Temir yo‘l texnikasi muzeyi ta’mirlanmoqda

Poytaxtimizdagi Temir yo‘l texnikasi muzeyida XIX-XX asrda ishlab chiqarilgan turli rusumdagi parovoz, teplovoz, elektrovoz, vagonlar hamda ta’mirlash-qurilish texnikalari tashrif buyuruvchilarni aslo befarq qoldirmaydi. Shu boisdan, muzey bir necha yildan buyon nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijiy sayyohlar uchun ham eng gavjum maskanlardan biriga aylangan. 

Bu yerga kelgan kishi turli davrlarda xalq xo‘jaligi yuklari va yo‘lovchilarni tashishda foydalanilgan lokomotivlar, vagonlar va ular haqidagi nodir ma’lumotlarga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston temir yo‘llari tarixini qamrab olgan o‘nlab foto-suratlar, temir yo‘l xaritalari, turli texnikalar va boshqa tarixiy ashyolar barchada katta qiziqish uyg‘otadi. Shuning uchun ham poytaxtimizdagi ushbu maskan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari orasida yagona Temir yo‘l texnikasi muzeyi hisoblanadi. Butunjahon texnika muzeylari assosiasiyasi ro‘yxatiga kiritilgan.

Hozirgi kunda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi X.Xasilovning 2021 yil 2 iyundagi “Temir yo‘l texnikasi muzeyining estetik ko‘rinishini yaxshilash to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan muzey hududida kapital va joriy ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

– Darhaqiqat, har yili muzeyda iyun oyidan boshlab temiryo‘lchilar bayrami kuniga qadar ta’mirlash ishlari olib boriladi, – deydi Temir yo‘l texnikasi muzeyi direktori Soyibjon Xo‘jayev. – Chunki bizning eksponatlarimiz ochiq osmon ostida joylashgan va yil davomida havo harorati o‘zgarishi sababli o‘z ko‘rinishini tez yo‘qotadi. Biroq bu galgi rekonstruksiya ishlari o‘tgan yillarga qaraganda boshqacharoq bo‘lmoqda. Texnikalarni, ayniqsa, barcha poyezd va vagonlarni eski bo‘yoqlardan tozalash, gruntlash, tekislash ishlari sifatli amalga oshirilmoqda. Eksponatlardan eskirgan, yaroqsiz metall qismlari almashtirilib, estetik ko‘rinishga keltirilmoqda. Bu esa muzeyga tashrif buyurgan mehmonlarda o‘zgacha taassurot uyg‘otadi, degan umiddamiz.

Muzey maydoni 16156 m2ni tashkil etadi. Uning hududida 44ta eksponat – parovozlar, teplovozlar, elektrovozlar, qurilish texnikasi, semaforlar mavjud. Ob-havoning keskin ko‘tarilishini inobatga olib holda, yong‘in xavfsizligini ta’minlash maqsadida hududga o‘t o‘chiruvchi texnikalar va brigadalar biriktirildi. 

Temir yo‘l texnikasi muzeyini zamonaviy ko‘rinishga keltirish maqsadida hududdagi yo‘llarga asfalt qoplamasi yotqizish, bordyurlar, chegara panjaralarining holatini yaxshilash, ko‘kalamzorlashtirish va yo‘laklarga bruschatkalar yotqizish hamda joriy ta’mirlash ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI