Brifing: Temir yo‘llar o‘tgan hudud atrofida yashayotgan aholi o‘rtasida xavfsizlik chora-tadbirlari

Bugun, 21.09.2021 yil, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan temir yo‘llar o‘tgan hudud atrofida yashayotgan aholi bilan joylarda o‘tkazib kelinayotgan temir yo‘llardagi xavfsizlik chora-tadbirlari yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi.

Unda "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ Harbiylashtirilgan qo‘riqlash boshqarmasi boshlig‘i v.b. Raximjon Saidov tegishli ma’lumotlar bilan ishtirok etdi.

Dastavval, “Afrosiyob” elektropoyezdining harakat xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha to‘xtalib o‘tildi va temir yo‘l xududlari o‘ta havfli hududlar qatoriga kirishi haqida ta’kidlab o‘tildi. Shuning uchun ushbu hududda xizmat olib borayotgan xodimlar bilan bir qatorda temir yo‘l hududiga yaqin joylashgan mahalla va korxonalarda ham harakat xavfsizligi borasida tushuntirish ishlari muntazam ravishda amalga oshirilib kelmoqda. Ushbu vazifa “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi buyruqlari bilan har bir tarkibiy boshqarmalarning shaxsiy tarkibi va qolaversa Harbiylashtirilgan qo‘riqlash boshqarmasi zimmasiga yuklatilganligi haqida to‘xtalib o‘tildi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining mutasaddi boshqarmalari hodimlari hamda mahalliy hokimyat masʼullari ishtirokida hududlar o‘rganib chiqilib fuqarolarning asosiy yashash qismidan ish joylarga, maktab, kolledjlarga, bozorlarga o‘tish jarayonida harkatni doimiyligi o‘rganilgandan so‘ng, temir yo‘l izlaridan piyodalar o‘tish yo‘lakchalari o‘rnatilgan va qo‘riqlash postlari tashkil etilgan. Bugungi kunda Toshkent – Samarqand – Buxoro va Toshkent – Samarqand – Qarshi – Kitob temir yo‘l yo‘nalishlarida jami 253 dona qo‘riqlash postlari mavjud. Yuqoridagi ko‘rsatilgan yo‘nalishlarda poyezdlar harakat xavfsizligini va fuqarolarni hayotiga xavf solishi mumkin bo‘lgan omillarni oldini olib, nazorat qilinishi maqsadida 24 soatlik  qo‘riqlash xizmati  tashkil etilgan (1 xodimning 1 kundagi ish vaqti 12 soat, 1 sutkada 2 nafar hodim almashib faoliyat olib boradi). Har bir qo‘riqlash postida yuqori tezlikda harakatlanadigan “Afrosiyob”  elektropoyezdi, tez yurar va oddiy yo‘lovchi poyezdlar hamda yuk poyezdlarining harakatlanish jadvali mavjud bo‘lib, unga asosan qo‘riqlash hodimlari belgilangan postlarni nazorat qilib, poyezdlar harakatlanmaydigan vaqtda hududni piyoda yurib ko‘zdan kechiradi va kamchiliklar aniqlangan taqdirda masʼullarga xabar beradi va muammolarni joyida bartaraf etish choralari ko‘riladi.

Temir yo‘l atrofida yashaydigan mahalliy aholi bilan o‘tkaziladigan profilaktik tushuntirish ishlari xususida ham to‘xtalib o‘tildi. 

– Agar ushbu yo‘nalishdagi maʼlumotlarni yuqori tezlikda haraktlanish uchastkalari kesimida ko‘radigan bo‘lsak, – dedi R.Saidov, – 2021 yilning 8 oy mobaynida ushbu hududlarda yashovchi mahalliy aholi maskanlari, maktablar, kollejlar va turli tashkilotlar o‘rtasida o‘tkazilgan tushuntirish-profilaktika ishlari soni jami 7831tani tashkil etadi va shulardan: temir yo‘l atrofida yashovchi maxalliy aholi maskanlarida – 2765 marotaba o‘tkazildi, o‘quv muassasalarida – 933 marotaba, korxona va tashkilotlarda 98 marotaba o‘tkazildi, chorva egalari va xonadon egalaridan tilxatlar jami 4035 marotaba yozdirib olingan.

Profilaktika ishlar ommaviy yig‘ilish tadbirlar, honadonda yashovchi oilalar yoki yakka tartibdagi fuqarolar bilan tushintirish profilaktika ishlari orqali ham amalga oshirildi. Jumladan, “Temir yo‘llarda qoidabuzarliklar, yaʼni temir yo‘l infrutizlmasiga shikast yetkazish oqibatlari”, “Temir yo‘l izlarining belgilanmagan joylardan kesib o‘tish oqibatlari”, “Temir yo‘l hududida chorva mollarni boqish oqibatlari”, “Temir yo‘l hududida ehtiyotsizlik natijasida jaroxatlanishlarga yo‘l qo‘ymaslik” (temir yo‘l izlaridan kesib o‘tgan vaqtda temir yo‘l izlarini  bosmay harakatlanish), “Temir yo‘l tarmoq simlariga jism uloqtirmaslik”, “Temir yo‘l tayanch stolbalariga chiqilmaslik”, shuningdek, poyezdlar harakati vaqtida temir yo‘lni shoshilib kesib o‘tishga harakat qilmaslik”, “Yosh bolali oilalarga farzandlariga tushuntirish ishlarini olib borish va doimiy nazorat qilish”, bunda harakatlanayotgan poyezdlarga jism uloqtirmaslik, temir yo‘l izlariga belgilanmagan joylardan kirmasligi va harakatlanmasligi, turib qolgan poyezdlarning ost qismidan o‘tmasigi, temir yo‘l izlariga qattiq jism qo‘ymaslik kabi mavzularda.

Temir yo‘l transportida tashiladigan yuklarni butligini saqlash va o‘g‘riliklarni oldini olish bo‘yicha quyidagi ma’lumotlar berildi:

Harbiylashtirilgan qo‘riqlash boshqarmasi tomonidan 2021 yilning 8 oyi davomida 77 000 ta yuk poyezdini qo‘riqlashga qabul qilinib, ushbu poyezdlar manzil stansiyasigacha soz xolatda kuzatilgan. 200 ta lokomotivsiz qoldirilgan poyezdlarni uzluksiz qo‘riqlanishi taʼminlangan. 74 marotaba yuklarni talon-taroj qilish holati aniqlangan bo‘lib, 76 nafar fuqaroga nisbatan jarima choralarni qo‘llanildi. 44 marotaba begona shaxslar tomonidan poyezd magistral tormoz kranini ochib yuborishlari natijasida poyezdlarni jadvaldan tashqari turib qolish holatlari aniqlangan bo‘lib, shundan 35ta holatda 37 nafar fuqaro ushlanib, qonuniy jarima choralari qo‘llanilishi uchun IIV transportda xavfsizlikni taʼminlash xodimlariga topshirilgan.

Qoidabuzarliklar haqida ham to‘xtalib o‘tildi va quyidagicha ma’lumotlar berildi:

2021 yilning 8 oy mobaynida temir yo‘l qoidalariga rioya etilmagani uchun  Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 113 moddasining 1-, 2- va 4-qismlari bilan jami 565 nafar fuqaro 16 million 871 ming 275 so‘m maʼmuriy javobgarlikga tortilgan.

Shulardan, O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 113 moddasining 1-qismi (Temir yo‘l izlariga poyezdlar qatnovining buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan ashyolarni qo‘yish, shuningdek temir yo‘lni, ihota daraxtlarini va qor to‘sish g‘ovlarini hamda boshqa yo‘l obyektlarini, signal berish va aloqa inshootlari va qurilmalarini shikastlantirish) bilan 10 nafar fuqaroga nisbatan 1 225 000 so‘m miqdorida jarima chorasi qo‘llanildi. 2-qismi (Temir yo‘ldan ot-arava haydab o‘tish va chorva mollarni haydab o‘tish, chorva mollarni temir yo‘l yaqinida boqish qoidalarini buzish) bilan  215 nafar fuqaroga nisbatan 11 593 800 so‘m miqdorida jarima chorasi qo‘llanildi. 4-qismi (Temir yo‘llarni belgilanmagan joylardan kesib o‘tish) bilan 340 nafar fuqaroga nisbatan 4 052 475 so‘m miqdorida jarima chorasi qo‘llanildi.

– Harakatlanayotgan poyezdlarga, jumladan yo‘lovchi poyezdlariga tosh otish, o‘z joniga qasd qilish, temir yo‘l izlariga qattiq jismlarni qo‘yish kabi holatlar poyezd ichida ketayotgan ko‘plab insonlarning hayotiga xavf keltirishi mumkinligini unutmaslik kerak, zero, davlatimiz mulkini ko‘z qorachig‘imizdek asrab-avaylash har birimizning odamiylik burchimiz hisoblanadi, – deya ta’kidladi R.Saidov. – Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni temir yo‘llardan piyoda yoki avtomobillarda o‘tayotgan paytda ogoh bo‘lishingizni so‘raymiz! Ommaviy axborot vositalari vakillaridan ham ushbu mavzularni, yaʼni aholi tomonidan temir yo‘llarda harakat xavfsizligiga qatʼiy rioya etish masalalarni yoritishda, ularga xalqchil tilda yetkazishga qator ko‘rsatuvlar, maqolalar kabi chiqishlarda o‘z xissalaringizni qo‘shishingizni so‘rab qolardik. Biz, o‘z navbatda, samarali hamkorlikka tayyormiz!

Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI