"Qo‘qon – Andijon – Qo‘qon": Yangilangan variantdagi elektrichka yo‘lga qo‘yildi

Kuni kecha Qo‘qon temir yo‘l vokzalidan “Qo‘qon – Andijon – Qo‘qon” yo‘nalishida zamon talablariga to‘liq javob beradigan, yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklarga ega elektrichkaning shaharlararo qatnovi yo‘lga qo‘yildi. 

10 millionga yaqin aholiga ega Farg‘ona vodiysida yo‘lovchilar uchun shaharlararo qulay transport tizimini shakllantirishga katta ehtiyoj bor. Shu bois “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan vodiy viloyatlarini temir yo‘l orqali bir-biriga bog‘lash hamda xalqimiz uchun xavfsiz va qulay transport tizimini yaratishga katta ahamiyat qaratilmoqda. 

Endilikda “Qo‘qon – Marg‘ilon – Andijon” yo‘nalishi bo‘yicha har kuni ikkitadan elektropoyezd yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi. Ushbu yo‘nalish Andijon va Farg‘ona viloyati aholisi uchun xavfsiz va arzon transport turi sifatida katta qulaylik bo‘ldi. 

Yangilangan variantdagi zamonaviy va qulay elektrichkada yo‘lovchilar uchun barcha sharoitlar mavjud. Vagonlarda qishda issiq, yozda salqin harorat ta'minlanadi. Yo‘lovchilar vagondagi yumshoq o‘rindiqlardan joy olib, o‘rnatilgan monitorlarda manzilga yetgunga qadar kontsert dasturlarini tomosha qilib, yangiliklardan ham xabardor bo‘ladi.

Ertalabki soat 06:22da Qo‘qon vokzalidan chiqqan poyezd soat 9:03 da Andijon vokzaliga yetib keladi. Masofaning umumiy uzunligi 136 kilometrni tashkil etib, elektrichka bu yo‘lni 2 soat 45 daqiqada bosib o‘tadi. Andijondan shu poyezd 10:10da jo‘nab Qo‘qon shahriga soat 12:57 da qaytadi. Soat 14:50 da poyezd yana shu yo‘nalish bo‘yicha orqaga qaytib Andijonga 17:55 da kirib boradi. Bir kunlik so‘ngi reys 20:55 da Qo‘qon shahriga yo‘lovchi poyezdining kirib borishi bilan yakunlanadi. 

Elektrichka o‘z yo‘lida 9 ta vokzalda to‘xtab o‘tadi. Muhimi chiptalar hamyonbop. Masalan, Qo‘qondan Oltiariqqa qadar – 3000 so‘m, Quva va Marg‘ilongacha – 5000 so‘m, Qo‘qondan Andijongacha esa – 7000 so‘mni tashkil etadi.

Ta'kidlab o‘tish lozimki, “Qo‘qon – Marg‘ilon – Andijon” yo‘nalishi uchun qatnovga qo‘yilgan elektrichkalar ham tarmoq tasarrufidagi vagon depolarida qayta ta'mirlanib, yo‘lovchilar uchun ham xavfsiz, ham qulay va sifatli ko‘rinishga keltirildi. Ayni paytda “Toshkent – Xo‘jakent –Toshkent” hamda “Toshkent – Guliston – Toshkent” yo‘nalishida harakatlanadigan elektrichkalar ham sifatli ta'mirlash jarayonidan o‘tkazilmoqda.

Axborot-tahliliy media markazi

1
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI