Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

17:15:06 (GMT +5), yakshanba, 12 iyul 2020

Temir yo‘llardada xavfsizlikni ta'minlashda fuqarolarimiz ham daxldor

Temir yo‘l transportida yo‘lovchilar va poyezdlar xavfsizligini ta'minlash, po‘lat izlar yaqinida istiqomat qiladigan aholi o‘rtasida turli baxtsiz hodisalar hamda temir yo‘l bilan avtomobil yo‘li kesishmalarida avtotransport ishtirokida sodir bo‘layotgan voqealarini oldini olish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri.

Mazkur mavzuga va unga oid boshqa masalalarni muhokama qilish maqsadida Toshkent markaziy vokzalida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamda Ichki ishlar vazirligi Transportda xavfsizlikni ta'minlash bosh boshqarmasi tashabbusi bilan “Temir yo‘l transportida yo‘lovchilar xavfsizligini ta'minlash: 2019 yil tahlili va 2020 yil rejalari” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. Unda Transport prokuraturasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yong‘in nazoratini tashkil etish bosh boshqarmasi mutaxassislari hamda mahalla fuqarolar yig‘ini faollari ishtirok etdi.

Ma'lumki, poyezd orqali bir shahardan boshqa shaharga xavfsiz yetib borayotgan yo‘lovchilarga sharoitni yaratish ortidagi davlatimizning katta-katta mablag‘lari evaziga tashkil etilgan zamonaviy infratuzilma, servis xizmatlar, mutaxassislarning zahmatli mehnati alohida o‘rin tutishi shubhasizdir. Bugungi kunda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, Ichki ishlar vazirligi, Transportda xavfsizlikni ta'minlash bosh boshqarmasi, Transport prokuraturasi mutaxassislari tomonidan xorijlik sayyohlar va mahalliy yo‘lovchilar xavfsizligini, manzilga beshikast yetib borishini ta'minlashda kunu tun zaruriy choralar ko‘rilishi natijasida mamlakatimizda avvalam bor xavfsiz va yuqori servis xizmatiga ega transport tizimi shakllandi. Ammo olib borilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlarga qaramay so‘nggi yillarda aholi va avtomobillarning temir yo‘lning belgilanmagan hududlaridan o‘tishi sababli ko‘ngilsiz hodisalar yuz berayotgani, yo‘lovchi poyezdlarga turli jism va tosh otib, xalq mulkiga moddiy zarar yetkazayotgan fuqarolarning oramizda uchrab turayotgani achinarli hol.


– O‘rganishlar natijasida so‘nggi yillarda temir yo‘l hududlarida sodir bo‘layotgan baxtsiz hodisalarning aksariyati spirtli ichimlik ichgan fuqarolar yoki yoshlarning quloqchin taqib olishi natijasida ro‘y bermoqda, – deydi Toshkent mintaqasi temir yo‘l transportida XTB JTSB boshlig‘i, mayor D.Ashurov. – Biroq temir yo‘l hududlarida aholi xavfsizligini ta'minlash, baxtsiz hodisalarni kamaytirish maqsadida Ichki ishlar vazirligi Transportda xavfsizlikni ta'minlash bosh boshqarmasi, Transport prokuraturasi, mahalla fuqarolar yig‘ini faollari hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari hamkorligida keng qamrovli chora-tadbirlar ko‘rilayotgani sababli yildan-yilga ijobiy natijalarga erishilmoqda. 

Toshkent mintaqasidagi temir yo‘l transportida XTB HPB boshlig‘i podpolkovnik U.Abdullaevning aytishicha, olib borilgan profilaktik tadbirlar natijasida 2019 yilning 12 oyi yakuniga ko‘ra jami qayd etilgan jinoyatlar soni 89 ta bo‘lib, 2018 yilga nisbatan (2018 yilda 119ta) 30 taga yoki 25 foizga kamaygan. Olib borilgan tezkor profilaktik tadbirlar natijasida yo‘lovchi poyezdlarining vagon oynasini sindirish holati 2 tani tashkil etib, (2018 yil 7ta) 2018 yilga nisbatan 5taga kamayishiga erishildi.

Davra suhbati ishtirokchilari, jumladan jurnalistlarning transport tizimida xalqimiz va xorijlik sayyohlar uchun yaratilayotgan qulayliklar, yo‘lovchilar xavfsizligini ta'minlashda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda ayrim fuqarolarimiz tomonidan temir yo‘lning belgilanmagan hududlaridan noqonuniy o‘tishi oqibatida sodir bo‘layotgan ko‘ngilsizliklar sabablari haqida berilgan savollariga mutaxassislar atroflicha javob berishdi.

Ishtirokchilarga favqulodda holatlarda yo‘lovchilar xavfsizligini ta'minlash maqsadida Kanadada ishlab chiqarilgan masofadan turib boshqariladigan texnikalar: portlovchi qurilmani joyida zararsizlantiradigan pushka, shubhali buyumlarni suratga oladigan rentgen apparati mutaxassislar yordamida ko‘rsatilib, qulayliklari va afzalliklari haqida to‘liq ma'lumot berildi.

Davra suhbatida kinologiya xizmati tizimida amalga oshirilgan yangiliklar, xususan, 2019 yilda Vengriya davlatidan keltirilgan zotli itlardan xavfsizlikni ta'minlashda, inson hayotini saqlashda hamda turli shubhali buyumlarni aniqlashda unumli foydalanilayotganligi aytib o‘tildi. Ayniqsa, tizimda xorijlik sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida turist politsiyasi xizmatining yo‘lga qo‘yilishi va ularning bir nechta xorijiy tillarni bilishi sayyohlarga qo‘shimcha qulaylik bo‘layotgani e'tirof etildi.

Uchrashuvda poyezdlarning avtomobil yoki aholini urib yuborishini oldini olishda qudratli texnikani to‘xtatish imkoniyati qay darajada, degan savol ham berildi. Ushbu savolga “O‘zbekiston” lokomotiv deposi mashinisti Umid Xursanov atroflicha javob qaytardi:

– Bugungi kunda zamonaviy poyezdlarimiz soatiga 160 kilometrgacha, “Afrosiyob” poyezdi esa soatiga 250 kilometrgacha tezlikda harakatlanadi. Bunday tezlikdagi poyezdni favqulodda to‘xtatish oson emas. Belgilangan yo‘riqnomaga ko‘ra poyezdni boshqarayotgan mashinist po‘lat izlar yo‘lida avtomobil aholi yoki chorva mollari harakatlanayotganini uzoqdan ko‘rishi ob-havoga ham bog‘liq. Mashinist favqulodda holatni ko‘rgach, dastlab kuchli signal chaladi, shunda ham natija bo'lmasa 600-700 metr qolganda tormoz bosadi. Belgilangan yo‘riqnomaga ko‘ra bu holatda yo‘l nishabligi tekkis bo‘lsa, yuk va yo‘lovchi poyezdi og‘irligiga qarab “og‘ir karvon”lar 680 metrdan 1083 metrgacha bo‘lgan hududda to‘xtaydi. 

Davra suhbati so‘nggida mutaxassislar “Qars ikki qo‘ldan chiqadi” naqliga amal qilgan holda nafaqat huquq-tartibot yoki temir yo‘l xodimlari, balki yo‘lovchilar ham o‘z xavfsizligiga daxldorlik tuyg‘usini his qilsagina, bu sohada jinoyatlar soni yanada kamayib, yo‘lovchilar xavfsizligini ta'minlash va turli baxtsiz hodisalar oldini olishga erishish mumkinligi aytib o‘tildi.


Axborot-tahliliy media markazi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko‘rinish