“Toshkent metropoliteni” unitar korxonasi: SERGELI LINIYASIDA DASTLABKI RELSLARNI O‘RNATISH ISHLARI BOSHLANDI

Mamlakatimiz poytaxti Toshkentning Sergeli tumani shahrimizning eng katta, ko‘rkam va yil sayin rivojlanayotgan tumanlaridan biriga aylanib bormoqda. Bugun bu yerda katta, zamonaviy aholi yashash mavzesi paydo bo‘ldi. 

Oxirgi 3 yilda tumanda 19 ming 522 xonadonli 460 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi. 26 ta na'munaviy ko‘rinishdagi mahalla guzari barpo etildi. Shu davrda bu yerga 100 mingdan ziyod aholi ko‘chib kelib, jami aholi 276 ming nafardan oshib ketdi. Ma'lumki, Sergeli tumani poytaxt markazi bilan asosan Yangi Sergeli ko‘chasi orqali bog‘langan. Aholining ortib borishi esa shundoq ham ko‘pincha tirband, avtobuslar tiqilinch bo‘ladigan ushbu ko‘chaga yanada qo‘shimcha yuklama bo‘ladi. Bu esa ushbu tumanda istiqomat qilayotgan aholi uchun qulay va xavfsiz transport kommunikasiya tizimini yanada rivojlantirishni taqozo etadi. Bunday sharoitda yer usti metrosi juda qo‘l keladi. Prezidentimiz bu masalaga doimiy e'tibor qaratib kelmoqda.

Joriy yilning 29 may kuni Sergeli tumani faollari bilan o‘tgan uchrashuvda ham transport infratuzilmasini rivojlantirish choralari muhokama qilinib, Sergeli yer usti metrosini joriy yil sentyabr oyida foydalanishga topshirish vazifasi qo‘yildi. Davlatimiz rahbari 4 iyun kuni Toshkent shahrida yangi yo‘l va ko‘prik loyihasi bilan tanishar ekan, piyodalar harakati uchun sharoit yaratish barobarida odamlarning halovati, salomatligi ustuvor bo‘lishi kerakligini ta'kidladi. Aslida yer usti metrosini loyihalash davridayoq xuddi shu jihatlarga alohida e'tibor qaratilgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 29 noyabrdagi “Toshkent metropolitenining Sergeli liniyasini qurish” loyihasini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-2664-sonli qarori ijrosi asosida amalga oshirilayotgan estakada shaklidagi yer usti metrosining umumiy qiymati 82,66 million AQSh dollaridan iborat bo‘lib, 47,56 millioni O‘zbekiston byudjet mablag‘lari, 35,1 million dollari esa Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining kredit mablag‘lari hisobiga to‘g‘ri keladi. Ushbu mega-loyihaning bunyodkorlik ishlari 2017 yilning dastlabki oyida boshlangan edi. Ob'ekt loyihasi “Boshtransloyiha” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan tayyorlangan bo‘lib, bunyodkorlik ishlari “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasi mutaxassislari tomonidan amalga oshirilmoqda. Sergeli metro liniyasi bugungi kungacha Markaziy Osiyoda qo‘llanilmagan butunlay yangicha estakada usulida bunyod etilmoqda. Ya'ni mazkur yo‘l ko‘priksimon tarzda qurilmoqda, poyezdlar yer ustida harakatlanadi.

— Belgilangan loyihaga asosan Sergeli yo‘nalishining umumiy uzunligi 6,94 kilometr bo‘lib, “Chosh-tepa”, “Toshkent halqa yo‘li”, “Sergeli”, “Afrosiyob”, “Qipchoq” va “Chinor” bekatlaridan iborat, — deydi “Toshkent metropoliteni” unitar korxonasining Toshkent metropoliteni liniyalarini qurish direksiyasi boshlig‘i Soyibjon Jo‘raev. — Ayni paytda bekatlar va ularning oralig‘ida belgilangan reja bo‘yicha “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasining tajribali mutaxassislari tomonidan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Qurilish-montaj jarayonlarining keng ko‘lamda olib borilishini ta'minlash maqsadida zarur bo‘lgan 60 ta zamonaviy texnika va mexanizmlardan unumli foydalanilmoqda. Ob'ekt qurilishida 700 dan ortiq mutaxassislar 2 smenada ish bilan band.

O‘tgan vaqt davomida barcha 6 ta bekatning 5 tasi va ularning oralig‘idagi tayanch ustunlar uchun poydevor quyish ishlari Germaniya texnologiyasi asosida burg‘ulash uslubida yuqori sifatda amalga oshirilib, estakada tayanch ustunlari to‘liq o‘rnatib chiqildi. Ularning orasiga 26 metrlik balkalar sifatli va mustahkam montaj qilinmoqda. Shuningdek, bekatlarga eskalator o‘rnatish uchun poydevor, g‘isht terish, tashqi fasadni marmar bilan qoplash, elektr yoritish uchun simlar yotqizish ishlari ham yakuniga yetmoqda. Yo‘lovchi platforma to‘sinlarining montaj ishlari hamda metall konstruksiyalarni o‘rnatish ishlari davom etmoqda. 

Ta'kidlash lozimki, Toshkent metropoliteni Sergeli liniyasining “Chosh-tepa” bekati Chilonzor yo‘nalishidagi “Olmazor” yer osti bekati bilan bog‘lanadi. Belgilangan loyihaning ushbu murakkab yechimini amalga oshirishda quruvchi temiryo‘lchilar “Chilonzor” elektrodeposi hududida chap va o‘ng tayanch devorlarini o‘rnatish bo‘yicha 21 550 m3 hajmdagi yer ishlarini yakuniga yetkazishdi. Ayni paytga qadar bu yerda dastlabki rel'slar yotqizish ishlari boshlab yuborildi. “Toshkent halqa yo‘li” bekatidan “Sergeli” bekatiga qadar qariyb 600 metrga yaqin relslar yotqizildi. Ushbu yo‘nalishning tunnel qismi Toshkent metropolitenining Chilonzor yo‘nalishidagi “Olmazor” yer osti bekatiga ulandi va tunnelni qayta ko‘mish ishlari yakunlanib, asfalt qoplamasi tiklandi. E'tiborlisi “Chosh-tepa” bekati yangi liniyaning dastlabki estakada shaklidagi bekati bo‘ladi.

Undan keyn esa “Toshkent halqa yo‘li” bekati keladi. Bu yerda ham tayanch ustunlarga hamda eskalator o‘rnatish uchun poydevorlar, g‘isht terish, tashqi fasadni mramor bilan qoplash, elektr yoritish uchun simlar yotqizish ishlari yakunlanib, hozirgi kunda bekatning ichki bezak ishlari so‘nggi bosqichda amalga oshirilmoqda. Bekat tomining metall konstruksiyalarini o‘rnatish ishlari yakunlandi. Loyiha bo‘yicha jami 34 ta metall ferma o‘rnatildi. Bekatning platforma qismini betonlash ishlari ham to‘liq yakunlanib, ichki pardozlash ishlari davom etmoqda. Perronlarga mrammir plitalar yotqizilmoqda. “Sergeli” bekatida esa poydevor quyish uchun qazish, g‘isht terish va eskalator poydevorini quyish ishlari to‘liq yakunlangan. Bekat metall tomining 770,6 m2 qismini o‘rnatish ishlari tamomlandi. Hozirgi kunda bekatning ichki va tashqi devorlarini pardozlash ishlari uchun tayyor xolga keltirilgan.

Afrosiyob” va “Qipchoq” bekatlarida bino poydevorlarini qazish va beton quyish, bekatlarda tashqi va ichki oraliq devorlariga g‘isht terish ishlari yakunlanib, suvoq ishlari 100 foiz tugatildi. Bundan tashqari “Afrosiyob” bekatining platforma qismiga 100 foiz oraliq temir-beton balkalari o‘rnatildi. Sergeli liniyasining loyiha smetasi hujjatlarida ko‘rsatilgan jami 1 ming 686 dona temir-beton balkaning 64,4 foizi yoki 1 ming 86 donasi, 254 dona tayanch ustun rigelining 86,6 foizi yoki 220 donasi o‘rnatilib, 265 dona tayanch ustunlarining 83,0 foizi yoki 220 donasi (opora) hamda 580m tunnel qismida qurilish ishlari yakunlandi.

Tajribali mutaxassislar tomonidan barpo etilayotgan barcha yer usti metro bekatlarida zamonaviy texnikalardan, sifatli qurilish materiallaridan foydalanilmoqda. Xususan, imkoniyati cheklangan yo‘lovchilar uchun ham bekatlar platformasida xavfsiz taktil plitkalar yotqizilishi hamda yo‘lovchilarning platformalarga ko‘tarilishi uchun zamonaviy lift va eskalator, xavfsizlikni ta'minlash maqsadida bekatlarda zamonoviy video-kuzatuv uskunalari, IT rusumdagi zamonaviy turniketlar hamda elektr tejaydigan yoritish chiroqlari o‘rnatiladi. Mobil aloqa uskunalari ham elektr quvvatlagichlar bilan jihozlanadi. Qurilish ob'ektlariga sifatli materiallarning o‘z vaqtida yetkazilishi bunyodkorlik ishlarini tez va mustahkam barpo etilishiga zamin yaratyapti. Ishchi-xodimlarning mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalariga hamda balandlikda ishlashda xavfsizlik talablariga to‘liq rioya etishlariga katta ahamiyat qaratilmoqda. Har bir mutaxassis va xodim koronavirus pandemiyasidan saqlanish maqsadida sanitariya va gigiena talablariga qat'iy rioya etgan holda faoliyat olib bormoqda.

2019 yilning aprel oyida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va Rossiyaning “Metrovagonmash” aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida Toshkent shahridagi yer usti metropoliteni uchun harakatlanuvchi har biri 4 vagondan iborat 5 ta metro poezdini (jami 20 ta vagon) xarid qilish bo‘yicha imzolangan shartnomaga ko‘ra bugungi kunga qadar “Metrovagonmash” aksiyadorlik jamiyatida mazkur poyezdlar tayyorlanib, yurtimizga keltirildi. Kelgusida Toshkent metropoliteni uchun yana 10 ta poyezd xarid qilinishi ko‘zda tutilgan.

Axborot-tahliliy media markazi.

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI