Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

Tarif kalkulyatori

13:23:59 (GMT +5), juma, 26 aprel 2024

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ: 2020-yil karantin davrida amalga oshirilgan ishlar

Temiryo‘lchilar kasaba uyushmasi O‘rta Osiyoda birinchilardan bo‘lib kasaba uyushmasini tuzgan jamoat temiryo‘l tashkiloti hisoblanadi. Qariyb bir asrlik tarixga ega bo‘lgan ushbu tashkilot bugungi kunga qadar “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi bilan Respublika Kengashi o‘rtasida tuzilgan tarmoq kelishuvida belgilangan sohaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ishchi-xodimlarga qulay mehnat sharoitlari va mehnatga haq to‘lash, bandlik hamda ijtimoiy kafolatlar o‘rnatish majburiyatlarini bajarib kelmoqda. Ayniqsa, tashkilotning faoliyati so‘nggi sakkiz oy mobaynida mamlakatimizda xukm surib turgan koronavirus pandemiyasi tufayli yana ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ish beruvchilar kasaba uyushma tashkilotlari bilan xamkorlikda sinovli kunlarda bir yoqadan bosh chiqarib, birgalikda yelkama-yelka turib ko‘rinmas dushman bilan kurashishda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan chora-tadbirlar asosida chiqarilgan farmoyish, qaror va qonunlarni xayotga tadbiq qilib kelmoqda. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyatining 2020 yil 15 apreldagi №276-N sonli “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi joriy etilgan tartib davrida pensionerlarga moddiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi buyrug‘i ijro uchun qabul qilindi. Unga binoan, aksiyadorlik jamiyatida uzoq yillar mehnat faoliyatini olib borgan va hozirda nafaqada bo‘lgan ijtimoiy himoyaga va o‘zgalar parvarishiga muxtoj bo‘lgan pensionerlar ro‘yxati tuzildi. Ular uchun zarur bo‘lgan birlamchi oziq-ovqat maxsulotlari to‘plami shakllantirilib, beg‘araz yetkazib berildi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Kengashining 2013 yil 25 yanvardagi “Kasaba uyushmalari Federasiyasi tizimida kasaba uyushmasiga a’zolik badallarini taqsimlash, kasaba uyushma byudjeti mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish tartibi to‘g‘risidagi Nizom haqida”gi 7-4 sonli qarori hamda O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining 2019 yil 10 oktyabrdagi “Kasaba uyushma byudjeti mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi 29-1 sonli Rayosat qarorlari qabul qilingan. Respublikamizda o‘rnatilgan qator karantin cheklovlari sababli, O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi hamda tizimdagi hududiy, birlashgan va boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitalarida 2020 yil uchun tasdiqlangan yillik daromadlar va harajatlar smetasi bo‘yicha kasaba uyushma byudjetining madaniy-ommaviy ishlar, jismoniy tarbiya va sport ishlari hamda bolalarni yozgi oromgohlarda dam oldirish ishlari bandi harajatlari bajarilmay qoldi. Shu sababli Respublika Kengashi 2020 yil 20 avgustdagi 30-3-sonli Rayosat qarorini qabul qilib, pandemiya davrida istisno tariqasida ijtimoiy himoyaga muxtoj ishchi-xodimlarni, pensioner va faxriy kasaba uyushma faollarini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida kasaba uyushma a’zolariga moddiy yordam ko‘rsatish va kasaba uyushma faollarini rag‘batlantirish bandlariga yo‘naltirildi. Joriy yilning 1 noyabr holatiga ko‘ra jami 678 nafar kasaba uyushma a’zolariga 681803,2 ming so‘m miqdordagi pul mablag‘lari salomatligini tiklash hamda uning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ajratildi.

Temiryo‘lchilar o‘zlarining na’munali mehnati va savobli ishlari bilan nafaqat ishchi-xodimlar va ularning oila a’zolarini balki, yordamga muxtoj, shifo topish ilinjisida bo‘lgan aholini, shu bilan birga Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning g‘amxo‘rligi sabab muxojirlikda kun kechirib ona vataniga qaytishida qilgan xizmatlari uchun yurtdoshlarimizni katta hurmat va cheksiz minnatdorchiligiga sazovor bo‘lmoqda. Xususan, 2020 yil 23-mart kuni “Xo‘jakent” MChJ oromgohida charter reysi bilan Qozog‘istondan va boshqa chet el davlatlaridan qaytib kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Unga 25 nafar oromgoh, 3 nafar Bo‘stonliq tumani SEOM xodimlari, 4 nafar Toshkent shahridan taklif etilgan shifokor, 6 nafar xamshira shuningdek, ichki ishlar va Turizm qo‘mitasining xodimlari jalb qilindi. Xodimlarni ish bilan ta’minlash maqsadida smenali rejim tashkil etildi. Kasaba uyushma Respublika Kengashi tomonidan oilaviy sharoiti og‘ir, nafaqaxo‘r, moddiy yordamga muxtoj xodimlarga moliyaviy ko‘mak berildi.

