23:00ga qadar harakatlanayotgan metro vagonlarida yo‘lovchilar juda ko‘pligini ko‘rib, poytaxtimizda metro transportiga talab yuqori bo‘layotganiga yana bir bor amin bo‘lamiz.

Shahrimizning katta tumanlaridan biri – Sergeli ham bugun tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketmoqda. Bugun bu yerda katta, zamonaviy aholi yashash mavzesi paydo bo‘ldi. Oxirgi 3 yilda tumanda 19 ming 522 xonadonli 460 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi. Namunaviy ko‘rinishdagi 26 ta mahalla guzari barpo etildi. Shu davrda bu yerga 100 mingdan ziyod aholi ko‘chib kelib, jami aholi 276 ming nafardan oshib ketdi. Sergeli tumani poytaxt markazi bilan asosan Yangi Sergeli ko‘chasi orqali bog‘langan. Aholi soni ortib borishi esa shundoq ham ko‘pincha tirband, avtobuslar tiqilinch bo‘ladigan ushbu ko‘chaga yanada qo‘shimcha yuklama bo‘ladi. Bu esa ushbu tumanda istiqomat qilayotgan aholi uchun qulay va xavfsiz transport-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirishni taqozo etadi. Bunday sharoitda yer usti metrosi juda qo‘l keladi.   
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 29 noyabrdagi “Toshkent metropoliteni Sergeli yo‘nalishini qurish” loyihasini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan estakada shaklidagi yer usti metrosining bunyod etilayotgani esa ushbu muammoning ayni yechimi bo‘lishi shubhasiz. Bugun nafaqat Sergeli tumani aholisi, balki poytaxtimiz, shu bilan birga Respublika aholisi ushbu yo‘nalishdagi yangi metro liniyasini foydalanishga topshirilishini intizorlik bilan kutmoqda.

Umumiy qiymati 82,66 million AQSH dollari bo‘lgan ushbu mega loyihada dastlabki qurilish ishlari  2017 yil boshida boshlangan edi. Ushbu obyekt loyihasi “Boshtransloyiha” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan tayyorlangan bo‘lib, bunyodkorlik ishlari “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasi mutaxassislari tomonidan bajarilmoqda.   

Loyiha “Choshtepa”, “Toshkent halqa yo‘li”, “Sergeli”, “Afrosiyob” va “Qipchoq” bekatlaridan iborat. Po‘lat izlarning umumiy uzunligi 7 kilometrga yaqin. Bugungi kunda ushbu obyekt qurilish ishlarida bir ming ikki yuzga yaqin mutaxassislar va ishchi-xodimlar, yuzdan ortiq mashina va texnikalardan foydalanishmoqda.

E'tiborlisi quruvchilarimiz tomonidan hozirgacha “Choshtepa”, “Toshkent halqa yo‘li”, “Sergeli”, “Afrosiyob” va “Qipchoq” bekatlarida asosiy qurilish ishlari yakunlanib, so‘nggi tashqi va ichki qismlariga bezak berish ishlari amalga oshirilmoqda. Shu kungacha bekatlar oralig‘idagi ikki yo‘lli po‘lat izlarning jami 12,8 kilometr qismiga temir yo‘l izlari to‘liq yotqizildi. Ta'kidlash lozimki, “Choshtepa” bekati Chilonzor yo‘nalishidagi “Olmazor” yer osti bekati bilan bog‘lanadi. Belgilangan loyihaning ushbu murakkab yechimini amalga oshirishda quruvchi temiryo‘lchilar katta mehnat qilishdi. Ushbu yo‘nalishning tunnel qismi Toshkent metropolitenining Chilonzor yo‘nalishidagi “Olmazor” yer osti bekatiga ulandi. E'tiborlisi “Choshtepa” bekati yangi liniyaning dastlabki estakada shaklidagi bekati bo‘ladi. Undan keyn esa “Toshkent halqa yo‘li” bekati keladi. Ushbu yo‘nalish “Sergeli”, “Afrosiyob” va “Qipchoq” bekatlari bilan yakun topadi. Bu bekatlarda ham yerda asosiy qurilish ishlari tugatilib, perronlarni pardozlash, eskalator o‘rnatish, metro poyezdlari uchun elektr energiyasini montaj qilish, elektr yoritish uchun kommunikatsiya kabellarini ulash ishlari olib borilmoqda. 

O‘tgan vaqt davomida loyiha smeta hujjatlarida ko‘rsatilgan 1 ming 484 dona temir beton balkalarning barchasi 100 foizga o‘rnatildi.  Shuningdek, 222 dona tayanch ustun rigeli, 223 dona tayanch ustunning o‘rnatilishi yakuniga yetdi. Ushbu loyihani sifatli va mustahkam barpo etish va yo‘lovchilar uchun zamon talablariga mos sharoitlar yaratish maqsadida qurilish va muhandislikning turli yo‘nalishlaridagi tajribali mutaxassislar tomonidan barpo etilayotgan barcha yer usti metro bekatlarining bezaklarida zamonaviy qurilish materiallaridan foydalanilib, milliy me'moriy ko‘rinishini ko‘rkam holatga keltirishadi. 

Bekatlarning kirish, chiqish hududlari ko‘rinishi jihatidan bir-birini takrorlamaydi, ya'ni o‘ziga hos rang-barang me'morchilik asosida barpo etilmoqda. Ayniqsa, perron qismiga ishlatilgan qurilish mahsulotlari ko‘rinishi, rangi va turi bo‘yicha boshqalaridan ajralib turadi. Yo‘lovchilar uchun ham katta qulayliklar yaratilishi ko‘zda tutilgan. Xususan, imkoniyati cheklanganlar uchun bekatlar platformasida xavfsiz taktil plitkalar yotqizilishi hamda yo‘lovchilarning platformalarga ko‘tarilishi uchun zamonaviy lift va eskalator, xavfsizlikni ta'minlash maqsadida esa bekatlarga zamonoviy video-kuzatuv uskunalari, turniketlar hamda elektr tejaydigan yoritish chiroqlari o‘rnatiladi. Mobil aloqa uskunalari uchun elektr quvvatlagichlar bo‘ladi.

Qurilish obyektlariga sifatli materiallarning o‘z vaqtida yetkazilishi bunyodkorlik ishlarini tez va mustahkam barpo etilishiga zamin yaratyapti. Ishchi-xodimlarning mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalariga hamda balandlikda ishlashda xavfsizlik talablariga to‘liq rioya etishiga katta ahamiyat qaratilmoqda. Har bir mutaxassis va xodim koronavirus pandemiyasidan saqlanish maqsadida sanitariya va gigiena talablariga qat'iy rioya etgan holda faoliyat olib bormoqda.    

Sergeli metro yo‘nalishida qurilish ishlari to‘liq tugatilgach, “O‘zbekiston temir yo‘llari” va Rossiyaning “Metrovagonmash” aksiyadorlik jamiyatlari o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra  Toshkent shahridagi yer usti metropoliteni uchun harakatlanuvchi har biri 4 vagondan iborat metro poyezdlari mazkur yangi yo‘nalishda harakatlanadi.      

Ushbu loyiha yakuniga yetgach 214 ta yangi ish o‘rni ham yaratiladi.

Axborot-taxliliy media markazi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko‘rinish