Ishonch telefoni (+998 71) 237-99-98Dush. – Jum. 9-00 dan 18-00 gacha

Vokzal ma’lumotxonasi 1005Kecha-kunduz

02:07:28 (GMT +5), shanba, 20 oktabr 2018

Tarix yaratayotgan yo'l ustasi

Buxoro – Miskin temir yo'li, bu – taraqqiyot va yuksalish yo'li. Qishning qahratoni-yu, yozning jaziramasiga qaramasdan,  shiddat ila barpo etilgan shijoat va matonat yo'li. Fidoyi temiryo'lchilarning navbatdagi bunyodkorlik nashidasi. Bu qurilishga qariyb ikki mingga yaqin ishchi-mutaxassisning mehnati singdi. 203-tajribali yo'l–mashina stantsiyasining yo'l ustasi Umidjon Po'latov ham mazkur qurilishda ishtirok etib, o'zining mehnatsevarligi va jonkuyarligi bilan jamoadoshlariga o'rnak bo'ldi. 

– Ota kasbiga bo'lgan intilish, mehr meni shu sohaga yetakladi, – deydi u. – Bolaligimda otam tez-tez o'z ishxonasiga olib borardi. Poezdlarga qarab, bunday mahobatli mashinalarni boshqarayotgan kishilarga havas qilardim. Bu havas meni keyinchalik bilim yurtiga yetakladi. O'qishni “Teplovoz mashinisti yordamchisi” mutaxassisligi bo'yicha tamomladim. Endi oldimda temir yo'llarga bog'langan katta hayot yo'li turardi. Shu-shu, temiryo'lchilik taqdirimga, non-tuzimga aylandi.


Umidjon 2003 yilda Toshkentdagi 203-tajribali yo'l–mashina stantsiyasida mashinist yordamchisi sifatida ish boshladi. Mehnatlari samarasi natijasida 2007 yildan poezd kuzatuv ustasi bo'ldi. 2013 yildan buyon esa yo'l ustasi sifatida faoliyat yuritmoqda. U mehnat faoliyati davomida ko'plab yutuq va muvaffaqiyatlarga erishdi. Korxona rahbariyati tomonidan bir necha bor rag'batlantirildi. 2016 yilda korxonaning “O'z kasbining ustasi” faxriy yorlig'i bilan taqdirlandi.

Qahramonimiz o'z kasbini yaxshi ko'rishini, u bilan faxrlanishini maroq bilan so'zlaydi: “Yillar o'tgani sayin kasbimga bo'lgan mehrim va hurmatim oshib borayapti. Ishga kirganimda, ustozlar mening qo'limdan tutib, texnikaning sir-asrorini mukammal o'rgatishga harakat qilishgan. Ularning o'giti, nasihati bilan mashinist yordamchisi zimmasidagi mas'uliyatni, javobgarlikni tushunganman. Endigina ish boshlaganimda qudratli mashinalarning haybati meni ham o'z vazifamga jiddiy qarashga, uni mahorat bilan boshqarishga o'rgatdi”. 

U.Po'latov mustaqillik yillarida temir yo'l tizimida amalga oshirilgan ko'plab yirik loyihalarda ishtirok etdi. “Asr qurilishi” nomini olgan Toshguzar – Boysun – Qumqo'rg'on, Hayraton – Mozori Sharif, Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo'li va Buxoro – Miskin temir yo'li shular jumlasidandir. U haqida Yo'l xo'jaligi boshqarmasi       boshlig'i, O'zbekiston Qahramoni Erkin Ummatov shunday deydi:

– Umidjon juda baxtli inson. Chunki so'nggi yillarda bunyod etilayotgan deyarli barcha yirik qurilishlarda ishtirok etmoqda. Bu har qanday temiryo'lchi uchun sharaf. Har safar uning ishlarini kuzatganimda, o'zgacha shijoat, boshqalarga nisbatan jonkuyarlikni ko'raman. Ayniqsa, Buxoro – Miskin temir yo'li qurilishidagi mehnati bilan barchaga o'rnak bo'ldi. Ana shunday  fidoyi, mard, bilimli temiryo'lchilar bor ekan, sohada ulkan yutuqlarga erishaveramiz.

– Yirik qurilishlarda ishtirok etganim menga alohida g'urur va  iftixor bag'ishlaydi, – deydi qahramonimiz. – Buxoro – Miskin temir yo'li qurilishi esa men uchun katta bir tarixga aylandi. Bu tarixning nafaqat guvohi bo'ldim, balki yaratilishida bevosita ishtirok etdim. Odam yursa oyog'i, qush uchsa qanoti kuyadigan  Qizilqum cho'lida kechani kecha,  kunduzni kunduz demay ishladik. To'g'ri, oldin ham bundan-da yirik va murakkab loyihalar qurilishida qatnashganman. Lekin sahro bag'rini, qolaversa,  o'zing tug'ilib o'sgan yerlarni obod qilish o'zgacha baxt ekan. Endi bu manzillarda taraqqiyotning yangi davri boshlanadi. Mana shunday bunyodkorlikka hissa qo'shganimdan nafaqat o'zim, o'ylaymanki, kelajak avlodim ham faxrlanib yashaydi.

Umidjon Po'latovning otasi ko'p yillar temir yo'l sohasida ishlagan. Bugun To'xtamurod otaning ikkinchi o'g'li Sobirjon Po'latov ham 203-tajribali yo'l–mashina stantsiyasida faoliyat yuritmoqda. Farzandlarning ota-ona izidan borishi, ularning kasbini egallashi har bir ota-ona uchun ham alohida g'urur bag'ishlaydi...

Faruh Do'stov 

"Temiryo'lchi" gazetasi muxbiri


  • nashr uchun ko’rinish