Markaziy Osiyo xalqaro transport yo'laklari tizimida: strategik istiqbollar va foydalanilmagan imkoniyatlar


Joriy yil 20-21 sentyabr kunlari Toshkentda o'tkaziladigan xalqaro konferentsiya ana shunday nomlandi. Bu bejiz emas albatta...

Tadbirni o'tkazishdan ko'zlangan asosiy maqsad, mintaqa tranzit salohiyatini birgalikda rivojlantirish, xalqaro transport yo'laklaridan foydalanish samaradorligini oshirish, xalqaro tashuvlar jarayonidagi turli to'siqlarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish, me'yoriy-huquqiy baza va tarif siyosatini takomillashtirish hisoblanadi.

Xalqaro yuqori talablar va standartlarga javob beruvchi, Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasida transport sohasini kompleks rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish, shu bilan birga xalqaro transport kommunikatsiyaga integratsiyalashuv jarayonini ta'minlash, shartnomalarni hayotga tadbiq etishda shartnomaviy-huquqiy bazani takomillashtirish bugungi kunning eng ustuvor vazilaridan hisoblanadi. Bundan tashqari, mahsulotlarni jahon bozoriga chiqarishga, eksportni rivojlantirishga xizmat quluvchi samarali transport yo'laklarini tashkil etish bilan bog'liq masalalar muhokamasi ham bugungi kunda har bir mamlakat uchun muhim bo'lib turibdi. Ana shular qatorida Yevropa va Osiyo mamlakatlari o'rtasida xalqaro aloqalarni va savdo sotiq munosabatlarining yanada chuqurlashib borayotgani transport kommunikatsiyasi sohasida tranzit va tarif siyosatini ham takomillashtirishni taqozo etmoqda.

Shundan kelib chiqib, transport koridorlarni istiqbolli integratsiyalash uchun qo'shimcha sharoitlar yaratish muhimligini hisobga olib anjuman ishtirokchilari to'rtta sho'bada ish olib borishadi. 2-sho'ba yig'ilishida: “Temir yo'l transportini rivojlantirishning xalqaro va mintaqaviy tendentsiyalari”mavzucida so'z yuritiladi. Unda ishtirokchilar e'tiboriga:

- Jahon va Markaziy Osiyo temir yo'l transporti infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollari;

- Markaziy Osiyo davlatlari temir yo'l tarmoqlariga axborot texnologiyalari, marketing va raqamli transport xizmatlarini joriy etish;

- Markaziy Osiyo temir yo'l transporti infratuzilmasida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va xalqaro moliya tizimlari ishtirokidagi yangi loyihalarni ishga tushirish;

- Markaziy Osiyoda yangi temir yo'l transportkoridorlarini yaratish va mavjud koridorlarni takomillashtirish;

- Markaziy Osiyo temir yo'l davlatlari temir yo'l kompaniyalari o'rtasida o'zaro hamjihatlik va hamkorlikning yangi formatlari va usullari;

- Temir yo'l tariflarini tartibga solish, shu jumladan O'zbekistonning eksport qiluvchi korxonalariga nisbatan;

- Markaziy Osiyo temir yo'l transporti infratuzilmasidan xorijiy davlatlarning dengiz portlariga chiqish uchun foydalanish;

- Markaziy Osiyo temir yo'l transporti kommunikatsiyalari rivojlanishining kompleks muammolari va cheklovlari masalalari bo'yicha turli xil davlatlardan kelgan mutaxassislarning ma'ruzalari havola qilinadi.

Ma'lumotlarga ko'ra, bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlari temir yo'llarining uzunligi 22 ming kilometrga teng. Mintaqadagi temir yo'llarning qariyib 18 foizi O'zbekiston xududidan o'tadi. So'nggi yillarda Markaziy Osiyoda o'zaro ishonch va do'stona muhit sharoitida transport loyihalarini ro'yobga chiqarish bo'yicha amaliy choralar ko'rilmoqda.

2016 yil 22 iyun kuni Angren – Pop temir yo'li ochildi. 2017 yil mart oyida esa Toshkent – Olma-Оta yo'nalishi bo'ylab tezyurar poezdlar harakati yo'lga qo'yildi. 2017 yilda Amudaryo orqali o'tadigan Turkmanobod – Forob yangi temir yo'l va avtomobil ko'priklari ochildi. Bu yuk tashish hajmini 2,5 barobar oshirish imkonini berdi. Joriy yil mart oyida G'alaba – Amuzang – Xoshadi temir yo'l liniyasi ishga tushirildi. Bu tranzit yuklarni tashishni rivojlantirishda muhim rol o'ynaydi. Bundan tashqari Turkmaniston va Afg'onistonga chiqish uchun qo'shimcha imkoniyatlar yaratadi. 2011 yilda Afg'onistondagi ilk temir yo'l – Hayraton – Mozori Sharif liniyasini bunyod etgan O'zbekiston ushbu mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga katta hissa qo'shmoqda. Istiqbolda Afg'oniston iqtisodiyotini tiklashga xizmat qiladigan "Mozori-Sharif – Hirot" temir yo'lini qurish loyihasi amalga oshiriladi. Mazkur yo'l O'zbekistonning tovar ayirboshlash va tranzit imkoniyatlarini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz, natijada esa mamlakatimiz Erondagi, shu jumladan, Bandar Abbos va Chobahor bandargohlariga to'g'ridan-to'g'ri chiqish imkoniga ega bo'ladi.

Bo'lajak konferentsiyada mintaqamiz transport-tranzit salohiyatini rivojlantirish, uni xalqaro transport xabiga aylantirish, Markaziy Osiyo orqali o'tadigan xalqaro transport yo'laklarining tranzit salohiyatidan samarali foydalanish bo'yicha takliflar ishlab chiqish kutilmoqda.

Axborot xizmati

1
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI