“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida “Korrupsiya – rivojlanishimizga to‘siq doirasida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasida “Korrupsiya – rivojlanishimizga to‘siq” doirasida Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan shoxobcha temir yo‘liga ega tadbirkorlik sub’yektlari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda mamlakatimizda va inspeksiyada mazkur illatni bartaraf etish va oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Shuningdek, “Transport to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyati va temir yo‘l transportida harakat xavfsizligini ta’minlashda nimalarga e’tibor qaratish lozimligi to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Inspeksiyada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha joriy etilgan “komplayens nazorat” tizimi va mazkur tizim to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi. Ushbu tizimning samarali ishlashida fuqarolarning, jumladan, tadbirkorlik sub’yektlari vakillarining ham bevosita ishtiroki muhimligi ta’kidlandi. Korrupsion holatga duch kelganda yoki boshqa qonunbuzarliklar to‘g‘risida axborotga ega bo‘lganda inspeksiya va vakolatli organlarga murojaat qilish tartiblari tushuntirildi. “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining rasmiy sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, ishonch telefonlari hamda tashkilotning telegramdagi qayta aloqa bot manzillari to‘g‘risida axborot berildi.

Joriy yil 9 noyabr sanasidan kuchga kirgan “Transport to‘g‘risida”gi qonun va mazkur qonun talablari haqida yig‘ilganlarga batafsil tushuntirildi. Qonunga ko‘ra, avtomobil, havo, temir yo‘l, suv, elektr transporti, metropoliten va transport infratuzilmasi ob’yektlari O‘zbekistonning yagona transport tizimini tashkil etadi. Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan transportlarni O‘zbekistonga olib kirish, ishlab chiqarish, sotish yoki ulardan foydalanish taqiqlanadi. Vakolatli organlar vokzalda, aerovokzalda, aeroportda, metropolitenda va avtostansiyaga kirish joyida transport vositasini, bagajni, yuk bagajini va yukni, yo‘lovchilarni va boshqa shaxslarni ko‘zdan kechirishdan o‘tkazishi mumkin.

Tadbirda “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining asosiy vazifalaridan biri bo‘lgan temir yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash, turli qoidabuzarliklarni oldini olish maqsadida joriy yilning ortda qolgan davri davomida amalga oshirilgan ishlar, galdagi vazifalar, yutuq va kamchiliklar tahlil qilindi. Ishtirokchilardan tushgan savollarga batafsil javob berildi.

Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI