Yoshlar o‘quv-seminarida davlat tili masalalariga ham e'tibor qaratildi

O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 25 avgustdagi "O‘zbekiston Respublikasi yoshlari kunini belgilash to‘g‘risida"gi qonuniga muvofiq, 30 iyun "yoshlar kuni" deb belgilangan. Shu munosabat bilan respublikamizning barcha hududlarida "yoshlar oyligi" o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston temir yo‘llari tizimdagi yoshlar yetakchilarining malakasini oshirish maqsadida ZOOM platformasi orqali onlayn tashkil etilgan o‘quv-seminari ham ana shu oylik doirasida o‘tkazildi. 25 nafar yoshlar yetakchilari ishtirok etgan tadbirda bugungi kunda mamlakatimiz hamda temir yo‘l sohasida yoshlarga oid davlat siyosati borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida, yoshlarni qiynayotgan muammolar, yuzaga kelayotgan kamchiliklar to‘g‘risida ochiq muloqot olib borildi. Yetakchi yoshlar o‘z ish tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

O‘quv-seminarda mamlakatimiz ayni kunlarda olib borilayotgan islohotlardan biri – Davlat tili nufuzini oshirish va Davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil etish masalasi haqida ham alohida to‘xtalib o‘tildi. "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ boshqaruv raisining ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun xujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi N.E.Babaxalov "ish yuritishni davlat tilida tashkil etish to‘g‘risida" mavzusida yoshlarga batafsil ma'lumot berib o‘tdi. Xususan, "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ tasarrufidagi barcha korxona va tashkilotlarda "Davlat tili haqida"gi qonun talablari hamda davlatimiz rahbarining 2019 yil 21 oktyabrdagi "O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida bir qator amaliy ishlar tashkil etilayotgani ta'kidlab o‘tildi.

Shuningdek, davlat tilida ish yuritish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, vazifalar va kamchiliklar haqida yoshlarga ma'umot berildi. Yoshlar yetakchilarining Davlat tili to‘g‘risidagi qonun talablariga asosan o‘z korxonalarida olib borilayotgan amaliy ishlarda faol ishtirok etishlari muhim ekanligi alohida ta'kidladi. Ma'lumki, har bir millatning ko‘zgusi, ramzi, madaniyatining o‘zagi tildir. Tilning saqlanishi jamiyat taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi. U xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat, an'analarini saqlaydi. Shunday ekan, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e'tiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shishda har birimiz ona tilimizga chuqur hurmat bilan yondoshishimiz kerak. Tadbirda boshqaruv raisi maslahatchisi N.E.Babaxalov shular haqida so‘zlar ekan, yoshlarga qarata shunday dedi:

"Biror davlat haqida gapirsak, eng avvalo, o‘sha davlatdagi millat vakillari ko‘z oldimizda keladi. Ularning urf-odatlari, fe'l-atvorlari, madaniyati va eng asosiysi o‘zlarining ona tillari belgilab beradi. Har bir millatning o‘zligini namoyon etishida tilning ahamiyati kattadir. Shu ma'noda, o‘z ona tilimiz o‘z tilimizni asarshimiz, avaylashimiz, hurmat qilishimiz kerak. Ming afsuski, yoshlar orasida bu so‘zlarning ma'nosiga yetmaydiganlari ham uchrab turadi. O‘zaro so‘zlashuv, yozishuvlarda ham ona tilimizni sof holda ishlatishimiz ona tilimizga hurmatimizni bildiradi. Ona tilimiz g‘ururimiz, faxrimizga aylanishi kerak".

Tadbir ishtirokchilari – yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi, taklif va mulohazalari haqida fikr almashishdi.

Axborot – tahliliy mеdia markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI