O‘zbek tiliga qaratilayotgan eʼtibor

21 oktyabr “O‘zbek tili bayrami kuni” butun mamlakatimiz bo‘ylab katta bayram sifatida nishonlanadi. Bu esa ona tilimizni qay darajada ardoqlashimizni va hurmat qilishimizni bildiradi.

Bugungi kunda ona tilimizni rivojlantirishda mamlakatimizdagi vazirlik va tashkilotlarda, hukumat idoralarida ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va tasarrufidagi korxonalarda tilimizni eʼzozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalashga dolzarb maʼnaviy burchimiz sifatida eʼtibor qaratilyapti.

– O‘zbek tilining davlat tili sifatida rivojlantirish va uning nufuzini ko‘tarishga shaxsan davlat rahbarining tashabbuskor bo‘lishi xalqimizga katta ruh va kuch beryapti, – deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi huzuridagi kotibiyatning Davlat tilini rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘limi boshlig‘i Hulkar Hotamboyeva. – O‘tgan 1,5 yil mobaynida davlat tilini rivojlantirish, o‘zbek tilining mavqeini oshirishga qaratilgan 20ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Xususan, 1ta qonun va 4ta O‘zbekiston Respublikasining hujjati: 2ta farmon va ikkita qarori hamda boshqa 10dan ortiq turli qonun hujjatlari qabul qilindi. Qolaversa, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining ham davlat tiliga oid 10ga yaqin buyruq va farmoyishlari qabul qilindi. Temir yo‘l tizimida ana shu qonun va qonunosti hujjatlar asosida ish olib borilyapti.

O‘tgan ikki yil davomida barcha korxonalarda davlat tilida ish yuritish joriy etildi. 1000dan ortiq turli yo‘nalishdagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlar to‘liq davlat tiliga muvofiqlashtirildi. Korxona va tashkilotlar bino va inshootlarida reklama, peshlavhalar va eʼlonlar, barcha turdagi ko‘rgazmali axborot matnlari davlat tilida bo‘lishi ta’minlanmoqda. Temir yo‘l sohasiga boshqa tillardan kirib kelgan va ayni vaqtda foydalanilayotgan atamalar xatlov qilinib, o‘zbek tilidagi muqobillari shakllantirildi. “Temir yo‘l sohasiga oid so‘z va atamalarning ruscha-o‘zbekcha qisqacha izohli lug‘ati” kitobi nashr etildi.

Taʼkidlash lozimki, bugungi kunda baʼzi stansiya va razyezdlarni qayta nomlash, shuningdek yangi stansiyalarga yangi nom berish bo‘yicha takliflarimiz hukumat tomonidan o‘rganilmoqda.
Davlat tilida ish yuritish bo‘yicha soha xodimlari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida, shuningdek, Toshkent temir yo‘l texnikumi qoshidagi Kadrlar malakasini oshirish, tayyorlash va qayta tayyorlash markazida o‘qitilib, shahodatnomalar berilyapti.

Ayni paytda esa temir yo‘l tizimidagi korxonalarda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan uchrashuvlar, sport musobaqalari, bayram tadbirlarini o‘tkazishga taraddud ko‘rilmoqda.

Axborot-tahliliy media markazi