Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma’lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

15:57:51 (GMT +5), juma, 28 iyul 2017

Sarhisob va rejalar

       O'zbekiston temiryo'lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi Rayosatining kengaytirilgan sayyor yig'ilishi bo'lib o'tdi.
      Unda, asosan Tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan poyoniga yetib borayotgan 2016 yil davomida amalga oshirilgan ishlar hamda kasaba uyushma tashkilotlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish borasida kelgusida qilinishi lozim bo'lgan ustuvor vazifalar xususida so'z bordi.
    Yig'ilishda dastlab mavzu yuzasidan Respublika Kengashi raisi Toirxon Nurillaevning ma'ruzasi tinglandi. 2016 yilda amalga oshirilgan ishlar xususida so'z borar ekan, tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashi apparatida hamda uning tasarrufidagi barcha kasaba uyushma tashkilotlarida Federatsiya Kengashi tomonidan belgilab berilgan ustuvor yo'nalishlardan kelib chiqib, ish yuritishni to'g'ri tashkil etish, kasaba uyushma a'zolarining mehnatga doir, ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoyalash, temiryo'lchilar va ularning oila a'zolarini sog'lomlashtirish, malakali huquqiy yordam ko'rsatish, munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratishga, moliyaviy intizomni mustahkamlash, mehnat muhofazasini ta'minlash, bandlikka ko'maklashish borasida talaygina ishlar amalga oshirilganligi aytib o'tildi.
   Respublika Kengashi va tasarrufdagi kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, jamoa shartnomalari majburiyatlarini bajarish hamda “Sog'lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosini ta'minlash borasida ham muayyan ishlar bajarildi. Jumladan, kam ta'minlangan, boquvchisini yo'qotgan oilalarning farzandlariga o'quv qurollari, darsliklar xarid qilish, ayollarning homiladorlik va tug'ish ta'til kunlarini uzaytirish, ular farzandlarining sport to'garaklariga qatnashish xarajatlarini qoplash, farzandlari 2 yoshdan 3 yoshgacha bo'lgan yosh onalarga moddiy yordam ko'rsatish, bolali ayollarga ish haftasini 35 soatdan oshmaydigan qilib belgilash tadbirlari uchun dasturda belgilangan 325 million 500 ming so'm o'rniga 443 million 353 ming so'm sarflanib, reja 136 foizga uddalandi. 


      Shuningdek, Federatsiya Kengashi Rayosatining “Har bir inson mehr-e'tibor og'ushida” mavzuidagi chora-tadbirlarni bajarish bo'yicha 206 nafar yolg'iz keksalar, pensionerlar va nogironlar sanatoriylarda sog'lomlashtirildi. Bundan tashqari, jamoa shartnomalari majburiyatlari bajarilishi uchun faqatgina kasaba uyushmalari hisobidan 6 milliard 187 million so'm miqdorida mablag' sarflandi. Shu bilan birga, temir yo'l transporti sohasidagi keng qamrovli yirik qurilish loyihalarini amalga oshirishda ham kasaba uyushmalarining ishtiroki faol. Samarali mehnat qilib, boshqalarga o'rnak bo'layotgan 310 nafar ishchi-xodimlar 71 million so'mlik esdalik sovg'alari bilan mukofotlandi.
        Yakunlangan yilda tizimdagi korxona va tashkilotlarda 1059 ta yangi ish o'rinlari tashkil qilinib, ishsiz fuqarolar bandligi ta'minlandi. Yig'ilishda ta'kidlanganidek, kasaba uyushmalari mablag'larini ko'paytirish maqsadida, Federatsiya Kengashi Rayosatining qarorlari va tarmoq kasaba uyushmasi Ustavi talablaridan kelib chiqib kasaba uyushma byudjeti mablag'lari hisobidan o'rta va kichik biznes, servis xizmatlari ko'rsatish korxonalarini tashkil etishga ham alohida e'tibor qaratilmoqda.
     Jumladan, yaqinda Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “Omonxona” bal`neologik markazi qoshida “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyati va kasaba uyushma byudjeti mablag'lari evaziga shifobaxsh suvni qadoqlash korxonasi ishga tushirilib, 40 nafarga yaqin qishloq yoshlari ish bilan ta'minlandi.
          Yig'ilishda qayd qilinganidek, sohada amalga oshirilayotgan tadbirlarga qaramasdan, quyi tashkilotlarda tashkiliy ishlar hali tizimli yo'lga qo'yilmagan. Ayniqsa, kadrlar bilan ishlash, kadrlar zaxirasini shakllantirish, ish rejalarini tuzish va bajarilishini nazorat qilish, ish yuritishni to'g'ri tashkil etish, mehnat va ijro intizomiga rioya qilish borasidagi ishlarni qoniqarli deb bo'lmaydi. Shu bois ushbu yo'nalishdagi ishlar ahvolini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari ko'rilishi zarurligi aytib o'tildi.
       Tadbirda kasaba uyushmalari oldida turgan istiqboldagi ustuvor vazifalar ham belgilab olindi.

Axborot xizmati

  • nashr uchun ko’rinish