“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Zufar G‘iyasovich Narzullayevning jamiyat xodimlariga MUROJAATI

O‘zbekistonning yangilangan siyosati jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini oliy darajaga ko‘tarish, zamonaviy samarali davlat boshqaruvini joriy etish, davlat xizmatida korrupsiyaviy holatlarning har qanday ko‘rinishlariga qatʼiy murosasizlik madaniyatini shakllantirishda yuksak g‘oyalarga tayanmoqda. Avvalo, ushbu islohotlarning tub zamirida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan: “Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha aʼzolari, taʼbir joiz bo‘lsa, “halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz. Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tishimiz kerak” degan tamoyilga muvofiq barcha imkoniyatlar xalqimizning korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida huquqiy savodxonligini oshirish ustuvor vazifa etib belgilanmoqda.

Hurmatli hamkasblar!

Bugungi kunda davlat va jamiyatimiz oldida turgan muhim vazifa – sifatida jamiyat xodimlarining ongida korrupsiyaga qarshi murosasizlik madaniyatini kuchaytirishdir. Avvalo, ushbu madaniyat inson ongida ro‘y berishi va undan keyin ularning harakatiga ko‘chishini taʼkidlash o‘rinlidir.

Korrupsiyaning oldini olish uchun faqat huquqiy choralar bilangina kurashib bo‘lmaydi, buning uchun Jamiyatimizning barcha rahbar va ishchi xodimlarining ongida korrupsiyaga qarshi toqatsizlik munosabatini shakllantirish, bu borada sog‘lom fikrlashni o‘rgatishimiz zarur.

Shu bilan birga, Jamiyatning barcha xodimlari o‘z faoliyatida:

- O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun va qonunosti hujjatlari hamda Jamiyatning ichki hujjatlari talablariga so‘zsiz rioya etilishini;

- xaridlarni rejalashtirish va amalga oshirish jarayonining qonuniyligi, shaffofligini taʼminlash va samaradorligini oshirish choralari ko‘rilishini;

- rahbarlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarga bilimli, halol, vijdonli, qonunga itoatkor xodimlar tanlab olinishini taʼminlashlari lozim.

Yuqoridagilarga ko‘ra, Sizdan, Jamiyatning barcha xodimlarini korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatini shakllantirishda faol ishtirok etishga chaqiraman va Jamiyat faoliyatida korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga duch kelsangiz, zudlik bilan bu haqida Jamiyat rahbariyatiga murojaat qilishingizni so‘rayman.