Uchish-qo‘nish yo‘lagi qurilishida yangi texnika

Avval xabar berganimizdek, poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 iyundagi PQ-3104 sonli "Toshkent-Sharqiy" aerodrom bazasi asosida zamonaviy fuqarolik aviasiyasi aeroport kompleksini qurish” haqidagi qaroriga muvofiq yana bir zamonaviy xalqaro aeroport barpo etilmoqda. Ushbu yirik loyiha “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan amalga oshirilmoqda. Inshootning qurilish-montaj ishlarini sifatli, zamon talablari darajasida olib borish maqsadida tajribali mutaxassislar, qudratli texnikalar jalb etilgan. 

Ma'lumki, aeroportning eng muhim ajralmas qismi bu uchish-qo‘nish yo‘lakchasi hisoblanadi. Shu bois ushbu hududni barpo etish barchaning diqqat e'tiborida, jahon tajribasidan kelib chiqqan holda bunyod etilmoqda. Kuni kecha Germaniya davlatidan uchin-qo‘nish yo‘laklarining beton qismini barpo etishga mo‘ljallangan zamonaviy majmua olib kelindi. “WIRTGEN” nomi ostida ishlab chiqarilgan mashina bir soatda 50 metrgacha bo‘lgan masofada beton ishlarini bajara oladi. Uskunaning eni 11,25 metr bo‘lib, turli o‘lchamlarda sifatli beton quyish imkoniyatiga ega.  Shuningdek, ushbu texnologiya yo‘lakning tekisligini ham avtomatik nazorat qilib boradi. 

Uchish-qo‘nish yo‘laklarini barpo etishda beton ishlari ikkita qatlamda amalga oshiriladi. Endilikda aeroport 1-yo‘lakining 2-qatlamini qurish ishlarida mazkur texnikadan foydalaniladi. Ya'ni qalinligi 40 santimert bo‘lgan jami 42 ming kub metr beton ishlari bajariladi.

Yangi aeroportda 2 ta uchish-qo‘nish yo'lagi rejaga kiritilgan. Birinchi yo‘lakning eni 75 metr bo‘lib, uzunligi 4 kilometrni tashkil etadi. Navbatdagi samolyotlarni qabul qilish punktining eni esa 60 metr. Bu erdagi qurilish-montaj ishlarida 100 dan ortiq maxsus texnikalar va yana shuncha ishchi-xodimlar ishtirok etmoqda.

Toshkent xalqaro aeroportini qurish bosqichma-bosqich olib boriladi. Kompleksning bosh rejasi “Boshtransloyiha” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqilgan. Shuningdek, bu yo‘nalishdagi qator institutlari mutaxassislari o‘z ishlanmalarini taqdim etishgan.

Loyihaga ko‘ra,  2 ta terminal bunyod etiladi. Dastlabki, terminal davlat rahbarlari va rasmiy delegatsiyalarni kutib olish uchun mo‘ljallangan. Ayni damda bu yerda qurilish-montaj ishlari olib borilyapti. Bir vaqtning o‘zida 250 nafar yo‘lovchini sig'dira oladigan navbatdagi terminal ishbilarmon va tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, kuniga 50 tonna yuk tushirish imkoniyatiga ega zamonaviy “CARGO” bo‘limini ham qurish ko‘zda tutilgan.

Кompleks doirasida bir vaqtning o‘zida 20 ta samolyotni kutib olish va jo‘natishga mo'jallangan perron ham qurilyapti. Mazkur hududda 100 markali beton ishlari davom etmoqda. Loyiha doirasidagi samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish markazi, “Boing-787”,“A-320” samolyotlari hamda 2 ta MI-8 vertolyotlarini saqlash uchun zamonaviy angarda monolit usulda fundament quyish jarayoni yakunlandi. Xalqaro aeroportni bunyod etishda bir qancha qo‘riqlash, aloqa va xavfsizlik punktlarini ham qurilishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, dispecherlik markazi va 100 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan ovqatlanish binosi ham barpo etiladi. E'tiborga molik yana bir jihat yuk tashuvchi “Boing-787-8” samolyotlari uchun to‘xtash maskani, yoqilg'i quyish shahobchasi, ma'muriyat binosi, yuqori quvvatga ega nim stansiya va yoritish tizimi ham bir vaqtning o‘zida qad rostlaydi.

Qayd etish kerak, loyihaning birinchi bosqichi 2020 yilga yakunlanishi belgilab qo'yilgan.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI