Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma‘lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

01:19:32 (GMT +5), seshanba, 26 yanvar 2021

TAJRIBALI ELEKTR-MONTAJCHI

Baxtiyor Murotov bilan bir bor suhbatlashgan inson uning kamtarligiga, mehnatsevarligiga va shu bilan birga o‘z kasbining mohir ustasi ekaniga amin bo‘ladi. Har gapning birida “temir yo‘llarni elektrlashtirish orqali yoqilg‘i mahsulotini tejashimiz va xalqimiz uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilishimiz, ularga xavfsiz, qulay sharoit yaratishimiz lozim” degan so‘zlari zamiridan o‘z kasbini sevuvchi fidoyi insonni ko‘ramiz. Yuzidan samimiylik barq urib turgan bu qahramonimiz shu kungacha yirik elektrlashtirish loyihalarida ishtirok etib, temir yo‘llarni elektr-montaj qilish ishlarida munosib hissa qo‘shgan.

Baxtiyor Murotov asli farg‘onalik. Oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lgani uchun undagi mas’uliyat hissi yuqori bo‘lgan. Otasiga yelkadosh bo‘lib, 4 nafar ukasini issiq-sovug‘idan xabardor bo‘lishi bilan bir qatorda Qo‘qon temir yo‘l bilim yurtining aloqa va signallashtirish bo‘limida tahsil oldi. O‘sha kezlarda bilim olish unga oson kechmadi. Ota-onasi ro‘zg‘or tebratish ilinjida erta tongdan uydan chiqib, kun botganda kirib kelishardi. Ham o‘qish, ham oila yumushlari uning zimmasida edi. Shunday bo‘lsa ham vaqt topdi deguncha kundalik darslarni va berilgan topshiriqlarni a’lo darajada bajarishga harakat qilardi. O‘qishi davomida ustozlaridan soha sir-asrorlarini sidqidildan o‘rgandi. Tabiiy fanlarini puxta o‘zlashtirishga intildi.


O‘rganganlarini amaliyotda sinash maqsadida uydagi yoki qo‘ni-qo‘shnilarining nosoz elektr asbob-uskunalarini tuzatardi. Ota va onasining “ulg‘ayganingda yetuk elektr-montajchi bo‘lgin, rizqing el ustida bo‘lsin, olganing duo, topganing oltin bo‘lsin bolam” degan yaxshi niyatlari ijobat bo‘lib, Baxtiyor Murotov yetuk elektr-montajchi sifatida el-yurt xizmatida.

Texnikumni tamomlab, avvalgi “820-sonli qurilish-montaj poyezdi korxonasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatida elektr-montajchi bo‘lib ishga joylashdi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay uni harbiy xizmat safariga chaqirishdi. Xizmatni o‘tab qaytganidan so‘ng ishini davom ettirdi. Korxonada uzoq yillardan buyon mehnat qilib kelayotgan ustozlarining boy tajribasini o‘rgandi va sohaga bo‘lgan mehri, qiziqishi tufayli ularning ishonchini oqladi. Ustozlarining tavfsiyasiga ko‘ra, temir yo‘l tasarrufidagi “406-sonli ixtisoslashtirilgan qurilish-montaj poyezdi” unitar korxonasiga elektr-montajchi lavozimiga ishga o‘tkazildi.

Shu kunga qadar Baxtiyor Murotov “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining eng yirik loyihalaridan hisoblangan Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on, Toshkent – Samarqand – Qarshi, Pop – Namangan – Andijon kabi yo‘nalishlarni elektr-montaj qilish ishlariga munosib hissasini qo‘shdi. Shu bilan birga, uzoq yillardan buyon hamkorlik qilib kelayotgan Rossiya Federasiyasining Tver shahridan o‘tuvchi “Tver” stansiyasini hamda uchta parkini yangi texnologiyalar asosida elektr-montaj qilishda ustozi Yormatjon O‘sarov bilan bu topshirilgan ulkan vazifani ham belgilangan muddatda uddalaganligi uchun rahbariyat tomonida munosib rag‘batlantirildi. Shuningdek, bir necha bor “Faxriy yorliq” hamda esdalik sovg‘alar bilan mukofotlandi.

– Pop – Namangan – Andijon yo‘nalishidagi tezyurar poyezdlar qatnaydigan hududni yangi zamonaviy texnologiyalar asosida elektr-montaj qilish jarayonida korxona boshlig‘i Soy Viktor, bosh muhandis Xurshid Begimov, uchastka boshlig‘i Ixtiyor Xalilovlar boshchiligida zimmamizdagi ulkan vazifalarni ham o‘z vaqtida bajarishda harakat qilayapmiz, – deydi Baxtiyor Murotov. – Oilangdan uzoqda bo‘lsang ham, xalq xizmatida bo‘lish va ular ishonchini oqlash insonga rohat-farog‘at bag‘ishlaydi. Ayniqsa, el duosini olsang, aslo kam bo‘lmaysan. Shu kunga qadar olganim bilim, topganim e’zoz va e’tibor bo‘ldi.

Baxtiyor Murotov sohada olgan barcha saboqlari va o‘rganganlarini hamda ko‘p yillik boy tajribasini yosh avlodlarga ham o‘rgatishdan sira ham tolmaydi. O‘ziga biriktirilgan yosh kadrlarga soha sir-asrorlarini ipidan ignasigacha o‘rgatishi bilan birga ularni tanlagan kasbini sevishga, yetuk mutaxassis bo‘lishga undaydi.

Oilada ham baxtu iqbolga erishgan Baxtiyor Murotov umr yo‘ldoshi bilan besh nafar o‘g‘il va qizlarni el koriga yaraydigan inson etib tarbiyaladi. Bolalari ham otasidan ibrat olib, kasb-hunar egallashi barobarida padari buzrukvori kabi el duosini olib, shu kungacha oilasining faxri bo‘lib kelmoqdalar.

  • nashr uchun ko‘rinish