Yangi mexmonxona foydalanishga topshirildi

“O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan yurtimiz aholisi va chet ellik sayyohlarga qulayliklar yaratish, mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirish maqsadida ko'xna Xiva shahrida yana bir zamonaviy mexmonxona qurib foydalanishga topshirildi.


Inshootning tantanali ochilish marosimida Xorazm viloyati xokimi F.Ermanov, O'zbekiston temiryo'lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmalari Respublika Kengashining raisi Q.Sobirov, keng jamoatchilik vakillari, shahar va viloyat ma'muriyati mutasaddilari, faxriylar hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi. Tadbirda so'zga chiqqanlar Prezidentimiz tomonidan xalq manfaati yo'lida olib borilayotgan islohotlar, bunyodkorliklar, o'zgarishlar haqida fikr bildirishdi. 


“Xiva lokomotiv” mas'uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli yangi mexmonxona 76 o'rinli bo'lib, 41 ta har xil turdagi (2-3 kishilik, VIP) xonalardan iborat. Bino 2 qavatli bo'lib, o'zida milliy me'morchilik an'analarini aks ettiradi. Sayyohlarga qulay bo'lishi uchun mazkur bino temir yo'l vokzali yaqinida bunyod etilgan. 0,47 gektar maydonda qurilgan inshoot jahon andozalari darajasida jihozlangan. Mexmonxonaga zamonaviy isitish va sovutish tizimlari o'rnatilgan. Bu yerda yopiq turdagi basseyn va sauna, zamonaviy restoran faoliyat ko'rsatadi. 

Eng e'tiborli tomoni shundaki, mazkur mexmonxonalardan ichan qal'agacha piyoda yurib borish mumkin, transportga ham xojat yo'q. Shuningdek, mexmonxona mijozlari uchun bepul eski shaxarga oborish uchun elektro kar va ot aravalar xizmatlari joriy etilgan.

“O'ztemiryo'lyo'lovchi” AJ tomonidan ko'xna kentda bunyod etilgan mexmonxonalar soni 2 taga yetdi. Joriy yilning 19 mart kuni dastlabki “Xiva lokomotiv” mexmonxonasi foydalanishga topshirilgan edi. U 70 o'rinli bo'lib, 36 ta xonadan iborat. Shu kungacha bu yerda 6000 nafar mijozga xizmat ko'rsatilgan.  Binolar Ichan va Dishan qal'a oralig'ida joylashgan. Hozirda mazkur hududda, shuningdek, temiryo'lchilar tomonidan yana 84 o'rinli, 45 xonadan iborat mexmonxona ham qurilmoqda.

Yana bir yangilik, bu yerda temiryo'lchilar tomonidan “Xiva-Lokomotiv” istirohat bog'ini barpo etish ishlari ham qizg'in davom etmoqda. Bog'ning umumiy maydoni 10 gektarni tashkil etadi. Bu yerda 22 turdagi zamonaviy attraktsionlar o'rnatiladi. Xudud ko'kalamzorlashtirilib, 2500 dan ortiq 14 turdagi manzarali daraxt va gullar ekiladi. Shu bilan birga 3 ta musiqali favvora ham bunyod etiladi. Shuningdek, loyiha doirasida 500 kishilik amfiteatr hamda sun’iy ko'l ham quriladi.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI