Korrupsiya – taraqqiyot kushandasidir!

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati markaziy apparatida Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan aksilkorrupsiya media haftaligi doirasida “Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda dastlab “O‘zbekiston temir yo‘lari” aksiyadorlik jamiyati Personalni boshqarish va kadrlar tayyorlash boshqarmasi boshlig‘i Davronbek Sobirov so‘zga chiqib, temir yo‘l sohasida korrupsiyani oldini olish maqsadida keng qamrovli ishlar olib borilayotganini aytib o‘tdi. Ayniqsa, ishchi-xodimlarning huquqiy ongi va huquqiy savodxonligini oshirish hamda ularning korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatini shakllantirish maqsadida zarur choralar ko‘rilayotganini taʼkidladi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Transport  prokuraturasi prokuratura organlari tergov tarmoqlari faoliyati ustidan nazorat bo‘limi prokurori Aziz Sadigov hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining Korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i  Farxod Zulfiqorovlar so‘zga chiqib, temir yo‘l tizimida korrupsiyani oldini olish, unga yo‘l qo‘ymaslik uchun amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi. Shundan so‘ng Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi raisi o‘rinbosari, Sotsiologiya fanlari doktori, professor Toshpo‘lat Matiboyev “Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” mavzusida tayyorlagan elektron dasturi bo‘yicha yig‘ilganlarga korrupsiya so‘zining mazmun mohiyati va uning turlari, kelib chiqish sabablari, davlatga, jamiyatga hamda kelajakka salbiy taʼsirlari haqida tushuntirib o‘tdi. Yurtimizda korrupsiya illatini oldini olishda mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan korrupsiyaviy xatti-harakatlarning sodir etilishiga qarshi olib borilayotgan kompleks chora-tadbirlar davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiya omillarini keltirib chiqarayotgan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan bo‘lib, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimi samaradorligini oshirishga hamda aholi va jamiyat orasida o‘zaro ishonchning shakllanishiga zamin yaratayotganini taʼkidladi. Temir yo‘l sohasining barcha yo‘nalishlarida ham korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida keng qamrovli maʼnaviy va maʼrifiy hamda amaliy choralar ko‘rilayotganini aytib o‘tdi.

Maʼlumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashabbusi bilan 2004 yildan boshlab har yili “9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” butun jahon miqyosida nishonlanishi ham aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olish uchun sharoitlar yaratilishiga imkon bermoqda.

Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida ham o‘z navbatida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Jamiyatda korrupsiyaga qarshi ichki komplayens tizimi yo‘lga qo‘yilib, uning faoliyat yuritish tartibini belgilovchi ichki idoraviy hujjatlar qabul qilindi. Mazkur hujjatlar asosida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, aloqa kanallari orqali korrupsiyaviy xatti-harakatlar to‘g‘risida kelib tushgan xabarlar bilan ishlash, Jamiyat xodimlarining etika va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘qitilishini tashkil qilish, shartnomaviy munosabatlarda kontragentlarni va ishga qabul qilishda nomzodlarni tekshirish, korrupsiyaviy xatti-harakatlar yuzasidan xizmat tekshiruvlari o‘tkazish kabi tizimlar yo‘lga qo‘yilib, ularning samarali faoliyat olib borishi va takomillashtirilishi yuzasidan monitoring ishlari olib borilmoqda.

So‘zga chiqqanlar “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati xodimlari korrupsiya kabi illat aniqlangan taqdirda uning har qanday ko‘rinishiga befarq bo‘lmasliklari, jamoat nazoratini taʼsirchan choralarini kuchaytirishda munosib hissalarini qo‘shishlari zarurligini taʼkidlashdi.

Tadbir so‘ngida O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi tomonidan tayyorlangan “Farzandingiz ijobiy qahramoni bo‘ling”mavzusida ijtimoiy axamiyatga ega videorolik namoyish etildi.



"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi