Toshkent temir yo‘l texnikumida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Toshkent temir yo‘l texnikumida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi. Unda Respublika transport prokurori katta yordamchisi T.Karimov, Toshkent transport prokurori, adliya katta maslahatchisi Sh.Lutfullayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi “Yoshlar parlamenti” a’zosi, Yetakchilar Kengashi raisi va Jamiyat sport targ‘ibotchisi O.Sadriddinov, Personalni boshqarish va kadrlarni tayyorlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari V.To‘xtayev ishtirok etdi.

Tadbirni Toshkent temir yo‘l texnikumi direktori A.Gaibnazarov ochib berdi va tashrif buyurgan mehmonlarni tanishtirdi. Dastlab Personalni boshqarish va kadrlarni tayyorlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari B.To‘xtayev, Personalni boshqarish va kadrlarni tayyorlash boshqarmasining kadrlarni tayyorlash va o‘quv yurtlari bo‘limi boshlig‘i A.Mavlonovlar so‘zga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan ko‘plab islohotlar hamda yoshlar uchun har bir sohada yaratib berilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritishdi. 

Uchrashuvda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi “Yoshlar parlamenti” a’zosi, Yetakchilar Kengashi raisi va Jamiyat sport targ‘ibotchisi O.Sadriddinov tomonidan fan, madaniyat, sportda tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib, Yetakchilar Kengashi tomonidan o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ko‘rik-tanlov va sport musobaqalarida faol ishtirok yetib kelayotgan bir guruh texnikum o‘quvchi yoshlari faxriy yorliq, imtiyozli transport kartalari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shuningdek, boshqaruv raisining “Temiryo‘lchi yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi N-866-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida shakllantirilgan “Temiryo‘lchi yoshlar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar hamda mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bo‘lgan texnikum talabalariga “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan moddiy yordam sifatida ajratilgan pul mablag‘larining birinchi bosqichi topshirildi.

Tadbirda Respublika transport prokurori katta yordamchisi T.Karimov, Toshkent transport prokurori, adliya katta maslahatchisi Sh.Lutfullayevlar so‘zga chiqib, yoshlarni tashqi tahdidlar va “Ommaviy madaniyat”ning zararli ta’siridan asrash, “Yoshlar orasida giyohvand moddalarning tarqalishini oldini olish va unga qarshi kurash tizimini yanada rivojlantirish”, “Terrorizm va diniy ekstrimizm hamda odam savdosiga qarshi kurashish”, “Temir yo‘lda huquqbuzarlik va baxtsiz hodisalarni oldini olish”ga qaratilgan chora-tadbirlar haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berib o‘tishdi. 

Yig‘ilish texnikum o‘quvchi yoshlari bilan ochiq muloqot tarzida davom etdi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga tashrif buyurgan tegishli tashkilot rahbarlaridan atroflicha javob olishdi.

– “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi doirasida kengaytirilgan yig‘ilishlarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad texnikum o‘quvchi yoshlarini qiynab kelayotgan va yechimi topilmay qolayotgan savollarga javob  topish bilan bir qatorda, iqtidorli va izlanuvchan, bilimli, har jabhada tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan faol yoshlarimizni mana shunday minbarlarda rahbariyat tomonidan rag‘batlantirib borish ularning o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashlariga turtki bo‘ladi, – deydi texnikum yoshlar yetakchisi D.Rejametova.

Ta’kidlash lozimki, bu kabi uchrashuvlar temiryo‘lchi yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, sohada ishlab chiqarish, modernizatsiya qilish va yangilash jarayonlarida ularning faolligini hamda tashabbuskorligini orttirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Axborot-tahliliy media markazi