Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma’lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

06:18:12 (GMT +5), shanba, 16 dekabr 2017

Yuksak orzular qanotida

    Inson bu dunyoga kelar ekan, yashash uchun kurashadi. Hayotda o’z o’rnini topishga, baxtli yashashga, kasbining etuk ustasi bo’lishga intiladi. Albatta, buning uchun tinimsiz izlanadi, mehnat qiladi. Bugun so’z yuritmoqchi bo’lgan qahramonimiz Nusratillo Abdullaev ham ana shunday jonkuyar insonlardan biri.


      –– Bilasizmi, yoshligimda uzoq viloyatlardagi qarindoshlarimizni ko’rish uchun ota-onam bilan poezdda borar edik, – deydi Nusratillo aka. – O’sha paytlari bu ulkan temir qanday harakatlanar ekan, uni qanday qilib boshqarish mumkin, degan sirli o’y menga tinchlik bermas edi. Bora-bora ushbu qiziqish menda orzuga aylandi. Bizning oilada hech kim temir yo’l sohasida ishlamagan. Shu bois mening qiziqishlarimga hech kim qarshilik ko’rsatmadi. 1981 yili Toshkent temir yo’l muhandislari institutiga hujjat topshirib, talaba bo’lish baxtiga erishdim. Besh yil davomida teplovozlar va teplovoz xo’jaligi bo’yicha mexanik-muhandisligi mutaxassisligi bo’yicha tahsil oldim. Dastlab ish faoliyatimni hozirgi “O’ztemiryo’lmashta’mir” unitar korxonasida chilangarlikdan boshlaganman. U erda ustozlarim Kuzma Gnazdilov va Viktor Pishevlar qo’li ostida kasbning sir-sinoatlarini o’rgandim. Xullas, ushbu zavod sohaga kirib kelishimda men uchun bir maktab bo’ldi.

      Chilangar bo’lib ishga kelgan N.Abdullaev, izlanishlari, tirishqoqligi, mehnatsevarligi tufayli texnik nazorat bo’limida nazorat ustasi, teplovoz sexi boshlig’i, bosh muhandis o’rinbosari, ishlab chiqarish bo’yicha bosh direktor o’rinbosarligidan bosh direktor lavozimigacha bo’lgan og’ir mashaqqatli lekin sharafli yo’lni bosib o’tdi.

     Bu davrda u ko’plab yirik loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etdi. Jumladan, “Asr qurilishi” nomini olgan Toshguzar-Boysun-Qumqo’rg’on, Angren-Pop temir yo’llarining qurilishida faol qatnashdi. Lokomotivlarni modernizasiya qilish jarayonlarida etuk mutaxassislik qobiliyatini ishga solib, qator amaliy takliflar bilan chiqdi. Sidqidildan mehnat qildi. Temir yo’lda hech qanday mehnat rag’batsiz qolmaydi. Nusratillo Abdullaevning 2012 yili “Faxriy temiryo’lchi” ko’krak nishoni bilan taqdirlanishi uning ish faoliyatiga berilgan yuqori baho edi.

       –– Nusratillo aka har kuni hammadan oldin ishga kelib, barcha sexlarni ko’zdan kechirib chiqadi, – deydi moliya va iqtisod masalalar bo’yicha bosh direktor o’rinbosari Kamol Atajanov.  – SHu kungi qilinadigan ishlar rejasini ham ishlab chiqadi va shu erning o’zida barcha mas’ul shaxslarni yig’ib kerakli topshiriqlarni beradi. Bu holat har kuni takrorlanadi. Qilinadigan ishlarning nazoratini ham kanda qilmaydi. Bu esa o’z-o’zidan ish sifati va unumini oshirishiga sabab bo’ladi. Hammaga bir xil samimiy munosabatda bo’ladi, tirishqoq, izlanuvchan inson. Tartib va intizom u kishi uchun doim birinchi o’rinda. Men Nusratillo akadan ko’p narsa o’rgandim.

     Ikki nafar farzandning otasi, shogirdlarining mehribon ustozi Nusratillo aka nafaqat zavodda, balki butun tizimda hurmat-e’tibor qozongan insonlardan. Erkin Sanaqulov, Bobur Meliboev, Tojiddin Ablazov, Zafar Isoqov, Zaynobiddin Ayubjonov kabi sevimli shogirdlari tarmoqda turli lavozimlarida faoliyat ko’rsatib kelishmoqda..

      –– Nusratillo aka zavod direktori bo’lsada, doim ishlab chiqarish sexlariga muntazam chiqib, ishchi-muhandislarning faoliyatini erinmasdan ko’zdan kechiradi, yoshlarga bilmaganlarini o’rgatadi, kerakli maslahatlarini beradi, – deydi Zafar Isoqov. – Jamoat ishlaridagi faolligi, zavod ishchilarini ijtimoiy qo’llab-quvvatlashidan o’rnak olsa arziydi. Har bir yumushga sidqidildan kirishadi, uni bajarmaguncha tinib tinchimaydi. Ustozim bilan birga 19 yildan ortiq faoliyat olib bordik. Ular menga nafaqat ustoz, balki akamday bo’lib qolgan.

    “Ot izini toy bosar” deb bejiz aytishmaydi ota-bobolarimiz. Darhaqiqat, psixologlarning ta’kidlashicha, aksariyat o’zbek oilalarda farzandlar ota kasbini tanlashga harakat qilishar ekan. Bu bejiz emas, albatta. Chunki bola otasi singari o’z kasbining ustasi bo’lishga, shu kasbi orqali hurmat e’tiborga erishishga intilar ekan. Nusratillo akaning ham farzandlari otasi singari temiryo’lchi bo’lishni niyat qilishgan. O’g’li Sunnatillo “O’ztemiryo’lmashta’mir” unitar korxonasida bosh texnolog, qizi Nargiza esa ushbu zavodda hisobchi bo’lib faoliyat olib bormoqda.

    Joriy yili qahramonimiz uchun omadli bo’ldi desak adashmaymiz. Chunki u temir yo’l transport xodimlari kuni arafasida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga ko’ra “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.

    Qahramonimiz ayni kuchga to’lgan payt. Qalbida orzu-umidlar, niyatlar yanada yuksak. Doimo korxona faoliyati samarasini bundanda oshirish, ishlab chiqarishni kengaytirish, jamoa uchun qulay mehnat sharoitlari yaratib berish yo’lida izlanadi, o’qiydi, o’z ustida ishlaydi. Intilish esa insonni yuksak marralarga erishishida mustaxkam qanot bo’ladi.

Jamshid Shermetov

  • nashr uchun ko’rinish