Zamonaviy o‘quv-mashg'ulot maydoni

So‘nggi yillarda tizimda keng ko‘lamdagi elektrlashtirish ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirilishi natijasida, elektrlashtirilgan temir yo‘llarning umumiy uzunligi 2890 kilometrga yetdi. Yangi elektrlashtirilgan Maroqand – Qarshi, Angren – Pop, Maroqand – Buxoro, Pop – Qo‘qon – Andijon, Qarshi – Termiz va Toshguzar – Shahrisabz temir yo‘l elektr tarmoqlarida 800 dan ortiq yosh mutaxassislar texnik xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Ularning amaliy ko‘nikmalarini oshirish elektr ta'minoti masofalarining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. 

Shu maqsadda Toshkent elektr ta'minoti masofasining “Rahimov” stansiyasidagi navbatchilik punktida namunaviy o‘quv-mashg'ulot maydoni tashkil etildi. Bu o‘quv-mashg'ulot maydoni kontakt tarmog'ining asosiy tarkibiy qismlari bo‘lgan temir-beton tayanchlar, konsollar, izolyatorlar, kesgich detallar hamda kontakt simlarining haqiqiy namunalaridan yig'ilgan yaxlit majmua bo‘lib, bu yerda mavsumiy profilaktik ta'mirlash ishlarini yosh mutaxassislarning o‘zlari mustaqil ravishda bajarish imkoniyatiga ega. Endilikda himoya vositalari va asbob-uskunalardan to‘g'ri foydalangan holda ta'mirlash yoki tiklash ishlarini amalga oshirish bilan bog'liq o‘quv-mashg'ulotlari, kasbiy bilim sinovlari ushbu maydonda olib borilmoqda.

Maydonda elektrovoz tok qabul qilgich uskunasi (pantograf) ham o‘rnatilgan. Bu, o‘z navbatida, ishchi-xodimlarga pantograf harakatida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni o‘rganish imkonini beradi. Bundan tashqari, maydonda kontakt tarmog'ida kuchlanishni masofadan o‘chirish moslamasi ham mavjud. Albatta, bu stansiya navbatchilarini masofadan boshqarish tizimiga amaliy o‘rgatish uchun juda muhim vositadir. O‘quv-mashg'ulot maydonida o‘zaro hamkorlikda Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti talabalari ham o‘z amaliy bilimlarini oshiradi. 

Shu kungacha bu yerda Xovos, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Qo‘qon va Termiz elektr ta'minoti masofalari o‘rta bo‘g'in rahbarlari ishtirokida seminar tashkil etildi. O‘zaro tajriba almashish maqsadida o‘tkazilgan mazkur tadbirda barcha elektr ta'minoti masofalarida shu kabi o‘quv maydonlarini tashkil etish tajribasi o‘rgatildi.

Axborot xizmati

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI