O'zbekiston Respublikasi Prezidentining poytaxtning keng ko'lamli qurilish ob'ektlariga tashrifiga doir

Shaharsozlik va "O'zbekiston temir yo'llari" AJ bir-biri bilan uzviy bog'liqdir. Faqat so'nggi bir necha yil ichida xalq manfaati uchun xizmat qiladigan ko'plab ob'ektlar foydalanishga topshirildi. bunyodkorlik ishlari davom etmoqda. Avval bir necha qurilish maydonchalarida davlatimiz rahbari Sh. Mirziyoyev tashrif buyurdi.

Yurtboshimiz "Toshkent-Sharqiy" aerodromida aeroport qurilishi bilan tanishdi. Bu yerda fuqarolik (ishbilarmonlik) aviatsiyasi tashkil etish bo‘yicha 2017-yil 30-iyunda Prezident qarori qabul qilingan edi. Davlatimiz rahbari o‘tgan yili bu yerga kelib, mazkur aerodromni qayta qurish bo‘yicha loyiha takliflari bilan tanishgan edi.

Bugungi kunda aeroportda qurilish ishlari zamonaviy texnika yordamida jadal olib borilmoqda. 4 kilometr uzunlikdagi ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagi, samolyotlar to‘xtab turishi uchun angar va perron, yuqori darajadagi delegatsiyalar, ishbilarmon doiralar vakillari va soatiga ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatuvchi terminallar bunyod etilishi rejalashtirilgan. Prezident bu aeroport nafaqat bugun, balki kelajak uchun barpo etilayotgani, shu bois uni uzoqni o‘ylab, sifatli va xavfsiz qilib qurish zarurligini ta’kidladi.

Husniddin HASILOV – "O'zbekiston temir yo'llari"AJ boshqaruvi raisi.

– Muxtaram Prezidentimiz jalb etilgan xalkaro konsultantlarimiz bilan bevosita suxbat o’tkazdilar va amalga oshirilayotgan ishlarning sifatiga, muddatiga va eng asosiy xavfsizlik masalasiga doir topshiriq berdilar. Qurilayotgan ob'ektning xalqaro havo liniyasida yulovchilarni tashish vazifasi bo’lgani sabab asosiy e'tibor xavfsizlikka berishimizni ta'kidladilar va bu borada xalqaro talab darajasidan kelib chiqqan holda sifat masalasiga alohida e'tibor berishimizga topshiriq berdilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili 1-iyun kuni Toshkent shahrining Maxtumquli va Ohangaron ko‘chalari kesishmasida transport bog‘lamasi qurish loyihasini ma’qullagan edi. O’tgan kuni bu yerdagi ishlar yakuniy bosqichga kirdi.

Mazkur transport bog‘lamasi muhandislik yechimiga ko‘ra noyob bo‘lib, uch qavatdan iborat. Ohangaron shossesi bo‘ylab umumiy uzunligi 502 metr tunnel, Maxtumquli ko‘chasi bo‘ylab 411 metrlik estakada, chorrahaning halqa qismida har biri 29 metrlik ikkita yo‘l o‘tkazgich qurilmoqda.

Zafar MAXAMATOV – "O'zbekiston temir yo'llari"AJning bosh menejer - bosh muhandisi.

 – Ushbu qurilishning afzalliklariga keladigan bo’lsak, ushbu ob'ekt O’zbekiston sharoitida bu kabi birinchi inshoot bo’lib, beshta yo’nalishni o’z ichiga oladi va transport yechimini bir vaqtning o’zida tartibga soladi. Bu yerda biron bir svetofordan foydalanilmaydi. Yurtboshimiz biz – quruvchilarga shunday topshiriq berdilarki, qurilish ob'ektini o’z vaqtida qurib bitkazish va shoshmasdan, xavfsizlik masalalariga aloxida e'tibor bergan holda va shaxrimizning tashrif ramzlaridan biriga aylanishiga alohida e'tibor berishimizni ta'kidladilar. Mazkur yo’l o’tkazgichning boshqa shu kabi inshootlardan farqli jixati shundaki, uning 90% monolit konstruktsiyadan tashkil topgan. Xozirgi kunda, agar qurilishni umumiy xajmidan kelib chiqadigan bulsak, 70% bajarilgan va yil oxiriga qadar ushbu transport yechimi foydalanishga topshirilishini rejalashtirilganmiz. 

Shuningdek, shu yerda Toshkent metropolitenining yer usti halqa metro liniyasi qurilishi bo‘yicha ham ma’lumot berildi. Umumiy uzunligi 52 kilometrdan ziyod bo‘lgan mazkur yo‘l besh bosqichda quriladi. Bugungi kunda «Do‘stlik» metrosidan Qo‘yliq bozorigacha bo‘lgan yo‘nalish barpo etilmoqda.

– Shahar aholisining ko‘p qismi va poytaxtimizga kelganlar jamoat transportidan foydalanadi. Lekin hozircha to‘la qulaylik ta’minlanmagan. Odamlarning noroziligi shundan. Mana, qancha uylar qurilyapti, shahar rivojlanyapti, yana rivojlanadi. Shularni inobatga olib, shahar jamoat transportini aholiga qulay, arzon, xavfsiz qilib berishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oybek Xudoyqulov – "O'zbekiston temir yo'llari" AJ boshqaruvi raisining o'rinbosari - "Toshkent metropoliteni"unitar korxonasining boshlig'i.

– Muxtaram Prezidentimizga biz Toshkent metropolitening rivojlanish konseptsiyasini taqdim etdik. Shu jumladan, xozirgi kunda Yunusobod liniyasining “Shaxriston” metro bekatidan “Turkiston” bekatigacha olib borilayotgan qurilishi hamda Chilonzor liniyasining davomi bulmish yer ustidan utuvchi yangi liniyasining qurilishi xaqida ma'lumot berdik. Bundan tashkari, mazkur qurilishlar tugatilsa, metropolitenning keyingi rivojlanishi bo’yicha uchta loyihani taqdim etdik, qurilishni davom ettirish maksadida. “Beruniy” stantsiyasidan Korakamish dahasigacha, “Buyuk ipak yuli” stansiyasidan Traktor zavodiga qadar hamda “Mingo’rik” stantsiyasidan Otchopargacha bo’lgan yangi liniyalarni qurish takliflarimizni kiritdik. Davlatimiz rahbari ushbu yer usti liniyasini Toshkent metropoliteni va avtobuslar yo‘nalishlari bilan oqilona inegratsiyalash, yuklamadan kelib chiqib aholiga qulayliklarni oshirib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shu kuni Shavkat Mirziyoyev Yashnobod tumanidagi Toshkent mexanika zavodiga ham tashrif buyurdi. Bugungi kunda zavod hududida o‘ndan ziyod korxona faoliyat yuritib, ularda ikki yarim mingdan ortiq kishi mehnat qilmoqda. Lekin bu 141 gektar maydonga ega ulkan kompleks uchun yetarli emas. Bundan samarali foydalanish maqsadida zavod hududida texnopark tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari mazkur texnoparkda amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Unga ko‘ra, bu yerda 2019-2020-yillarda umumiy qiymati 385 million dollardan ziyod bo‘lgan 16 ta korxonani ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu korxonalarda yiliga 1 million donadan ziyod kir yuvish mashinasi, 1 millionta oshxona plitasi, yana shuncha maishiy sovutkich, 75 ming dona savdo sovutkichlari va muzlatkichlar, 700 mingta elektr suv isitgich, 550 mingta suv nasosi, 80 ming dona sanoat konditsioneri, 2 mingta lift va eskalatorlar, shuningdek, alyumin va bimetall radiatorlar, eshik-rom furnituralari, sendvich-panellar, linoleum va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish mo‘ljallangan. To‘qqiz mingga yaqin ish o‘rni yaratish, yiliga qariyb 185 million dollarlik eksport qilish ko‘zda tutilgan.

Sarvar AXADOV – "Texnopark" MCHJ rahbari.

– Korxonamiz axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va interfaol boshqaruv sohasida eng zamonaviy boshqaruv usuliga erishish borasida o'z oldimizga ulkan vazifalarni qo'ydik. Zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo'yicha biz asosiy injiniring kompaniyalarini tanlab oldik va ular bizning mutaxassislarimiz bilan birgalikda ishlab chiqarishning birinchi bosqichidagi barcha texnologik jarayonning bosqichlarini 85% ga tasdiqladilar.

Prezident korxonalar barqaror ishlashi uchun doimiy xaridor kerakligini, chet ellardagi zavodlar bilan kelishib, ularga zarur mahsulot va ehtiyot qismlarni tayyorlab berish mumkinligini ta’kidladi. Yana yangi loyihalar ishlab chiqish, ularni aholining ishga talabi va mavjud resurslardan kelib chiqib, oqilona joylashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shu kuni davlatimiz rahbari Toshkent viloyatining Qibray va Yuqori Chirchiq tumanlari hududida qurilgan yangi avtomobil yo‘lini borib ko‘rdi. 19 kilometrdan ziyod uzunlikdagi mazkur yo‘l qurilishi uch bosqichda amalga oshirilishi belgilangan. Bugungi kunda uning 12 kilometri, jumladan, Chirchiq daryosi ustida ko‘prik barpo etilgan. Ma’lumki, Toshkent shahrini Chorvoq hududi bilan bog‘laydigan avtomobil yo‘lida qatnov juda ko‘p. Dam olish mavsumida ko‘pincha tirbandlik yuzaga keladi. Bu yangi yo‘l katta yuklamani o‘ziga olib, masofani ham qisqartiradi, aholi va sayyohlarning kurort zonalarga tez va oson yetib borishini ta’minlaydi.


Prezident yo‘llar qurilishini izchil davom ettirish, bu sohada sifatni ta’minlash uchun malakali kadrlar tayyorlash zarurligini ta’kidladi. Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalashtirish, qurish va foydalanish institutida Germaniyaning o‘qitish tizimini joriy qilish, shu sohada o‘rta mutaxassislar tayyorlaydigan mintaqaviy kollejlar tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Axborot-tahliliy media markazi

Rasm  Prezident.uz saytidan olingan.

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI