Temiryo‘lchilar Tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashining e’tiboridan minnatdor

Joriy yilning bugungi kuniga qadar jami 9 oy davomida O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashida aytishga arzigulik bo‘lgan bir qator namunali ishlar amalga oshirildi. Vatanimiz ravnaqi yo‘lida beminnat xizmat qilib kelayotgan temiryo‘lchilar uchun O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilarikasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi Q.Sabirov tomonidan Jamoaviy sayohat tashkil etish bo‘yicha qo‘mita qarorlari qabul qilindi.

Unga ko‘ra, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining barcha korxona tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlar uchun yurtimizning qadimiy va navqiron shaharlari bo‘ylab sayohat uyushtirish maqsadida “Temiryo‘l Kasaba Servis” MCHJ tomonidan qiziqarli va maroqli, ayniqsa barchani yodida qoladigan mazmunli dasturlar tuzildi.

Ushbu dasturlarning amalda bajarilishi uchun Tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashi byudjetidan besh yuz million so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi. Qo‘ng‘irot mintaqaviy temir yo‘l uzeli unitar korxonasining 72 nafar mehnatkashlari Go‘ri Amir maqbarasi, “Shoxi-Zinda” majmuasi , Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Registon maydoni, Hazrati Xizr masjidi hamda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning qabrini ziyorat qilish maqsadida Samarqand shahriga, Buxoro viloyati bo‘ylab esa “Yetti pir”ga sayohat qildilar. Ular bugungi kunga kelib dunyoga mashxur bo‘lgan, chet ellik sayyohlarning tili va dilidan joy olgan yuqoridagi shaharlardan olam-olam ta’surotlar bilan qaytdilar.

Buxoro, Termiz, Qarshi, Qo‘qon hamda Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli unitar korxonalaridan jami 410 nafar ishchi-xodimlarning talab va takliflariga ko‘ra Xorazm viloyatining Urganch va Xiva shaharlariga turizm tashkil qilindi. Sayohat davomida buyuk vatandoshimiz Jaloliddin Manguberdi haykalini ziyorat qilishdi. “Ichan Qal’a” noyob me’moriy yodgorlik majmuasi, Xorazm xalq me’morchiligining buyuk namunasi bo‘lgan yodgorlik obidalaridan “Qadimgi Xorazm” muzeyi, “Ko‘xna Ark” saroyi, “Oq shayx bobo” tepaligi, “Xon qozixonasi” interyeri, “Islom Xo‘ja” minorasi, “Juma masjid” Xorazm yog‘och o‘ymakorligi muzeyi, “Xorazm tabiati” muzeyi, “Abdullaxon” madrasasi, “Xorazm hunarmandchiligi” muzeyi, “Tosh xovli” saroyi umuman olganda ochiq osmon ostidagi muzeyni zavqlanib tomosha qilishdi. Xorazmga qilgan uch kunlik tashriflari davomida nafaqat sayohat balki, tashkil qilingan madaniy-ma’rifiy tadbirlardan ham baxramand bo‘ldilar.

Tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tashabbusi bilan, sayyoxatni maqsad qilib ammo imkon topa olmay turgan temiryo‘lchilar tashkilotchilarga unutilmas, qulay sharoitlar bilan tashkil qilingan mazmunli va foydali sayohat, ularga ko‘rsatilgan e’tibor uchun o‘zlarini cheksiz minnatdorchiliklarini bildirib, sayohatdan odatdagi kundalik hayotga yangi kuch-g‘ayrat va ma’naviy ozuqa olgan holda qaytdilar.

Axborot -tahliliy media markazi