“Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi

Bugun, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufdagi “Quyuv – mexanika zavodi” sho‘ba korxonasida “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda “Quyuv – mexanika zavodi” sho‘ba korxonasi direktori Rashidov K, Axborot-tahliliy media markazi direktori – Boshqaruv raisining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Baltabayev A, Bektimir tumani hokimi T.Maxamadziyayev, korxona xodimlari, shuningdek keksa avlod faollari, yoshlar va bolalar ishtirok etishdi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufdagi “Quyuv – mexanika zavodi” sho‘ba korxonasi Toshkent shahar Bektemir tumanida joylashgan va tumanning eng yirik sanoat korxonalaridan biri hisoblanadi.

Qariyb 41 gektar hududni egallagan korxonada bugungi kunda 1500 nafarga yaqin ishchi-xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. Shulardan, 584 nafari yoshlar, 234 nafari xotin-qizlar, 125 nafari tegishli sohalardagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olgan yosh xodimlar hisoblanadi. Bundan tashqari, korxonada 5 nafar davlat mukofoti hamda 5 nafar Faxriy temir yo‘lchi unvonlariga sazovor bo‘lgan xodimlar o‘z mehnat faoliyatlarini olib bormoqda.

Korxonada xalqaro standartlarga muvofiq ISO 9001 2015 sifat menejmenti tizimi joriy etilgan. Ushbu korxonada Germaniya, Sloveniya, Belarus, Rossiya, Ukraina davlatlarida ishlab chiqarilgan zamonaviy texnikalar, asbob-uskunalar va quyuv dastgohlari keltirilib, ulardan unumli foydalanilmoqda.

– Korxonamizda 5 turdagi yangi yuk vagonlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. – Korxonadagi barcha bo‘limlarda malakali mutaxassislar mavjud bo‘lib, ular xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biri hisoblangan “Ustoz-shogird” ananasiga muvofiq faoliyat ko‘rsatib kelishmoqda. Ular tomonidan yuk vagonlarining chizmalari tayyorlash, hisob-kitob ishlarini bajarish, laboratoriyada sinov ishlarini olib borish va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq qilish ustida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Taʼkidlash lozimki, oxirgi uch yillik muddatda korxonaning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, sexlarga zamonaviy dastgohlar o‘rnatildi. Bu esa ishlab chiqarish unumdorligini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun puxta zamin bo‘ldi. Eng muhimi shu kungacha import qilib kelingan mahsulotlarni mahalliylashtirish amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, ayni paytda korxonada 400 dan ortiq mahsulotlar mahalliylashtirilgan.

Erishilgan natijalarni tahlil qiladigan bo‘lsak, 2019 yilda ishlab chiqarish hajmi 2018 yilga nisbatan 108 foizga bajarildi. 2020 yilda esa ishlab chiqarish hajmi 2019 yilga nisbatan 111 foiz bo‘ldi. Joriy yilda “Quyuv – mexanika zavodi” sho‘ba korxonasida ishlab chiqarish hajmini o‘tgan yilga nisbatan 120 foizga bajarish rejalashtirilgan.

Muxtasar qilib aytganda, korxona yaqin kelajakda jahon standartlari talablariga muvofiq mahsulotlar ishlab chiqarish, ishlab chiqarish sharoitlarini yuqori darajaga ko‘tarish, ishchi-xodimlarning maoshlarini yana-da oshirish, qolaversa yangi turdagi vagonlar ishlab chiqarish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, eksport salohiyatini oshirish borasida qo‘shni hamda hamdo‘stlik davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish borasida ko‘pgina ishlarni amalga oshirishni rejalashtirgan.

Uchrashuv davomida keksa avlod faollari mamlakatimizning turli sohalarida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar haqidagi taassurotlari bilan bo‘lishishdi.

Mehmonlarga zavod hududi bo‘ylab ekskursiya amalga oshirildi, ularning har biri sex faoliyati bilan tanishtirishdi va uchrashuv so‘ngida ularga korxona rahbariyatining sovg‘alari topshirildi.


Axborot-tahliliy media markazi