Boshqaruv raisi Chirchiq Shahrida “Og‘ir” toifadagi yoshlar bilan uchrashdi

Joriy yilning 1-may kuni Toshkent viloyati Chirchiq shahar hokimiyatida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev Chirchiq shahrida “og‘ir” toifadagi profilaktik hisobda turgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar bilan uchrashdi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda boshqaruv raisi o‘rinbosari J.Yusupov, Personalni boshqarish va kadrlar tayyorlash boshqarmasi rahbari D.Sobirov, Chirchiq shahar hokimi M.Abdurahimov, IIB va temiryo‘lchi mas’ullar, probatsiya nazoratida va profilaktik hisobda turgan, muntazam dars qoldiruvchi hamda nogironligi bo‘lgan 26 nafar yoshlar, ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2023 yil 11 aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda hamda 2024 yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi 37-sonli farmonining 1-bandida alohida ishlash talab etiladigan yoshlarni nomma-nom vazirlik va idora rahbarlariga biriktirish topshirig‘i berilgan edi.

Topshiriqqa asosan Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasining 2024 yil martidagi bayoniga asosan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisiga Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi Xumo, Semurg‘ va Chinor mahallalaridagi probatsiya nazoratida va profilaktik hisobda turgan, muntazam dars qoldiruvchi hamda nogironligi bo‘lgan 28 nafar yoshlar biriktirilgan.
Bu yoshlar bilan bir oy davomida manzilli, aniq mezonlar asosida ish tashkil etildi. Yuzma-yuz muloqotlar va o‘rganishlar davomida biriktirilgan yoshlarning 4 nafariga amaliy yordam ko‘rsatildi. Ya’ni fuqaro Farzona Muhammadjanova pasportini olishdagi muammolari bartaraf etilib, Chirchiq shahridan fuqarolik pasporti olib berildi. Fuqaro Viktoriya Smirnova kiyim-kechak va o‘quv qurollari bilan ta’minlanib, Aliya Dusibayevaning qaramog‘iga Vasiylik kengashi tomonidan olib berildi. Fuqaro Sevinch Farxodova va Eldor Raxmonqulovlar sog‘lig‘ini tiklash va davolanishda amaliy yordam berilishini so‘ragan edi. Ular Markaziy klinik kasalxonasida davolanmoqda.

Shu kunga qadar biriktirilgan “og‘ir” toifadagi yoshning barchasi bilan besh marotaba yuzma-yuz uchrashilib, suhbatlashildi. Tadbirga tashrif buyurgan mas’ul tashkilot vakillari tomonidan yoshlarning murojaatlari tinglandi va ularni qiynayotgan muammolari qisqa fursatda hal etib berilishi belgilandi.

Uchrashuv so‘ngida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Z.Narzullayev tomonidan barcha yoshlar moddiy rag‘batlantirildi.


"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI