Yangi ish o‘rinlari yaratildi

Ishsizlikni kamaytirish, mehnat organlariga murojaat qilgan fuqarolarga sifatli xizmatlar ko‘rsatish, norasmiy band bo‘lganlarni rasmiy mehnat munosabatlariga jalb etish, ishsizlarni, ayniqsa, yoshlar va ayollarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni ilgari surish hozirgi davrning asosiy talablaridan biridir.

Hukumatimiz boshchiligida va yuqori tashkilotlar tomonidan ish o‘rinlarini tashkil etish hamda aholi bandligini taʼminlash masalasi yuzasidan joylarda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ehtiyojmand aholi bandligini taʼminlash uchun Bandlikka ko‘maklashish hamda Jamoat ishlari jamg‘armalaridan mablag‘lar yo‘naltirilib, ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi – “Temir daftar” tizimi joriy etilgan holda ko‘plab fuqarolarning bandligi taʼminlanmoqda.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining 2020 yil 11 noyabrda bo‘lib o‘tgan VIII Qurultoyida ham 2021 yilda “Mustaqillikning o‘ttiz yilligiga – o‘ttizta yangi ish o‘rninni yaratish tashabbusi eʼlon qilindi. Shundan so‘ng O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi Q.Sabirov hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi rahbari A.Ergashevlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz yilligi munosabati bilan kasaba uyushmalari tomonidan ish o‘rinlari yaratishning manzilli dasturi yuzasidan 30 ta ish o‘rniga mo‘ljallangan tikuvchilik sexini tashkil qilish rejalashtirildi. Ushbu xayrli ishni Buxoro viloyati Kogon tumanining cho‘l zonasida joylashgan uzelga qarashli sanoat ishlab chiqarish majmuasi bazasida amalga oshirishga kelishildi. Temir yo‘lga ajratilgan ushbu hududda 2019 yildan buyon avvalo, sohaning ehtiyoji uchun, qolaversa, aholi talabini qondirish maqsadida bruschatka, g‘isht bloklari, tikanli sim kabi qurilish materiallarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, to‘rtinchi yo‘nalish sifatida esa maxsus kiyim-bosh tikishga yo‘naltirilgan tikuvchilik sexi tashkil etildi. Qisqa muddatlarda qurib bitkazilgan binoda ishchilar uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo qilindi. “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasida tashkil qilingan ushbu sexga Xitoy Xalq Respublikasida ishlab chiqarilgan tikuv mashinalari va uskunalari xarid qilinib, O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan 60 million so‘m, Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli Hududiy kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan 61 million so‘m mablag‘ sarflandi.

Joriy yilning 30 avgust sanasida istiqlolimizning o‘ttiz yillik to‘yiga to‘yona sifatida 30 kishiga mo‘ljallangan tikuvchilik sexining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Transport prokurori Maʼrufxon Xodjayev, “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi rahbari Alijon Ergashev, tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisining o‘rinbosari Mahmud Rozimetov, faxriylar hamda ushbu bino qurilishida xizmat qilgan temiryo‘lchilar ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda so‘nggi 5 yilda olib borilayotgan siyosiy va iqtisodiy islohotlarning bosh mezoni xalqimizga xizmat qilish, yurtdoshlarimizni bu hayotdan rozi bo‘lishi uchun ularning turmushini farovon qilish asosiy maqsadga aylanganini aytib o‘tdi.

– Mamlakatimiz hayotida sodir bo‘layotgan tarixiy o‘zgarishlarga temiryo‘lchilar ham munosib hissa qo‘shayotgani esa shu sohada faoliyat ko‘rsatayotgan har bir mutaxassisga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi, – dedi M.Rozimetov. – “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” shiori bilan o‘tayotgan har bir kunimiz bunyodkorliklarga boy bo‘lmoqda. Sanoqli kunlardan so‘ng esa jonajon O‘zbekistonimiz mustaqilligining 30 yilligini nishonlaymiz. Bugun ochilgan yangi tikuv sexi va 30 ta yangi ish o‘rni yaratilishi mustaqilligimizning o‘ttiz yillik bayrami arafasiga to‘g‘ri kelishida ham o‘ziga xos ramziy maʼno bor. Biz kelgusida respublikamizning boshqa hududlarida ham yangi ish o‘rinlarini yaratishga, ishchi-xodimlarning ijtimoiy hayotini yana-da yaxshilashga katta eʼtibor qaratamiz.

Ishga qabul qilingan 30 nafar ishchi doimiy ish bilan taʼminlanib, mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida kasaba uyushmasi aʼzoligiga ham qabul qilindi.

Yaxshi niyatlar bilan ochilgan mazkur sexdagi rejalar bisyor. Mustaqilligimizning keyingi shonli sanalarida ulkan natijalari bilan, mahsulotlarning sifati va xaridorgirligi bilan respublikadagi eng yaxshi tikuvchilik sexlari qatoridan joy olsa ne ajab.

Axborot-tahlily media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI