O'zbekiston-Tojikiston: Xalqaro hamkorlikdagi yangi rejalar muhokamasi

“O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyatida “Roxi oxani Tojikiston” davlat unitar korxonasi rahbariyati bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.  

Mamlakatimiz Markaziy Osiyoning strategik, eng muhim tranzit  xududlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, o'zaro tovar ayriboshlash, import-eksport jarayonini amalga oshirishda o'ziga xos o'rin tutadi. Shu bois qo'shni davlatlar bilan barcha sohalarda xalqaro aloqalar yaxshi yo'lga qo'yilgan. Ayniqsa, bir-biri bilan uzviy, chambarchas bog'liq temir yo'l transportida o'zaro manfaatli kelishuv asosida ish olib boriladi. Hozirgi kunda mamlakatimiz temir yo'l tizimi barcha qo'shni davlatlar bilan ishonchli hamkorlikni o'rnatgan. 

Xususan, O'zbekiston va Tojikiston temir yo'l tarmoqlari o'rtasida tranzit yuklarni tashish, vagonlarga texnik xizmat ko'rsatish, uni ta'mirlash borasida qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, o'tgan 2018 yilda ikki davlat uchun muhim bo'lgan bir qator yuklarga preferentsiyalar berildi, import-eksport tashuvlarda o'ziga xos chegirmalar taqdim etildi. Shu bilan birga yo'lovchi tashishda bir qator qulayliklar yaratildi. Bu boradagi say'i-harakatlarni yanada izchil rivojlantirish, yangi imkoniyatlarni ishga solish, manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida navbatdagi uchrashuv tashkil etildi. 

Tadbirda asosiy e'tibor yuk va yo'lovchi tashish sohasida o'zaro kelishgan holda ish olib borish, tranzit yuklari hajmlarini oshirishga qaratildi. Shuningdek, 2019 yilda ikki tomondan taqdim etiladigan chegirmalar xususida ham fikr yuritildi. 

Har ikki davlat temir yo'l tarmog'ida yuk va yo'lovchi tashishni ko'paytirish borasida yangi imkoniyatlarni ishga solish bo'yicha ham so'z yuritildi. O'zaro suhbat chog'ida ushbu masalalar atroflicha muhokama etildi va amalga oshirilishi zarur bo'lgan eng muhim vazifalar belgilab olindi. 

Uchrashuv so'nggida muhokama etilgan masalalar yuzasidan yig'ilish bayonnomasi imzolandi.

Axborot xizmati

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI