Yo‘lovchilarni tashish: Belgilangan vazifalar va ularning ijrosi

Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi turizm sohasi masalalari, mavjud muammolar va ularni hal etish yo‘llariga bag‘ishlandi. Unda turizmning rivojlanishida muhim omillar – yo‘lovchilarni tashish, shu jumladan temir yo‘l transportida, talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha yangi temir yo‘l liniyalarini ochish, yo‘lovchi poyezdlari parkini kengaytirish, shuningdek, servis xizmatlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari Parlamentga qilgan murojaatida turizmni iqtisodiyotning strategik tarmog‘iga aylantirish ustuvor vazifa ekanini ta'kidladi. Shu bilan birga, transport sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va shu kungacha amalga oshirilgan ishlar, mamlakatimizning transport salohiyati to‘liq ishga solinmaganligi qayd etildi.

Yuqoridagi vazifalar yuzasidan "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ faol ish olib bormoqda. Xususan, ayni paytda "O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi" AJ Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Shveytsariya va Janubiy Koreyaning yo‘lovchi vagonlarini ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi zavodlar bilan muzokaralar olib bormoqda. Muzokaradan ko‘zlangan maqsad - yo‘lovchi tashish uchun yangi zamonaviy va qulay elektr va dizel poyezdlarini xarid qilishdir. Iqtisodiy va texnik jihatlar, boshqa muhim ko‘rsatkichlar, shuningdek, mazkur harakat tarkiblarni sotib olish shartlari o‘rganilmoqda.
 
Bundan tashqari, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi so‘lim tog‘li hududlarga xorijiy sayyohlarni jalb etish va ichki turizmni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha navbatdagi loyiha amalga oshirila boshlandi. Poytaxtimizdagi "Toshkent-Markaziy" temir yo‘l vokzalidan tezyurar poyezdlarni ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi yo‘lovchilar uchun alohida kutish zali tashkil etiladi. Asosiysi, platformaga alohida kirish joyi bo‘ladi. Bundan tashqari, vokzalga kirish nafaqat qog‘ozli va elektron chiptalar orqali, balki QR-kod bilan ham amalga oshiriladigan maxsus turniketlar joriy etiladi.

Ta'kidlash joizki, bugungi kunda "E-ticket" elektron temir yo‘l chiptalarini sotib olish bo‘yicha mavjud tizim modernizatsiya qilinmoqda. Xususan, mazkur sayt 2019 yilning sentabr oyida ishga tushirilgan bo‘lib, chiptani qaytarish, vagondagi joyni tanlash kabi keng doiradagi funksiyalar joriy etildi. Shuningdek, elektron chiptalarni chiptaxonalarda rasmiylashtirish zaruriyatiga xojat qolmadi (faqat xalqaro yo‘nalishiga sotib olingan chiptalar kassalarda rasmiylashtiriladi, yaqin orada bunga ham xojat qolmaydi). Bundan tashqari, IOS va Android platformalarida ishlaydigan mobil ilovalar ishlab chiqildi. "Master Card", "Visa", "Maestro", "Union Pay", "Amerikan Express" kabi xalqaro to‘lov tizimlari bilan elektron temir yo‘l chiptalarini xarid qilish tizimi integratsiyasi bo‘yicha mutaxassislar tomonidan ish olib borilmoqda.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI