Shaharlararo elektropoyezdlar: Rivojlanish sur'atlari tobora ortmoqda

Ayni vaqtda yo‘lovchilarning talabini qondirish maqsadida O‘zbekiston b‘oylab mahalliy yo‘nalishlarda 62 ta poezd qatnaydi, shahar atrofi yo‘nalishida 45 ta, shulardan 6 tasi elektropoyezdlar. Bugungi kunda shahar atrofi yo‘nalishlari bo‘yicha harakatlanadigan elektr poezdlarining amaldagi jadvali nafaqat temir yo‘l harakatini tashkil etishni hisobga olgan holda, balki poytaxtga mehnat faoliyatini olib borish uchun keladigan yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida 09:00 dan 18:00 gacha bo‘lgan ish jadvaliga muvofiqlashtirib tuzilgan.

"O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati tomonidan vagon parkini yangilash va yo‘lovchi vagonlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Shahar atrofida qatnovni ta‘minlash, keyinchalik uni shahar transport tizimiga integratsiya qilish maqsadida "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati tomonidan yaqin kelajakda yangi harakat tarkiblarini xarid qilish va shahar atrofi yo‘nalishida yo‘lovchi oqimini ko‘paytirish rejalashtirilgan. Shu maqsadda yirik megapolislarda shahar atrofi harakatini tashkil etishning xalqaro tajribasi o‘rganildi. Shuningdek, qulaylik, ishonchlilik va xavfsizlikni hisobga olgan holda, Rossiya, Xitoy, Belarus va Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan zamonaviy harakat tarkiblariga qo‘yilgan talablar o‘rganildi.

Shuni ta’kidlash joizki, tadqiqotlar Germaniyaning “Deutsche Bahn AG” –temir yo‘l kompaniyasi va Rossiyaning relsli transporti uchun harakat tarkiblarini ishlab chiqaruvchi ikki yirik korxonalarining biri va dunyodagi eng yirik transport mashinasozligi kompaniyalari o‘ntaligiga kiruvchi “Transmashxolding” AJ kabi yirik kompaniyalar bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent viloyatiga va Farg‘ona vodiysiga tashrifi chog‘ida elektr poyezdlarni sotib olish bo‘yicha topshiriqlariga muvofiq barcha zarur hujjatlar rasmiylashtirildi va xarid qilish uchun tender o‘tkazish bosqichlari belgilandi. Jami 15 ta elektropoyezd va 5 ta dizel poyezdlarini xarid qilish rejalashtirilgan bo‘lib, ular qo‘shimcha ravishda butun respublika bo‘ylab qatnaydigan barcha yo‘nalishdagi shahar atrofi poyezdlari safiga qo‘shiladi. Sotib olingan yangi elektr va dizel poyezdlar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha qatnovlarni amalga oshirishadi: Toshkent-Guliston, Toshkent-Xo‘jakent, Toshkent-Angren, Toshkent-Bekobod, Qo‘qon-Pop-Namangan, Qo‘qon-Marg‘ilon-Andijon, Samarqand-Buxoro, Buxoro-Xiva, Buxoro-Qarshi, Xiva-Nukus, Termiz-Darband, Toshkent-Samarqand, Toshkent-Buxoro, Toshkent-Xiva. 

Bundan tashqari, 2022 yil oxiriga qadar mavjud elektropoyezdlarni modernizatsiya qilish, qattiq o'rindiqlarni yumshoq o'rindiqlarga almashtirish rejalashtirilgan.
Ta’kidlash joizki, yildan yilga yo‘lovchi tashish bilan bog‘liq obyektlar va temir yo‘l liniyalari infratuzilmasi modernizatsiyalashtirilib yangilanib bormoqda. Ayni paytda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Salar – Chirchiq – Xo‘jakent” temir yo‘l uchastkasida tezyurar yo‘lovchi, xususan, shahar atrofi poyezdlar harakatini tashkil etish uchun keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan shahar atrofi yo‘nalishida harakatlanuvchi yo‘lovchilari uchun qo‘shimcha qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida to‘xtash punktlarini rekonstruksiya qilish va zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, mavjud elektron chiptalarni sotish platformasi “e-ticket.uz” kabi shahar shaharlararo elektropoezdlariga elektron chiptalarni sotish bo‘yicha axborot tizimi yaratilish jarayoni ketmoqda. Chiptalarni Android va IOS platformalaridagi mobil ilovalarning internet resurslari, shuningdek, rasmiy veb-sayt orqali sotib olish imloniyati paydo bo‘ladi.

Yangi elektropoyezdlar sotib olinib, mavjudlarini modernizatsiya qilishdan so‘ng, viloyat va tuman hokimliklari bilan hamkorlikda marketing tadqiqotlari natijalari bo‘yicha (yo‘lovchilar – talabalar va o‘quvchilar, ishchilarlar va davlat tuzilmalarida xodimlar, tadbirkorlar, poytaxt mehmonlari va h.k.) innovatsion yechimlardan foydalangan holda, elektropoyezdlar sonini ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Shuni ta‘kidlash lozimki, yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan oxirgi besh yil ichida Toshkent Janubiy, Andijon, Buxoro, Xiva, Namangan, Angren, Xonobod, Kattaqo‘rg‘on vokzallari qurilib, Jizzax, Xovost, Bekobod Guliston, Qo‘qon, Pop, Marg‘ilon, Navoiy, Termiz, Qarshi, Denov. Barcha vokzallari rekonstruksiya qilindi. Barcha vokzallar jahon talablariga mos yangi texnologiyalar bilan jihozlangan. Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan mutaxassislar har yili Toshkent davlat transport universitetiga malaka oshirish uchun yuborilmoqda.

Respublika aholisini yuqorida keltirilgan ishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish jarayoni bilan tanishtirish maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy sayti “www.railway.uz” orqali muntazam ravishda axborot xabarlari e’lon qilinadi.

                                                                                                                                                                                   Axborot-tahliliy media markazi
0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI