Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma’lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

15:53:56 (GMT +5), juma, 28 iyul 2017

Yaxshilik qilishdan charchamaydigan Yaxshiboeva

     Har gal gazeta sahifasidagi “Oramizdagi odamlar” rukni uchun maqola tayyorlayotganimizda hamsuhbatimizning o'y-xayollari, orzu-armonlari, hayot yo'liga bir nazar tashlaymiz. Bunda inson ichki olami va ruhiyatiga ham bir nazar solinadi.
Bu galgi suhbatdoshimiz “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyati Arxiv bo'limi boshlig'i Munavvara Yaxshiboeva bilan ham gurungimiz anchagacha davom etdi. Ko'p o'qigani, dunyoqarashi keng, samimiy, muqoyasayu mulohaza qilishni yoqtirishi sezilib turibdi. Munavvara opa o'rni kelganida jo'shib, ba'zan kuyinib, ba'zan o'ylanib, lekin samimiy gapirdi. Shu bois mavzu qamrovi kutganimizdan keng bo'ldi: hayot zavqi, ilm, madaniyat, ma'rifat, ta'lim-tarbiya, insoniy burch, kasb mas'uliyati, zahmati...
     — Arxiv bu tirik tarix bo'lib, juda keng qamrovli soha, — deydi M. Yaxshiboeva. — 140 ta tashkilot hujjatlarini o'zida jamlagan arxivimizda, 1930 yildan to 2015 yilgacha bo'lgan davrda kadrlar masalalari va oylik maoshlari bo'yicha barcha hujjatlar hamda Boshqaruv raisining buyruqlari saqlanadi. Ya'ni fondimizda 85 yillik hujjatlar jamlangan. Hozirgi kunda yiliga 3000 tagacha murojaatlar bo'yicha ma'lumotnoma tayyorlab berayapmiz. Bir kunda ba'zan 25 nafargacha fuqaroni qabul qilamiz. Bu tugallanmaydigan boylik. Bu borada hatto 2007 yilda "Hujjatlarni saqlash muddatlari ko'rsatilgan namunaviy ro'yxat" kitobini chop ettirdim. 2012 yilda to'ldirilgan nashri qayta chop etildi. Arxiv-hammaga hozirjavoblik bilan javob beradigan soha. 

       Shu bois juda tezkorlik bilan ishlashni talab qiladi. Bitta sohani mukammal egallash insondan uzoq yillar davomida tinimsiz o'z ustida ishlashni, izlanishni, o'rganishni taqozo qiladi. Shu yillar davomida Munavvara opa ham o'zining mehnatsevarligi, yuklatilgan vazifaga ma'suliyat bilan yondashishi, mehribonligi, rostgo'y va halolligi bilan nafaqat temiryo'lchilar, balki bu dargohga bir bora murojaat qilgan barcha odamlar orasida hurmat qozondi. — Bu ishni o'rganishim oson kechmagan, — deydi opa so'zida davom etib. 

      — Bir necha yillar kunu tun tinmay ishlashimga to'g'ri keldi. Chunki ish tartib bilan tashkil etilmaganligi bois bitta hujjatni topish uchun necha kunlab vaqt sarflashimga to'g'ri kelgan. Salkam 14 yil davomida har bitta hujjatni o'z o'rniga joylashtirish barobarida, xotiramga ham muhrladim. Chunki har bir hujjat bitta emas, bir necha inson taqdiriga daxldor. Shu yillar davomida o'z ishiga mas'uliyatsizlik bilan qarab, hujjatlarni yo'q qilib yuborgan yoki makulaturaga topshirib yuborgan xodimlarni ham ko'rdim. Ularning e'tiborsizligi tufayli qanchadan-qancha odamlar ko'rayotgan jabr, ovora-yu sarsongarchiliklarning guvohi bo'ldim. Shuning uchun ham shogirdim Nadejda Kupryanovaga har bitta hujjatga shunchaki qog'oz deb emas, inson taqdiri, ko'p yillik mehnati bog'liq bo'lgan hujjat deb qarang, deya qayta-qayta uqtiraman.
      Obodlik ko'ngildan boshlanadi. Bu oddiy haqiqat bugun barcha yurtdoshlarimiz qatorida Vatanining ertangi istiqboli uchun jon kuydirib mehnat qilayotgan har bir temiryo'lchining ko'nglidan o'tadi, desak mubolag'a bo'lmaydi.
     — Kasal bo'lib yotish mening xarakterimga zid. Sog'lig'im juda yomon bo'lsada, ishga kelgach, hammasini unutaman. Hayotda har qanday vaziyat bo'larkan. Ba'zan xursand, ba'zan xafa bo'lgan kunlarim yuragimga daldani, oldinga qarab olg'a intilish uchun kuchni ishimdan olganman.
      Barchasini ishni boshlaganimda unutardim. Odamlar quvonchu tashvishini baham ko'rib, ba'zan yaxshi kunlariga, ba'zan yomon kunlariga kerak bo'ladigan hujjatlarni tayyorlab berishga to'g'ri keladi. Murojaat qilgan odamga birinchi beradigan yordamim — shirin so'zimdir. Qo'limdan kelganicha murojaat qilganlarning hujjatlarini tezroq tayyorlab berishga, og'irini yengil qilishga harakat qilaman. 14 yildan beri “bu dargohdan hech kim xafa bo'lib ketishi mumkin emas”, degan aqida bilan ishlayman.
     Yaxshilik qilish va yaxshilikka intilib yashash, yaxshi insonlar safida bo'lish qahramonimizning hayotda e'tiqod qiladigan amallaridan biridir. Insonning bosib o'tgan yillarini, umrini uning qilgan yaxshi ishlari, yaxshi amallari bilan o'lchash, mezonlash kerak bo'lsa, Munavvara Yaxshiboeva kabi yaxshilik qilishni o'zining eng asosiy burchi deb bilgan odamlarning yoshi necha asrlardan oshib ketgan bo'lardi. Hayotida erishgan yutuqlarini va topgan hurmatini, har bir kunini temir yo'l bilan bog'lagan qahramonimizning ishlariga muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Oynisa NORBOEVA,
“Temiryo‘lchi” muxbiri

  • nashr uchun ko’rinish