O‘zbekiston-Rossiya: Yagona raqamli makon

Moskvada "Rossiya temir yo‘llari" OAJ (“RJD” OAJ) Bosh direktori – boshqaruv raisi Oleg Belozyorov va "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ Boshqaruvi raisi v.b. Xusnutdin Xasilovning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tomonlar raqamlashtirish sohasidagi rivojlanish istiqbollarini hamda transport-logistika xizmatlari sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuvda ikki mamlakat temir yo‘llarida yagona raqamli makon yaratish va yagona texnologiyaga o‘tish, temir yo‘l tashuvlarining ishonchliligi va shaffofligini oshirish, yuklarni rasmiylashtirish muddatlarini qisqartirish, shuningdek, buning natijasida ikki mamlakat o‘rtasida yuk bazasini kengaytirishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.

Ikki tomonlama uchrashuvda o‘rin olgan boshqa masalalaridan yana biri, O‘zbekiston temir yo‘l transportini isloh qilish va transport-logistika xizmatlarini rivojlantirish sohasidagi hamkorlik bo‘ldi.

Mazkur muzokaralar "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ delegasiyasining Moskva shahriga bo‘lgan uch kunlik ish safari doirasida bo‘lib o‘tdi. Delegasiya a’zolari “RJD” OAJ kompaniyaning raqamli transformasiyasi bo‘yicha tajribasini o‘rganib chiqdi, “RJD” OAJning Tashishlarni boshqarish bosh markaziga tashrif buyurdi, Moskva Markaziy halqasining ishini tashkil qilish bilan ham tanishdi.  

Temir yo‘l kompaniyalari mutaxassislari O‘zbekiston – Rossiya Agrologistika koridorini rivojlantirish va "Agroyexpress" tezlashtirilgan refkonteyner poyezdini ishga tushirishga qaratilgan amaliy harakatlarni muhokama qildilar.

Axborot-tahliliy media markazi