Amudaryo ustidan o‘tuvchi qo‘shma ko‘prik hamda “Shovot – Qorao‘zak” temir yo‘l liniyasi qurilishi davom etmoqda

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 12-13 dekabr kunlari Xorazmga tashrif buyurganda viloyat faollari bilan uchrashuvda Xorazm viloyatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan bog‘lovchi, Amudaryo ustidan o‘tadigan yangi temir yo‘l va avtomobil yo‘li qo‘shma ko‘prigini hamda Qorao‘zak tumanidan Amudaryo va Gurlan tumanlari orqali Shovot tumanigacha 80,2 kilometrlik temir yo‘l qurilishini amalga oshirish topshirig‘ini bergan edi. 

Mutaxassislarning aytishicha, yangi quriladigan ko‘prik va ko‘prikka qadar bo‘lgan 10 kilometrga yaqin temir yo‘l hamda ko‘prikdan keyingi hududda 70 kilometrdan ortiqroq temir yo‘lning barpo etilishi natijasida 240 kilometr ortiqcha harakatlanishning oldi olinadi. Natijada avtomobil hamda temir yo‘l yo‘nalishida tashilayotgan yuklarning manzilga yetib borish vaqti ham 6 soatga qisqaradi. Bundan tashqari, ushbu ko‘prik orqali o‘tayotgan yuklarning yillik samarasi 150 milliard so‘mga yaqin bo‘ladi. Shuningdek, bugungi kunda Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi temir yo‘l orqali tashilayotgan yuklarning o‘rtacha hajmi 12 million tonnani tashkil qilayotgan bo‘lsa, yangi ko‘prik hamda temir yo‘l qurilganidan so‘ng yuklar hajmi loyihaning o‘zini oqlash muddatiga yetib borgunga qadar 20-25 million tonna atrofida bo‘ladi.

Mazkur ob’yekt qurilishining buyurtmachisi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati bo‘lib, «Boshtransloyiha» aksiyadorlik jamiyati bosh loyihachi etib belgilandi. Yangi loyihani moliyalashtirish Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, «O‘zsanoatqurilishbank» aksiyadorlik tijorat banki kredit mablag‘lari hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilandi. Shundan so‘ng 2021 yilning yanvar oyi boshlarida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik Jamiyati tasarrufidagi «Ko‘prikqurilish» tresti” unitar korxonasi, Yo‘l xo‘jaligi boshqarmasi hamda tarmoqning boshqa korxonalari ishchi-xodimlari tomonidan Amudaryo qirg‘og‘ida yangi ko‘prikni qurish ishlari boshlab yuborildi. Buning uchun dastlab zarur texnikalar va mutaxassislar jalb etildi.

Belgilangan loyihaga ko‘ra dastlab umumiy uzunligi 80,2 kilometr bo‘lgan temir yo‘l liniyasini hamda ushbu oraliqdagi 2 ta qo‘riqlanadigan va 18 ta qo‘riqlanmaydigan temir yo‘l kesishmasini qurish belgilandi. Shuningdek, 4 ta avto yo‘l o‘tkazgichini, 9 ta ko‘prikni hamda 25 kishiga mo‘ljallangan 1 dona, 50 kishiga mo‘ljallangan 2 ta temir yo‘l vokzalini bunyod etish, yana bitta temir yo‘l va avtomobil yo‘li qo‘shma ko‘prigi va boshqa temir yo‘lga texnik xizmat ko‘rsatish bino va inshootlarini qurish ko‘zda tutildi.

Bugungi kungacha loyihada ko‘rsatilgan 80,2 kilometrlik uchastkada rejaga ko‘ra yo‘lsozlar tomonidan umumiy yer ishlari yakuniga yetkazilib, 3,575 kilometrlik po‘lat izlar yotqizildi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishda 233 ta sun’iy inshoot (PJBT)ni qurish rejalashtirilgan bo‘lib, bu vazifalar tarmoqning Maxsus mexanizasiyalashtirilgan yo‘l stansiyasi (SPMS) korxonasi hamda «Ko‘prikqurilish» tresti” unitar korxonasiga qarashli otryadlarning mutaxassislari tomonidan amalga oshirilmoqda. E’tiborlisi “Eyvalek maxsus temir beton” aksiyadorlik jamiyati hamda “Xorazm temir yo‘l qurilishi” unitar korxonasi tomonidan ushbu ob’yektga zarur bo‘lgan sun’iy suv o‘tkazgich inshootlari konstruksiyalari ishlab chiqarilmoqda. Tayyor bo‘lgan mahsulotlar esa qurilish ob’yektiga o‘z vaqtida yetkazilmoqda. Shuningdek, «Ko‘prikqurilish» tresti” unitar korxonasi tarkibiga kiruvchi korxonalarga konstruksiyalarni qo‘yish uchun buyurtmalar berildi. Hozirgi kunda barcha sun’iy suv o‘tkazish inshootida poydevorlarni qazish ishlari tugatilib, 4 fevraldan temir-beton konstruksiyalarni montaj qilish ishlari boshlab yuborildi.

Ayni paytda 13- hamda 14-Ko‘prikqurilish otryadlari tomonidan ishchilar turar joylari, beton chiqarish uzellarini o‘rnatish, hududni beton to‘siqlar bilan o‘rab olish ishlari amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda qurilish maydoniga 85 ta zamonaviy texnika hamda 230 nafarga yaqin mutaxassis jalb etilgan.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, mazkur yirik loyiha foydalanishga topshirilgach ekspluatasiya xarajatlarini kamaytirish, temir yo‘l uchastkasining o‘tkazish va o‘tkazuvchanlik qobiliyatini ko‘tarish, yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish, yuk vagonlari aylanmasining ortishiga  erishiladi. Shuningdek, bu loyiha hududning ekologik muhitini yaxshilashga, zamonaviy  kommunikasiya tizimini va resurs tejash texnologiyalari rivojlanishini ta’minlashga ham xizmat qiladi. Qolaversa, mamlakatimizda sayyohlik sohasini rivojlantirish, aholi va sayyohlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirishga sabab bo‘ladi.

                                                                                                                                                                                   Axborot-tahliliy media markazi