Temiryo‘lchi ayollar moddiy ragʻbatlantirildi

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati korxonalarida faoliyat ko‘rsatayotgan kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muxtoj 300 nafarga yaqin xotin-qizlarga moddiy yordam ko‘rsatildi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b. X.Xasilovning 2021 yil 23 iyuldagi “Moddiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan tarmoq tizimidagi korxona, tashkilot va muassasalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj va “Ayollar daftari”ga ro‘yxatga olingan 294 nafar temiryo‘lchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning har biri 1 million so‘mdan moddiy rag‘batlantirildi. 

Shuningdek, bayram munosabati bilan “O‘zbekiston” lokomotiv deposi hamda Markaziy temir yo‘l poliklinikasida ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati tashkil etildi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda temiryo‘lchi xotin-qizlar bilan ishlash va ularning oilalarida ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, mustaqillik tufayli ularga berilgan imkoniyatlar hamda yangi qabul qilingan qonun hujjatlari to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. 

Tadbirda falsafa fanlari doktori, professor, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, Xotin-qizlar kengashi eksperti J.Shermuhamedova ishtirok etdi va bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish borasida talaygina ishlar bajarilayotganini e’tirof etdi. Bunda davlatimiz rahbarining 2021 yil 5 martdagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori ham dasturilamal bo‘layotganini aytib o‘tdi. 

Tadbirda  xotin-qizlarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka jalb qilish, ayollar o‘rtasidagi jinoyatchilikni oldini olish, shuningdek, oilalarni mustahkamlash, farzand tarbiyasi, er va xotin, qaynona-kelin, ota-ona va farzand o‘rtasidagi huquqiy munosabatlar hamda ayollar ma’naviyatida psixologik qarashlar xususida tushuntirishlar berildi.

Axborot-taxliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI