9 dekabr - Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashabbusi bilan 2004 yildan boshlab har yili “9 dekabr - Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” butun jahon miqyosida nishonlanishi ham aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olish uchun sharoitlar yaratilishiga imkon bermoqda.

Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan korrupsiyaviy xatti-harakatlarning sodir etilishiga qarshi olib borilayotgan kompleks chora-tadbirlari ham davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiya omillarini keltirib chiqarayotgan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan bo‘lib, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustadan jamoatchilik nazorati tizimi samaradorligini oshirishga hamda aholi va jamiyat orasida o‘zaro ishonchning shakllanishiga zamin yaratmoqda.

Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati ham o‘z navbatida bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Bu borada Jamiyatda korrupsiyaga qarshi ichki komplayens tizimi yo‘lga qo‘yilib, uning faoliyat yuritish tartibini belgilovchi ichki idoraviy hujjatlar qabul qilindi. Mazkur hujjatlar asosida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, aloqa kanallari orqali korrupsiyaviy xatti-harakatlar to‘g‘risida kelib tushgan xabarlar bilan ishlash, Jamiyat xodimlarining etika va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘qitilishini tashkil qilish, shartnomaviy munosabatlarda kontragentlarni va ishga qabul qilishda nomzodlarni tekshirish, korrupsiyaviy hatti-harakatlar yuzasidan xizmat tekshiruvlari o‘tkazish kabi tizimlar yo‘lga qo‘yilib, ularning samarali faoliyat olib borishi va takomillashtirilishi yuzasidan monitoring ishlari olib borilmoqda.

Korrupsiyasiz jamiyatni qaror toptirish maqsadida ekanmiz, jamiyatimizning barcha aʼzosi har qanday qonunbuzarliklar sodir etilishiga, ildiz otishiga yo‘l qo‘ymasligi, unga befarq va loqayd bo‘lmasligi, yakdillik bilan harakat qilib yurtimizning istiqbolli rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shmog‘i lozim.


"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi