Noyob temir yo‘l texnikasi O‘zbekistonga keltirildi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan MDH mamlakatlari orasida yagona sanaladigan va Germaniyaning “KIROW ARDEL GmbH” zavodida ishlab chiqarilgan MULTI TASKER KRC 1200UZ nomli so‘ngi rusumdagi ko‘p tarmoqli ko‘tarma mexanizm (kran) sotib olindi. Ushbu texnika qismlarga bo‘linib temir yo‘l orqali Polsha, Belarus, Rossiya va Qozog‘iston davlatlari orqali Leyptsigdan Toshkentga keltirildi.

Mazkur ko‘tarma mexanizm “To‘qimachi” stansiyasi hududidagi “Tiklash poyezdi” korxonasida germaniyalik va o‘zimizning temiryo‘lchi mutaxassislar tomonidan 7 kun davomida yig‘ilib, belgilangan tartibda dastlabki sinovdan o‘tkazildi. Barcha sinov natijalariga ko‘ra kranning texnik ko‘rsatkichlari belgilangan talablarga to‘liq javob berdi. Shundan so‘ng yangi mexanizm “Qo‘qon mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi tasarrufidagi “Tiklash poyezdi” korxonasiga yetkazildi. 

– Tarmoq tasarrufidagi 13 ta “Tiklash poyezdi” korxonasi mamlakatimiz temir yo‘llarining tog‘li va cho‘l zonalarida joylashgan bo‘lib, temir yo‘l tizimida sodir bo‘lishi mumkin favqulodda holatlarda xizmat ko‘rsatishga kechayu-kunduz tayyor turadi, – deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning Texnik va texnologik nazorati boshqarmasi boshlig‘ining ko‘tarma inshootlar bo‘yicha muovini Hasan Matiev. – Buning uchun korxonalar tajribali mutaxassislar va zamonaviy texnikalar bilan to‘liq ta'minlanmoqda. Germaniyadan keltirilgan ko‘tarma mexanizmi ham uchastka yo‘llaridagi nosozliklarni bartaraf etib, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan avariya holatlarini qisqa fursatda bartaraf etishda juda qo‘l keladi. Ushbu zamonaviy texnika “Qo‘qon mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi hududidagi uchastka yo‘llari uchun foydalanilib, Qo‘qon “Tiklash poyezdi” korxonasi balansida bo‘ladi. 

Bugungi kunda temir yo‘llari mavjud bo‘lgan har qanday mamlakat uchun bu kabi ilg‘or texnikaga talab bor. Chunki, ushbu noyob texnika qulayligi va afzalligi, favqulodda holatlarda sodir bo‘lgan avariya holatlarini qisqa fursatda bartaraf etish imkonini beradi. Mazkur zamonaviy mexanizm Angren – Pop yo‘nalishidagi 19,2 kilometrlik temir yo‘l tunneli xavfsizligi uchun foydalanilishi hamda “Qo‘qon mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi hududlaridagi temir yo‘l liniyalaridagi avariya holatlarini bartaraf etishga, tog‘li hududlarda, cho‘l zonalarida ishlashga mo‘ljallangan.

Mutaxassislarning aytishicha, mazkur kran mamlakatimiz temir yo‘llaridagi mavjud ko‘tarma mexanizmlarga qaraganda joylarda o‘rnatilishi jihatidan 2 barobar kam vaqt oladi. Misol uchun eski texnikalarni o‘rnatish va ishlatish uchun 1 soat vaqt ketgan bo‘lsa, ushbu zamonaviy texnikani o‘rnatish ishlari uzog‘i bilan 30 daqiqani talab etadi. Barcha jihozlar elektronlashtirilgan bo‘lib, texnika faoliyati, ko‘tarma jarayonining kechishi va hatto ko‘tarilayotgan yuk og‘irligini monitorda ko‘rsatiladi. Shu bilan birga o‘z o‘qi atrofida 360 gradusga aylanib, mo‘ljallangan yuklarni kerakli holatga qo‘yish xususiyatiga ega. Yana bir muhim jihat, avvalgi kranlarning faol ishlashi uchun 380 V elektr energiyasi talab etilardi. Yangisi esa dizel yonilg‘isida o‘t oldirilgach, barcha qurilmalar gidravlik xususiyatga ega va ko‘tarma ishlarini 24 V elektr energiyasi bilan amalga oshiradi. Zamonaviy texnika elektrovozlarga ulangach, soatiga 100 kilometrgacha tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan. Bu esa favqulodda holatlarda ko‘tarma mexanizmni avariya sodir bo‘lgan hududga zudlik bilan yetkazish imkoniyatini beradi.

Mazkur zamonaviy texnikadan foydalanish uchun Qo‘qon tiklash poyezdining 6 nafar mutaxassisi Germaniya davlatida 10 kun mobaynida malaka oshirib qaytdi. Shartnoma kelishuviga ko‘ra 2 yil davomida ushbu texnikaga germaniyalik mutaxassislar tomonidan bepul servis xizmat ko‘rsatiladi. Ko‘tarma mexanizm Qo‘qon tiklash poyezdi korxonasiga yetgazilgach, Germaniyadan kelgan 4 nafar mutaxassis ushbu texnikadan foydalanadigan kran mashinistlariga qo‘shimcha o‘quv-mashg‘ulotlari o‘tkazishdi.  Yana bir e'tiborga molik jihat: ushbu texnika nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlari temir yo‘llarida balki, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari orasida ham birinchi bo‘lib O‘zbekiston temir yo‘llarida foydalanmoqda. 

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI