Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

22:23:45 (GMT +5), juma, 3 iyul 2020

Yoshlar transport sohasidagi korxonalar faoliyati bilan tanishishdi

30-iyun mamlakatimizda – Yoshlar kuni. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Transport prokuraturasi tomonidan Transport vazirligi, "O‘zbekiston temir yo‘llari" hamda "Uzbekistan airways" aksiyadorlik jamiyatlarida faoliyat ko‘rsatayotgan bir guruh yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi.

Yoshlar dastlab Toshkent transport prokuraturasi muzeyiga tashrif buyurishdi. Ta'kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Transport prokuraturasi tashabbusi bilan tashkil etilgan Transport muzeyida temir yo‘l tizimining uzoq tarixi va mustaqillik yillarida sohada erishilgan yutuqlar gavdalanadi. Muzeydan joy olgan eski paravozlar, teplovozlar uzoq tarixdan so‘zlasa, zamonaviy elektrovozlar, yuqori tezlikda harakatlanuvchi "Afrosiyob" poyezdlari, yangi va ko‘rkam vokzallar bugungi o‘zbek temir yo‘lining taraqqiyotidan darak beradi. Shuningdek bu yerda, temir yo‘l liniyalari, ko‘p turdagi yuk vagonlari, uchastkalarning xaritalari ko‘rkam maketlar asosida tasvirlanadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Transport prokuraturasi mutasaddilari yig‘ilganlarga ushbu muzeyni tashkil qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad soha xodimlarini, ayniqsa yoshlarni, o‘quvchi va talabalarni Transport prokuraturasi bilan "O‘zbekiston temir yo‘llari" , "Uzbekistan airways" aksiyadorlik jamiyatlari va Transport vazirligi  korxonalari bilan uzviy bog‘liqligi, hamkorligi va xavfsizlikni ta'minlashda amalga oshirilayotgan vazifalarni ko‘rsatishdan iborat. Shuningdek, transport tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislar, ishchi-xodimlarning huquq va ijtimoiy manfaatlarini muhofaza qilishda prokuratura organlarining faoliyati va ko‘rsatayotgan keng ko‘lamli amaliy yordami haqida ma'lumot berishda katta ahamiyat kasb etishini aytib o‘tdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Transport prokuraturasi tarixi, faoliyati, transport tizimlari bilan o‘rnatilgan uzviy aloqalar jarayoni, bu sohada mehnat qilayotganlarning huquqlarini himoya qilishda yoshlarni qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob qaytardi. Transport sohasi xodimlaridan iborat yoshlarda muzeydagi vokzal va poyezdlar maketi, uchastka yo‘llarining ko‘rinishi katta taassurot qoldirdi.

Yoshlarning navbatdagi tashrifi "Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta'mirlash zavodi" aksiyadorlik jamiyatiga uyushtirildi. Ma'lumki, ushbu zavod nafaqat mamlakatimiz temir yo‘l tizimi, balki qo‘shni respublikalarga ham yangi yo‘lovchi vagonlarni ishlab chiqarib eksport qiladi, eskilarini zamonaviy ko‘rinishda qayta ta'mirlab beradi. 930 nafar ishchi-xodim faoliyat ko‘rsatayotgan korxonada yoshlar vagon g‘ildirak-aravachalar sexi faoliyati bilan tanishdilar. Bu yerda mehnat qilayotgan mutaxassislarning aytishicha, shu kunga qadar ushbu sexda mahalliylashtirish Dasturi bo‘yicha 486 ta vagonlarning telejka qismlari ishlab chiqarildi. E'tiborlisi avvallari valyuta hisobiga Rossiya Federatsiyasidan vagonlarning telejka qismlari import qilingan bo‘lsa, bugun bu turdagi mahsulotlar o‘zimizda ishlab chiqarilmoqda. Qolaversa, zavodda ishlab chiqarilgan ushbu mahsulot vagonlarning yumshoq harakatlanishini ta'minlab, qo‘shimcha qulayligi va chidamliligi bilan afzalliklarga ega. Yoshlar bu sexdagi temir qismlarini tok va havoda kesadigan dastgoh faoliyati bilan tanishishdi. Shundan so‘ng karantin hududlari uchun konteyner vagonlaridan tayyorlangan shinam yashash xonalarini ko‘zdan kechirishdi. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan yangi vagonlar ham yoshlarni befarq qoldirmadi. Zavodda shu kunga qadar 243 ta yangi yo‘lovchi vagon qurilgan bo‘lsa, shundan 22 tasi qo‘shni davlatlarga eksprot qilindi. 2020 yilda 40 ta yangi vagon ishlab chiqarilib, 10 tasi eksport qilinishi ko‘zda tutilgan.

Yoshlar bu yerdagi 36 nafar yo‘lovchilarni sig‘dira oladigan yangi kupe vagonini tomosha  qilishdi. Ushbu vagonning isitish tizimi nafaqat ko‘mirda, balki elektr energiyasida ham ishlash imkonini beradi. Shuningdek, sovitish tizimi, muzlatgich hamda mikroto‘lqinlipech va ichimlik suvi bilan ta'minlanganligi yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratadi. Vagonlar faoliyati to‘liq kompyuterlashtirilgan bo‘lib, sensorli texnologiyalar bilan jihozlangan. Vagonning har bir texnik holati, harorati ham to‘liq kompyuterlashtirilgan. Bu esa qulaylik va xavfsizlikni yanada oshiradi. 

“Uzbekistan airways" aksiyadorlik jamiyatida amalga oshirilgan uchrashuv ham yoshlarning qalbida bir umr saqlanib qolishi shubhasiz. Ularga aeroport tarixi, mustaqillik yillarida bu yerda amalga oshirilgan ishlar, yangi havo kemalarini sotib olingani va jahonning qaysi shaharlariga qatnovlar yo‘lga qo‘yilgani haqidagi ma'lumotlar berildi. 35 gektar maydonni qamrab olgan respublikamizdagi eng katta aeroportdagi ikkinchi jahon urushi yillarida jangohlarda qatnashgan va qahramonlarcha halok bo‘lgan uchuvchilar xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik maydoni tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shundan so‘ng samalyotlarni ta'mirlash sexi va u yerdagi faoliyat bilan tanishishdi. Bu yerda ular samalyot ta'mirlanish jarayoni, ularning motorlari bilan yaqindan tanishishdi. Ta'kidlanishicha, MDH davlatlari orasida bor yo‘g‘i uchta mana shunday katta samolyotlarni ta'mirlash imkoni mavjud bo‘lib, ularning biri aynan bizning yurtimizda.

Tashkil etilgan ushbu uchrashuv yoshlar uchun juda foydali bo‘ldi. Ayniqsa, transport tizimining uch yo‘nalishi bo‘yicha taassurotlarini yanada boyishiga turtki bo‘lgani shubhasiz. Qolaversa, pandemiya sharoiti tufayli ularning barchasi karantin qoidalariga qat'iy amal qilgan holda, oraliq masofani saqlab harakatlanishi, niqob taqib, antiseptik vositalardan foydalangan holda belgilangan tartibga qat'iy amal qilishlari nazorat qilindi.

Axborot-tahliliy media markazi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko‘rinish