“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati xodimlariga “Etika va korrupsiyaga qarshi kurashish” yo‘nalishidagi o‘quv kurslari tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 12 yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” PQ-81 sonli qarori ijrosini taʼminlash hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va uning korxona, tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha samarali tizimni tashkil etish, ishchi-xodimlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, ularda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida “Jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida umumiy va maxsus o‘qitishni tashkil etish to‘g‘risida”gi 92-NZ sonli buyruq tasdiqlandi. Unga ko‘ra “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining Korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan Personalni tayyorlash muassasasi Kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash o‘quv markazi bilan birgalikda 2024 yil 6 maydan 15 mayga qadar Jamiyat va uning tizim tashkilotlari xodimlari uchun “Etika va korrupsiyaga qarshi kurashish” yo‘nalishida maxsus o‘quv kurslari tashkil etildi.
Toshkent temir yo‘l texnikumi qoshidagi kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazida o‘tkazilgan o‘quv kursi davomida tinglovchilarga Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti (O‘zMU)ning Falsafa va Huquq fanlari doktori (PHD) Saitmurotov Jobirjon esa Jamiyat xodimlariga etik va huquqiy madaniyat, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari bo‘lmish Jamiyatda qabul qilingan ichki idoraviy hujjatlar mazmuni to‘g‘risida maʼruza qildi.
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati, sotsiologiya fanlari doktori, o‘nlab nashrlar muallifi, professor Toshpo‘lat Matibayev esa o‘zining so‘nggi “O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi. Fuqarolik jamiyati: Korrupsiya – ijtimoiy xavf” nomli kitobining qisqacha mazmuni haqida so‘zlab, mamlakatimizda korrupsiyaviy holatlarning oldini olishda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga qaratilayotgan ishlarga atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zosi Valiyev Muhammad O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro tajribasi hamda o‘rni hamda bu borada davlat hokimiyati organlari bilan olib borilayotgan, ularning samaralari haqida so‘z olib bordi.
O‘quv kursi yakunida tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar hamda test imtihoni sinovlarini muvaffaqiyatli topshirib, maxsus sertifikatlarga ega bo‘ldilar.
Jamiyatda o‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlar, shubhasiz, korrupsiya deb atalish illatga qarshi kurashishning ijtimoiy-huquqiy mexanizmi sifatida xizmat qiladi.
"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi