“Quyuv-mexanika zavodi” SHKda ishlab chiqarish quvvatlari.

Toshkent shahrining Bektemir tumanida joylashgan “Quyuv – mexanika zavodi” shoʻba korxonasi tumanning eng yirik korxonasi hisoblanadi. 46 gektar hududni egallagan korxonada bugungi kunda 1 ming 450 nafarga yaqin ishchi-xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. Korxonada xalqaro standartlarga muvofiq ISO 9001 sifat menejmenti tizimi joriy etilgan.

Ushbu korxonaga Germaniya, Sloveniya, Belarus, Rossiya, Ukraina davlatlaridan zamonaviy texnikalar va quyuv dastgohlari keltirilib, ulardan unumli foydalanilmoqda. 

Korxona rahbari Kamoliddin Rashidovning aytishicha, so‘nggi yillarda bu yerda ishchi-xodimlarga har tomonlama qulay sharoitlar yaratib berish, iqtidorli mutaxassislarni jamlash hamda sexlarga zamonaviy dastgohlarni joriy etish yo‘li bilan yangi turdagi vagonlarni sifatli qurishga, ularni ehtiyot qismlarini shu yerning o‘zida ishlab chiqarishga katta ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, bundan 5 yil avval ishlab chiqarilayotgan vagonlar ehtiyot qismlarining 80 foizi xorijdan chet el valyutalariga import qilingan bo‘lsa, mahalliylashtirish dasturining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani bois bugungi kunga kelib ularning 70 foizi o‘zimizda, ushbu korxona mutaxassislari tomonidan ishlab chiqarilmoqda va millionlab xorij valyutasi tejab qolinishiga erishilyapti. Ayni vaqtda korxonada yigirmata sex mavjud bo‘lib, 400 turdan ortiq butlovchi qismlar ishlab chiqarilmoqda.

– Korxonamizda 5 turdagi yangi yuk vagonlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan, – deydi “Quyuv – mexanika zavodi” shoʻba korxonasi direktori Kamoliddin Rashidov. – Ulardan biri  konteynerlarni tashish uchun mo‘ljallangan yangi 13-6991 modelli uzun bazali vagon-platformalardir. Bu turdagi vagon-platformalarning avvalgilaridan asosiy farqi uzunligida. Ya’ni oldin 1ta eski platformada 1 a 40 futlik konteyner tashilgan bo‘lsa, yangisida 2ta 40 futlik konteyner yoki 4ta 20 futlik konteynerni tashish imkoni mavjud. Undan tashqari mineral o‘g‘itlar uchun 19-9600 modelli vagon-xopper, syement tashish uchun 19-9596 modelli vagon-xopper hamda yarim ochiq 12-9922 modelli universal lyukli vagon va hajmi 158 m³ bo‘lgan, eshiklari kengaytirilgan 11-9923 modelli, to‘liq metall bilan qoplangan vagon ishlab chiqarilmoqda. Yarim usti ochiq vagonlar 70 tonna yuk ko‘taradi, 92 m³ sig‘imga ega. Bu bilan yuk tashish hajmini oshirish imkoniyati yaratildi. Ushbu yangi vagonlarning eski turdagi vagonlardan asosiy farqi mustahkamligi va sifatida. Shuningdek, tezyurar poyezdlar harakatiga moslashtirilgan, sig‘imi hamda yuk tashuvchanligi bo‘yicha ham avvalgilaridan yaxshiroq. Yuk ko‘tarish imkoniyati bo‘yicha ham oldingi vagonlardan farq qiladi. Yuklarni tushirish va yuklarni ortish jarayonida ham afzalliklarga ega bo‘lib, texnologik vaqtni qisqartirishga erishilgan.

Korxonada konstruktorlar bo‘limi ham mavjud bo‘lib, bu yerda malakali mutaxassislar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular tomonidan yuk vagonlarining chizmalari tayyorlanadi va vagonlar shu yerdagi mutaxassislar chizmalari asosida ishlab chiqariladi.

Shuningdek, yuk vagonlarini va nostandart uskunalarni ishlab chiqarish, qayta jihozlash, mexanizasiyalash bo‘yicha, konstruktorlik hamda muhandis-texnologlar bo‘limi xodimlari tomonidan ilg‘or texnologiyalarni tatbiq qilish ustida keng ko‘lamli ishlar olib borilmokda.

Ta’kidlash lozimki, keyingi yillarda korxonaning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, sexlarga zamonaviy dastgohlar o‘rnatildi. Bu esa ishlab chiqarish unumdorligini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun puxta zamin bo‘ldi. Eng muhimi mahsulotlarni mahalliylashtirish imkonini bermoqda. Bugungi kunda korxonada vagonlarni qurish va ta’mirlashdan tashqari ularning ehtiyot qismlarini ham mahalliylashtirishga katta ahamiyat qaratilmoqda. Ayni paytda bu yerda 400 dan ortiq ehtiyot qism mahsulotlari mahalliylashtirilgan. O‘zlashtirilgan bu mahsulotlarning ko‘p qismi temir yo‘l tizimidagi lokomotiv, vagon, yo‘l, elektr tarmoqlari hamda aloqa xo‘jaliklarida ham ta’mirlash uchun ishlatiladigan mahsulotlardan iborat. Bundan tashqari, yurtimizdagi boshqa soha yo‘nalishlari uchun ham mahalliylashtirish ishlari olib borilmoqda. Hozirgi kunda yangi elektrovozlarning ehtiyot qismlari bo‘lgan prujinalarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. 
Korxonada yopiq va yarim ochiq turdagi yuk vagonlarini ishlab chiqarish, ularni kapital va depo ta’mirlash hamda zamonaviylashtirish, yuk vagonlari va temir yo‘l izlarini ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan ehtiyot qismlarni ishlab chiqarish, yo‘lovchi vagonlar uchun ehtiyot qismlar, qishloq va suv xo‘jaligi buyurtmalari asosida asbob-uskunalar hamda nostandart inshoot va qurilmalar tayyorlanib, ishlab chiqariladi. Shuningdek, xalq iste’moli mollarini ishlab chiqarish hamda aholiga pullik xizmat ko‘rsatish ham yo‘lga qo‘yilgan.

Erishilgan natijalarni tahlil qiladigan bo‘lsak, 2019 yilda ishlab chiqarish hajmi 2018 yilga nisbatan 108 foizga bajarildi. 2020 yilda esa ishlab chiqarish hajmi 2019 yilga nisbatan 111 foiz bo‘ldi. 

2021 yilning o‘tgan 6 oyida ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 104 foizga bajarildi.
Joriy yilda “Quyuv – mexanika zavodi” shoʻba korxonasida ishlab chiqarish hajmini o‘tgan yilga nisbatan 103 foizga bajarish rejalashtirilgan bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:
- 375 dona yangi yuk vagonlarini ishlab chiqarish, shundan:
- 50 dona yarim vagon;
- 200 dona syement tashuvchi vagon;
- 25 dona mineral o‘g‘it tashuvchi vagon;
- 100 dona yangi uzun turdagi (dlinobaznыy) platformalar;
- 160 dona vagonlarni kapital va joriy ta’mirlash;
- 4 936 tonna po‘lat mahsulotlari quyish;
- 2 938,6 tonna cho‘yan mahsulotlari quyish.

Korxonada 2020 yilning 1 yanvariga qadar mahalliylashtirish dasturlari amalga oshirilib, 36 turdan ortiq butlovchi va ehtiyot qismlar mahalliylashtirildi.
Mahalliylashtirish dasturi asosida mahsulot ishlab chiqarish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu boradagi ko‘rsatkichlar yil sayin ortib borayotganini ko‘rishimiz mumkin. Misol uchun 2018 yilda korxonada 20 turdan ortiq mahsulot mahalliylashtirilgan bo‘lsa, hozirgi kunda bularning soni qariyb 40 turga yetkazildi. Jumladan, respublikamiz temir yo‘l korxonalari uchun zarur bo‘lgan avtoulagich (seriyali) ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Xususan, 2020 yilda 26 turdagi mahsulot mahalliylashtirilgan bo‘lsa, 2021 yil yakuniga qadar yana 80 turdan ortiq mahsulotlarni mahalliylashtirish rejalashtirilmoqda. Joriy yil uchun belgilangan 34 turdagi mahalliylashtirish rejasidagi mahsulotlarning barcha turlari bo‘yicha 6 oylik reja 111,9 foizga bajarildi. 

Hozirgi kunda amalga oshirilgan dastur natijasida yopiq vagonlar, yarim vagonlar, platforma, uzun bazali platforma, xopper-mineral o‘g‘it tashuvchi, xopper-sement tashuvchi, fiting, sement tashuvchi kabi yuk vagonlari ishlab chiqarilmoqda. Eng muhimi, barcha ishlab chiqarilgan vagonlar sifat sertifikatiga ega bo‘lib sinovdan o‘tgan.

Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI