Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

20:07:04 (GMT +5), seshanba, 4 avgust 2020

Namangan shahrining zamonaviy «darvozasi»

Ma'lumki, o‘tgan hafta Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Namangan shahriga tashrifi davomida yangi barpo etilgan Namangan temir yo‘l vokzaliga ham bordi va bu yerda amalga oshirilgan qurilish-rekonstruktsiya ishlari bilan yaqindan tanishdi.

Ta'kidlash  lozimki, bugungi  kunda  Farg‘ona vodiysida 10 milliondan ortiq aholi istiqomat  qiladi.  Shulardan  2,5  milliondan  ko‘prog‘i  Namangan  viloyati  hissasiga to‘g‘ri  keladi.  2016  yilda  dengiz  sathidan  2 ming 200 metr balandlikda Qamchiq dovoni orasidan  o‘tgan  “Angren  –  Pop”  elektrlashtirilgan  temir  yo‘l  liniyasining  foydalanishga  topshirilishi  bilan Vodiy  yurtimiz poytaxti  va  boshqa  hududlari  bilan  to‘liq bog‘landi,  katta  muammo  o‘z  yechimini  topdi. 

O‘tgan  qisqa  vaqtda  temir  yo‘l  orqali  yuk  va yo‘lovchilarga  xizmat  ko‘rsatish  maqsadida vokzal va stansiyalarda, uchastka yo‘llarida qurilish, ta'mirlash va bunyodkorlik ishlari olib borildi. Natijada yo‘lovchilar, bu yerdagi korxonalar va tadbirkorlar rivoji uchun har tomonlama qulay transport tizimi xizmat ko‘rsatilishiga erishilmoqda.

Tog‘lar  bag‘rida  Chodak,  Orzu  kabi  yangi vokzallar  qurildi,  Pop,  Qo‘qon,  Marg‘ilon hamda Andijon vokzallari to‘liq qayta rekonstruksiya  qilinib,  zamonaviy  ko‘rinish kasb etdi.

Namangan  vokzali  ham  yangidan  barpo  etilib,  shaharning  yo‘lovchilar  uchun zamonaviy  sharoitga  ega  bosh  darvozasiga  aylandi.  Ta'kidlash  lozimki,  ushbu  vokzal  binosi  1972  yilda  qurilgan  bo‘lib,  2002  yilda  qayta  rekonstruksiya  qilingan edi.  Vazirlar  Mahkamasining  2017  yil  9  iyundagi  “Namangan  temir  yo‘l  vokzalini qayta  rekonstruksiya  qilish  to‘g‘risida”gi farmoyishiga  asosan,  bu  yerda   “O‘zbekiston temir  yo‘llari”  aksiyadorlik  jamiyati  tomonidan  qayta  ta'mirlash  ishlariga  kirishildi.  

Mahalliy  aholi  va  xorijlik sayyohlarga  temir  yo‘l  transporti  xizmat  ko‘rsatishi  sifati  va  samaradorligini oshirish  maqsadida  vokzalda  24  milliard so‘mlik bunyodkorlik  ishlari  bajarildi. Jumladan, o‘tgan vaqt davomida umumiy yer maydoni 18343 kub metr bo‘lgan vokzalda yo‘lovchilarning  poyezdlarga  chiqib-tushishini yaxshilash  maqsadida  uzunligi  400  metrlik  2 ta perron qurildi. 

Vokzaldagi  kutish  va  komfort  zallari, bufet, tibbiyot punkti, ona va bola xonasi, elektron  ma'lumotlar  markazi,  kutubxona, milliy sovg‘alar, gazeta-jurnallar shohobchasi, yuklarni vaqtinchalik saqlash xizmati kabi  barcha  bo‘limlar  zamonaviy  andozalarda tashkil etildi. Kutish zali ko‘rgazma va  televizion  axborot  vositalari  bilan  jihozlangan.  

Vokzal  hududida  5  qavatli  Namangan majmuasi  qayta  ta'mirlanib,  uning  1-qavatida temir yo‘l kassalari, 2-qavatida  temir  yo‘l  vokzali  ma'muriyati  hamda 2-,  3-, 4-qavatlarda  joylashgan  mehmonxonani  yaqin  kunlarda foydalanishga  topshirish rejalashtirilgan. Unda 24 ta xona bo‘lib,  zamon  talablariga  to‘liq  javob  beradigan tarzda jihozlanmoqda. 

Ushbu  ishlar  natijasida  Namangan  temir yo‘l  vokzali  zamonaviy  qiyofa  kasb  etib,  bir vaqtning  o‘zida  250  nafar,  kuniga  2,5  ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Vokzal Farg‘ona vodiysi halqa temir yo‘li bo‘ylab tezkor elektropoyezdlar qatnovida vodiy shaharlari va mamlakatimizning boshqa hududlari  bilan  transport  bog‘lanishida  muhim bo‘g‘in bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz.

Shu bilan birga, “O‘zbekiston  temir yo‘llari”  aksiyadorlik  jamiyati  tomonidan vodiy  temir  yo‘llarini  to‘liq  elektrlashtirish  orqali  yuk  va  yo‘lovchi  tashish  sifatini  oshirish,  tezyurar  poyezdlar  qatnovini shakllantirish  hamda  dizel  yoqilg‘isida harakatlanayotgan  teplovozlar  o‘rnini  zamonaviy  elektrovozlarga  almashtirish  maqsadida  elektrlashtirishga  katta  ahamiyat qaratilmoqda.  Xususan,  2019  yilda umumiy uzunligi 45 kilometr bo‘lgan “Pop – Chust – To‘raqo‘rg‘on – Rauston – Namangan” temir yo‘li elektrlashtirilgan bo‘lsa, ayni paytda 100 kilometrlik  “Namangan – Andijon” yo‘nalishidagi amalga oshirilayotgan elektrlashtirish  ishlarining  qariyb 70 foizidan ortig‘i bajarib bo‘lindi. Yaqin vaqt davomida ushbu  yo‘nalishlar  ham  elektrlashtirilishi natijasida vodiy hududida ham to‘liq elektropoyezdlar harakatlanishiga erishiladi. – Bu esa 2,5 milliondan ortiq aholiga ega Namangan viloyatida yo‘lovchilar Namangan temir yo‘l vokzali orqali nafaqat mamlakatimiz poytaxtiga to‘g‘ridan to‘g‘ri, balki qo‘shni  Qozog‘iston  va  Rossiya  Federatsiyasining bir  qator  shaharlariga  ham  qulay  va  xavfsiz bo‘lgan poyezdlarda borib kelish imkoniyatlariga ega bo‘ladi, – deydi ”O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJning media markazi rahbari Fozil Sharipov. – Xususan, belgilangan rejaga ko‘ra, yaqin orada ushbu vokzal orqali  “Namangan – Qo‘qon – Namangan”, “Toshkent – Pop – Namangan – Andijon”, “Andijon – Namangan – Pop – Moskva”, “Andijon – Namangan – Pop – Ufa” yo‘nalishida yangi qatnovlar yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. 

E'tiborlisi, vokzal hududida joylashgan chiptaxona  “Ekspress-3”  avtomatlashtirilgan boshqarish  tizimi  uskunalari  bilan  jihozlangan. U kechayu kunduz 2 ming nafar yo‘lovchiga chiptalarni sotish va rasmiylashtirishga mo‘ljallangan. Namangan temir yo‘l vokzalini ishga tushishi orqali o‘ttizga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishiga erishiladi.

Endilikda vodiyliklar “Qo‘qon – Namangan – Andijon – Qo‘qon” yo‘nalishida arzon sifatli va tez harakatlanuvchi halqa yo‘lovchi elektropoyezdlaridan  ham  foydalanishi  kutilyapti. Chunki  qiymati  45  mln.  AQSH  dollarini tashkil  etuvchi  ushbu  loyiha  2021  yilning birinchi  choragida  yakunlanishi  rejalashtirilgan.  Umumiy  uzunligi  331  kilometr bo‘lgan  halqa  yo‘lida  ekspress  va  oddiy elektropoyezdlar  harakatlanadi.  Ekspress-elektropoyezd  oxirgi  manzilga  5,5  soatda yetib  borsa,  oddiysi  unga  qaraganda  2  soatga kechroq  boradi.  Chunki  tezyurar  elektropoyezd  5 ta bekatda to‘xtasa, oddiysi 35 ta bekatga to‘xtab o‘tishi mo'ljallanmoqda. 

Elektropoyezdning  narxi  juda  hamyonbop bo‘lib,  5000  so‘mdan  45000  so‘mgacha  qilib belgilangan.  Tezyurar  elektropoyezd  kuniga 2100 nafar yo‘lovchiga xizmat qilsa, oddiysi  esa  6500  ga  yaqin  yo‘lovchi  tashishi  mumkin. Yana shuni aytish joizki, elektropoyezd zamonaviy jihozlangan bo‘lib, unda USB-porti orqali mobil qurilmalarni quvvatlagich va havoni mo‘tadillashtirib beruvchi uskunalar o‘rnatiladi, shuningdek, poyezd harakatlanayotgan vaqtida Intranet хizmatidan foydalanish uchun ham sharoitlar yaratiladi. 

Eslatib o‘tamiz, mazkur yo‘nalishda poyezdlar harakati yaqin orada yo‘lga qo‘yiladi. Qo‘shimcha ma'lumot uchun Toshkent shahridagi 1005 qisqa telefon raqami yoki joylardagi temir yo‘l kassalari hamda ma'lumotlar byurosidan bilib olishingiz mumkin.

Axborot-tahliliy media markazi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI

  • nashr uchun ko‘rinish