KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH VA HALOLLIK TAMOYILLARIGA RIOYA ETISH

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati o‘z faoliyatida qonuniylik, halollik, ochiqlik, shaffoflik, mas’uliyat va hisobdorlik tamoyillariga qat’iy amal qiladi. Jamiyat o‘zining ishchanlik obro‘si, korporativ qadriyatlari hamda jamoatchilik ishonchini eng muhim boyliklaridan biri sifatida qadrlaydi.

Shu munosabat bilan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ barcha xodimlari, tarkibiy bo‘linmalari, tizim tashkilotlari, pudratchilari, yetkazib beruvchilari va biznes hamkorlaridan korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishni, xizmat vazifalarini bajarishda halollik, xolislik, adolat va kasbiy etika me’yorlariga qat’iy rioya etishni talab qiladi.

Temir yo‘l transporti mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmoqlaridan biri bo‘lib, uning barqaror va samarali faoliyat yuritishi, yo‘lovchilar hamda yuk tashish xizmatlari sifatini oshirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish jarayonlarida shaffoflik hamda qonuniylikni ta’minlash alohida ahamiyat kasb etadi.

Jamiyat faoliyatining barcha yo‘nalishlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash, ularning oldini olish va bartaraf etish, shuningdek, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik ustuvor vazifalardan hisoblanadi.

Halol va vijdonli biznes muhitini shakllantirish, korporativ boshqaruv samaradorligini oshirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida Jamiyat rahbariyati korrupsiyaviy huquqbuzarliklar, manfaatlar to‘qnashuvi, xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilish, noqonuniy manfaat olish, pora berish yoki olish, tanish-bilishchilik, noqonuniy imtiyozlar taqdim etish va boshqa noxolis xatti-harakatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z vaqtida olishdan manfaatdor.

Shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish tartibi va boshqa ichki me’yoriy hujjatlar talablarining buzilishi holatlari yuzasidan kelib tushgan murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, ularga xolisona baho berish hamda tegishli choralar ko‘rish muhim hisoblanadi.

Ishonch va ochiqlik – korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim vositasi

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ xodimlari, tizim tashkilotlari vakillari, biznes hamkorlari, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar, shuningdek, yo‘lovchilar va keng jamoatchilik uchun korrupsiyaviy holatlar haqida xabar berish imkoniyatini yaratish maqsadida “Ishonch telefoni” va boshqa axborot kanallari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Ushbu aloqa kanallari orqali quyidagi holatlar yuzasidan murojaat qilishingiz mumkin:

  • pora talab qilish, pora berish yoki olish bilan bog‘liq holatlar;
  • mansab vakolatini suiiste’mol qilish va xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanish;
  • davlat xaridlari, tenderlar va shartnomalar tuzish jarayonlaridagi korrupsiyaviy holatlar;
  • manfaatlar to‘qnashuvini yashirish yoki tegishli tartibda oshkor qilmaslik;
  • ishga qabul qilish, lavozimga tayinlash va kadrlar bilan ishlash jarayonlaridagi qonunbuzilishlar;
  • temir yo‘l transporti xizmatlarini ko‘rsatish, yuk va yo‘lovchi tashish jarayonlaridagi noqonuniy xatti-harakatlar;
  • moddiy boyliklar, moliyaviy mablag‘lar va Jamiyat mulkidan noqonuniy foydalanish;
  • korrupsiyaviy xavf-xatarlar hamda boshqa qonunbuzilish holatlari.

Har bir murojaat belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi va unda bayon etilgan holatlar yuzasidan tegishli choralar ko‘riladi.

Jamiyat murojaat qiluvchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, murojaatlarning maxfiyligini ta’minlash hamda korrupsiyaviy holatlar haqida vijdonan xabar bergan shaxslarni ta’qib va tazyiqlardan himoya qilish tamoyillariga amal qiladi.

Korrupsiyaga befarq bo‘lmang! Agar siz korrupsiyaviy holatga duch kelsangiz yoki shunday holat haqida ishonchli ma’lumotga ega bo‘lsangiz, quyidagi aloqa kanallari orqali xabar berishingizni so‘raymiz.

Sizning murojaatingiz – temir yo‘l sohasida shaffoflikni ta’minlash, sog‘lom ish muhitini shakllantirish va korrupsiyaga qarshi kurashishda muhim hissadir.

Halollik – faoliyatimiz mezoni, shaffoflik – ishonchimiz kafolati!

 

Murojaat uchun aloqa kanallari

Murojaat uchun aloqa kanallari

 

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ – korrupsiyaga qarshi murosasiz, halollik va ochiqlik tarafdori!