Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

21:25:42 (GMT +5), juma, 3 iyul 2020

Zangiota tumanidagi yangi ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasasi

Bugun, 29 may kuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Zangiota tumanida barpo etilayotgan ko‘p tarmoqli maxsus shifoxona qurilishi bilan tanishdi.


Zangiota tumanida bemorlarni qabul qilishga mo‘ljallangan 2 ta virusologiya shifoxonasi qurilayotgani haqida avvval xabar bergan edik. Bunda yuqumli kasalliklar xususiyati va zamonaviy tibbiyot talablari inobatga olingan. Ushbu bunyodkorlik ishlarida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamda “Enter Engineering Pte.Ltd” kompaniyasi mutaxassislari ham salmoqli hissa qo‘shdilar.

Qayd etish kerakki, 23 mart kuni 33 gektar bo‘sh yotgan yer maydonida bunyodkorlik ishlari boshlangan. Maxsus shifoxona kompleksini barpo etishda dastlab mustahkam poydevor ishlari bajarilib, yengil konstruksiyalar asosida bino devorlari, tom va ichki qismi xonalarga ajratilgan holda qurildi. Shundan so‘ng temir konstruksiya va plastik qurilish mahsulotlaridan unumli foydalanildi. Har bir xona talab darajasidagi holatga keltirildi. Xususan, statsionar joylarning hammasi bokslangan, har bir xona avtonom. Biridagi havo boshqasiga o‘tmaydi. Ularga kirib-chiqish ham, xizmat ko‘rsatish ham alohida. Kasallar kelgach, qabul bo‘limidan tambur orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z palatasiga joylashtiriladi.

Barcha korpuslar, bo‘linmalar toza va notoza yo‘laklar bilan ajratilgan. Toza yo‘lakdan faqat tibbiy personal o‘z vazifasini bajarish uchun foydalanadi. Shifokorlar harakatlanish chog‘ida sanitar o‘tkazgichlar orqali o‘tadi. Bu barchaning – tashxisi noaniq bo‘lganlar, vrachlar va boshqa xizmatchilarning xavfsizligini ta'minlash imkonini beradi.

Davlatimiz rahbari kasalxonada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Mutasaddilar bilan suhbatda undan oqilona foydalanish, tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish muhimligi ta'kidlandi.


- Bunday zamonaviy shifoxonani qurish sermashaqqat, undan samarali foydalanish esa undan ham qiyin. Shuning uchun bu yerga vrach emas, tashkilotchi odam rahbar bo‘lishi kerak. Xodimlarning maoshi bonus tizimida bo‘lishi zarur. Natija yaxshi bo‘lsa, yaxshi daromad olishsin, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muassasa 2 ming o‘ringa mo‘ljallangan. Lekin 4 ming o‘ringacha transformatsiya qilish imkoniyati bor.

Davlatimiz rahbari qabul bo‘limi, karantin zonasi, laboratoriya va muolaja xonalari, sanitar-yuvinish joylarini sinchiklab ko‘zdan kechirdi. Videoaloqa orqali Qoraqalpog‘iston va viloyatlardagi shifokorlar bilan muloqotda bo‘ldi. Telemeditsina bo‘yicha kompleks tizim yaratish, tumanlardan viloyat kasalxonalariga, undan respublika markazlariga bog‘lanish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish, shu bilan birga, tibbiyot xodimlarini bu bo‘yicha o‘qitib, tajriba almashuvni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

72 o‘rinli reanimatsiya bo‘limida har bir koyka sun'iy o‘pka ventilyatsiyasi va davolash apparatlari bilan jihozlangan. Bu bo‘limni kardiologiya, nevrologiya, pediatriya kabi turli yo‘nalishlar bo‘yicha jihozlash ham mumkin.

  

Jarrohlik zallariga havo tepadan beriladi va yon tomonlardan so‘riladi. Natijada doimiy sterillik ta'minlanadi.

Prezidentimiz mazkur muassasada ish boshlaydigan tibbiyot xodimlari bilan suhbatlashdi.

- Mana shunday yangi shifo maskanlari qurib, xususiy tibbiyotni ham rivojlantirib, raqobatli meditsina yaratyapmiz. Endi shunga munosib zamonaviy vrach va hamshiralar kerak. O‘z ustingizda tinimsiz ishlab, jahondagi yutuqlarni o‘rganib, xalqimizga xizmat qilishingiz lozim, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Ko‘p shifoxonalar, diagnostika markazlari tarqoq joylashgan. Tashxis qo‘yish va davolash sifati talabga javob bermaydi. Mablag‘ esa sarflanib yotibdi. Davlatning bir so‘mi ham xalqimizga nima manfaat beryapti, degan savol har bir ishda mezon bo‘lishi kerak, - dedi Prezident.

Qayd etish lozim, mazkur tibbiyot muassasasining bunyodkorlik ishlari 3 smenada tashkil etilgan bo‘lib, unda 2000 nafarga yaqin sohaning eng tajribali quruvchilari mehnat qildi. Qurilish maydonida mingdan ziyod maxsus texnikalardan ham foydalanildi. Hududga qurilish ashyolari, zarur mahsulotlarni o‘z vaqtida yetkazib turilishi ob'yektni qisqa fursatda sifatli bajarilishiga zamin yaratdi. Ishchi-xodimlar ham mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi hamda sanitariya va gigiyena talablariga qat'iy amal qilgan holda faoliyat ko‘rsatishdi. Ular uch mahal issiq oziq-ovqat mahsulotlari bilan muntazam ta'minlanib turildi.

Albatta, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ quruvchi mutaxassislarining ishtirokida bunyod etilgan mazkur shifoxona nafaqat pandemiya davrida og‘rigan bemorlarni shifo topishida, balki kelgusida turli kasallik tashxislari bilan keltirilgan yurtdoshlarimizni sog‘ligini tiklashda muhim shifo maskanlaridan biriga aylanishi shubhasiz. Zero bu yerda davolaydigan shifokorlar uchun ham, davolanadigan bemorlar uchun ham zamon talablariga to‘liq javob beradigan sharoitlar yaratildi. 

Axborot-tahliliy media markazi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko‘rinish