Toshkent viloyati Zangiota tumanida 10 ming bemorni yoki karantinga olinadiganlarni bag‘riga sig‘dira oladigan bloklarni qurilishiga “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning “Ko‘prikqo‘rilish” tresti va “O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj” unitar korxonasi ishchi-xizmatchilari safarbar etildi. Ularni ovqatlanish, yashash sharoitlari hamda sog‘liqlari muntazam ravishda kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan nazoratga olindi.  

Qo‘shni davlatda mobil shifoxona barpo etish uchun O‘zbekistondan Qirg‘iz Respublikasiga, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati ko‘magida, 200 o‘ringa mo‘ljallangan 4 ta shifoxona konteynerlari yetkazib berildi.

Afg‘oniston Islom Respublikasi “Xayraton-Mozori-Sharif” temir yo‘l liniyasida mehnat faoliyatini olib borayotgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning ishchi-xodimlari joriy yilning 31 mart kunidan 14 iyun kunigacha “Omonxona” balneologik davolash maskaniga 14 kunlik karantinga joylashtirildi. Karantin vaqtida zaruriy tibbiy muolajalar, shaxsiy gigiyena va himoya vositalari hamda oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlanishi tashkil etildi. 

250 o‘ringa mo‘ljallangan “Nazarbek” sanatoriyasida esa 2020 yil mart, aprel, may, iyun, iyul oylarida 1000 nafarga yaqin chet eldan kelgan O‘zbekiston fuqarolari ikki xaftalik karantinga olindi. Hozirgi kunda ushbu maskan vaqtincha COVID-19 infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolash uchun 350 o‘rinli shifoxonaga ixtisoslashtirildi. Bugungi kungacha shifoxonada 3000ga yaqin koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar davolanib shifo topishgan.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli korxona va tashkilotlarda ishlovchi temiryo‘lchilar sog‘lig‘ini muhofaza qilish, koronavirus infeksiyasi kasalligini tarqalishini oldini olish, kasallikka chalinganlarning yengil darajasidayoq ularni sog‘lig‘ini mustahkamlash va kasallikni avj olishini profilaktik choralarini ko‘rishni maqsad qilgan Sog‘liqni saqlash xizmati davolash-profilaktika muassasalari tomonidan pandemiya davrida bir qator ishlar amalga oshirildi.

2020 yil 17 maydan boshlab Markaziy poliklinikaning virusologiya laboratoriyasida PSR usulida koronavirus kasalligiga gumon qilinganlardan olingan tahlillar tekshirilishi yo‘lga qo‘yildi. Jami 17 maydan boshlab ushbu uskuna orqali 41205 tahlil tekshirilib, ulardan 3726 tasida infeksiya borligi aniqlandi. Laboratoriya ish jadvali tunu-kun smena rejimida tashkil qilindi. Laboratoriyada ishlovchi mutaxassislarning barchasi ushbu soha bo‘yicha bilim malakalarini oshirish maqsadida o‘qitildi. Markaziy poliklinika negizida 2020 yil 3 avgustdan boshlab, tez tibbiy yordam ko‘rsatish mobil brigadasi operativi tashkil qilinib, o‘z faoliyatini boshladi. Mobil brigada tez tibbiy yordam ko‘rsatib 24 soat davomida uzluksiz ish rejimida ishlashi uchun 2ta tez tibbiy yordam mashinasi biriktirildi va shifokor, hamshira va haydovchi xodimlardan iborat ixchamlashtirilgan 4ta brigada ish tartibi ishlab chiqildi. Toshkent shahridagi barcha korxona va tashkilotlar uchun mobil brigada telefon raqamlari ko‘rsatilgan holda “Xabar berish chizmasi” tuzilib, barchaga tarqatildi. 

Barcha liniyadagi Davolash-profilaktika muassasalarida shuningdek, Sog‘liqni saqlash xizmatida telegramm tarmog‘i orqali operativ maslaxat guruhi tashkil qilindi. Koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlarni to‘g‘ri va sifatli davolash bo‘yicha amaliy bilim malakalarini oshirish, tajriba oshirish maqsadida barcha davolash-profilaktika muassasalaridan 10 nafar shifokor mutaxassis jalb qilindi va hozirgi kunda ular Zangiota maxsus shifoxonasida amaliy bilimlarini oshirmoqda.

Respublika maxsus komissiyasi qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Transport Vazirligining topshirig‘i hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining 2020 yil 11 sentyabrdagi 648-N sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida Rossiya Federasiyasi hududida qolib ketgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini mamlakatimizga olib kelish maqsadida belgilangan jadval asosida tashkil etilgan maxsus charter temir yo‘l reyslariga 1 nafardan shifokor, o‘rta tibbiy xodim hamda sanitariya-epidemiologiya xodimlari ajratildi va ular maxsus himoya hamda zarur dori vositalari jamlangan tez yordam qutisi bilan ta’minlandi.
Shu kunga qadar 35ta charter reyslar tashkil qilindi va O‘zbekistonga jami MDH davlatlaridan 30 660 nafar vatondoshlarimiz o‘z yurtiga olib kelindi. Har bir reys yakunida poyezda kelgan vatandoshlarimizdan temiryo‘l bekatida koronavirus infeksiyasini aniqlash maqsadida aksiyadorlik jamiyatining Sog‘liqni saqlash xizmati mutaxassislari tomonidan ekspress test tahlillari olindi. 
MDH davlatlaridan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini olib kelish uchun yuborilayotgan charter reyslarning vagon kuzatuvchilarga, vagon-restoran ishchilariga va qolgan kuzatuvchilarga yo‘lga ketish oldidan koronavirus infeksiyasini yuqishini oldini olish bo‘yicha instruktaj olib borildi. Shifokor, o‘rta tibbiy xodim va sanitariya-epidemiologiya xodimlari va ishchi-xizmatchilarga 10 kunlik maxsus belgilangan joyda karantin davrida bo‘lgan vaqtida oylik maoshining 100 % to‘lab berilishi hamda bir oylik lavozim maoshi miqdorida mukofot puli berilishi ijro uchun qabul qilinib, bajarilishi ta’minlandi. Charter reysda xizmat qilayotganlarning barchasiga uch mahal issiq oziq-ovqat, himoya vositalari hamda antiseptiklar jamiyat tomonidan belgilangan tartib asosida bepul ajratib berildi.

Bundan tashqari, 2020 yilning 29 sentyabr holatiga ko‘ra “COVID-19” koranavirus infeksiyasi bilan zararlangan 117ta vagon kuzatuvchilariga moddiy yordam ajratish bo‘yicha Rayosat qarori qabul qilinib, oylik maoshiga qo‘shib berilishi yuzasidan 58,5 mln. so‘m miqdoridagi mablag‘ Respublika Kengashi byudjeti hisobidan ajratildi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, joriy yilning 16 mart kunidan boshlab Respublika bo‘ylab karantin choralari joriy qilinishi sababli, yo‘lovchi poyezdlar harakati to‘xtatildi va buning natijasida vagon kuzatuvchilarining ishsizligi kelib chiqdi. Shunga qaramasdan barcha vagon kuzatuvchilari mart oyidan bugungi kunga qadar oylik maoshlari bilan to‘liq ta’minlandilar. Charter reyslar orqali harakatlangan vagon kuzatuvchilariga Respublika Kengashi kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan 400 million so‘mdan ortiq mukofot pullari ajratildi.

Shuningdek 2020 yil 22 oktyabrdan bugungi kunga qadar Qo‘qon, Xavast, Samarqand, Buxoro, Qo‘ng‘irot, Qarshi davolash profilaktika muassasalaridagi bolalar bo‘limi, Termiz shifoxonasida terapiya bo‘limi va Urganch shifoxonasi hududida Lokomotiv sport kompleksidan 10 o‘rindan kam bo‘lmagan yengil va o‘rta og‘irlikdagi kasallik darajasidagi koronavirus infeksiyasiga chalingan temiryo‘lchi bemorlarni davolash va vaqtincha yakkalash maqsadida shifo o‘rinlari tashkil qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Karantin davrida barcha korxona va tashkilot xodimlari kasaba uyushma qo‘mitasining rahbari boshchiligida sidqidildan mehnat qildilar. Buni birgina aksiyadorlik jamiyatining Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va ta’mirlash zavodi kasaba uyushma qo‘mitasi misolida ko‘rish mumkin. Zavod mehnat faoliyatini to‘xtatmasdan ishchilar vaxta rejimiga o‘tkazilib karantin qoidalarini o‘rnatgan holda ishchi-xodimlar uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berdi. Ular uchun yotoqxonalar tayyorlanib, antiseptik, sovun, xlor aralashmasi, maxsus qo‘lqop va niqoblar o‘z vaqtida yetkazildi, 3 maxal bepul ovqat qo‘shimcha sut, ichimlik suvi va imbir damlamasidan tayyorlangan issiq choy bilan ta’minlandi shuningdek, sog‘liqlari doimiy nazoratga olindi. Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan doimiy ravishda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarga, uyda masofadan turib ishlayotgan yoki kasallikka chalingan ishchilarga moddiy yordam ko‘rsatildi. 

Xulosa qilib aytganda, pandemiya davrida temiryo‘lchilar kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilgan va oshirilayotgan ishlarni ko‘p gapirish mumkin. Bugungi sertashvish kunlarda aql-idrok bilan ish ko‘rib, bir-birimizga ishonib, qo‘llab-quvvatlab beg‘araz yordam ko‘rsatib yashash barchamizning asosiy vazifamizga aylanmoqda. Shunday ekan, O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish davriga munosib xissa qo‘shish O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining oliy maqsadidir.

   

   

   

   

   

O‘zbekiston temiryo‘lchilari va
transport quruvchilari kasaba
uyushmasi Respublika Kengashi


“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko‘rinish