Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma’lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

10:11:04 (GMT +5), dushanba, 18 dekabr 2017

Temir yo'l sohasida ishlayotganimdan faxrlanaman

       Bahor – ayollar kabi nozik, go'zal va tarovatli fasl. Bejiz uni fasllar kelinchagi deyishmaydi. 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni yaqinlashgani sari bahor kirib kelganini yanada to'laroq, yanada yurakdan his qilamiz. Mo''tabar ona, sadoqatli umr yo'ldosh, mehribon opa-singillarimiz uchun bir kunlik bayram juda oz. Ularni har kuni ardoqlasak, dunyo quvonchlarini ulashsak arziydi.
       “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyatida shijoatli, mehnatsevar, o'z kasbini jonidan ortiq sevuvchi fidoyi ayollar talaygina. Kishidan aniqlikni, talabchanlikni, sabr-toqatni va izlanishni talab etuvchi temir yo'l sohasida bunday nozik xilqat egalarining faoliyat olib borishi chinakam jasoratdir. Xoh u iqtisodchi, huquqshunos, muhandis bo'lsin, xoh vagon kuzatuvchisi barchasi soha rivoji yo'lida sidqidildan mehnat qilmoqda. Jamiyatning Aktsiyadorlar bilan korporativ munosabatlar boshqarmasi boshlig'i Nodira Obilova ham ana shunday jonkuyar kasb egalaridan biri. 1983 yilda Namangan viloyatining Uychi tumanida tavallud topgan qahramonimizning temir yo'l tizimida faoliyat olib borayotganiga ham 10 yildan oshdi. 2006 yilda hozirgi Toshkent davlat yuridik universitetini tamomlagan Nodira dastlab “O'ztemiryo'lkonteyner” aktsiyadorlik jamiyatiga hujjat topshiradi va tanlovdan muvaffaqiyatli o'tib, korxonaning yuridik bo'limida yuriskonsul`t lavozimida ish boshladi. O'zining bor bilim va ko'nikmalarini ishga solgan mutaxassis tezda jamoada obro'-e'tiborga ega bo'ldi. Kasbga bo'lgan sadoqati, o'z ustida tinimsiz izlanishi, talabchanligi bois u 2009 yildan korxonaning yuridik bo'limi boshlig'i lavozimida faoliyat ko'rsata boshladi. 2015 yildan buyon esa Nodira Obilova “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyatining Aktsiyadorlar bilan korporativ munosabatlar boshqarmasi boshlig'i sifatida faoliyat yuritmoqda.
      – Bilasizmi, yoshligimda poytaxt va respublikamizning boshqa viloyatlariga poezdda borar edim, – deydi u. – Uzoq yo'l davomida xuddi sayohatchidek his qilardim o'zimni. Temir tulpor orqali ko'rmagan joylarimni ko'rishga muvaffaq bo'ldim. Shuningdek, poezdlarning harakat-lanishi meni o'ziga rom etardi. Shu sabab menda yoshligimdan bu sohaga qiziqish paydo bo'lgan. Garchi huquqshunoslik sohasi bo'yicha tahsil olgan bo'lsam-da, baribir temiryo'lchi kasbini tanladim. Men bundan faxrlanaman. Tizimda faoliyat olib borish har bir xodimdan katta mas'uliyat talab etadi. Shuning uchun qahramonimiz, asosan, intizom va javobgarlikka alohida e'tibor qaratadi. Chunki intizom bor joyda ish unumi yuqori bo'ladi.
     – Men uchun sog'liq, halollik va tinchlikning o'zi eng katta baxt, – deydi Nodira Obilova. – Kasbimni judayam yaxshi ko'raman. Temir yo'l sohasida ishlayotganim ham men uchun katta omad. Egnimdagi temiryo'lchi libosi bilan g'ururlanaman. Men kasbim orqali obro'-e'tiborga, hurmatga sazovor bo'ldim.
       Albatta, temir yo'l tizimida mehnat qilayotgan har bir ayolni har qancha ardoqlasak arziydi. Erkaklar bilan yelkama-yelka turib tarmoqda faoliyat olib borish haqiqiy matonatdir. Toki ayol bor ekan, erkaklarning yuragidagi olov so'nmaydi, bilagidagi kuchi kamaymaydi, iroda, shiddat, mehr va muhabbat bo'y cho'zib boraveradi. Qalblardagi nur, ongimizdagi shuur jilva etaveradi.
       Muhtarama ayollar, aziz onajonlar, qadrli opajonu singiljonlar! Barchangizni shunday tabarruk kunda, mehr va muhabbat porlayotgan, sevinchu shodiyonalik sepi yoyilgan ayyomingiz bilan chin qalbdan muborakbod etamiz! Dilimizdagi eng sara, eng ezgu, eng iliq tilaklarni bildiramiz!

Jamshid Shermetov,
“Temiryo‘lchi” muxbiri

  • nashr uchun ko’rinish