«O'zbekiston temir yo'llari» AJ: Erishilgan yutuqlar. Kengkamrovli maqsadlar. Istiqbolli rejalar

Mamlakatimiz temir yo‘l tizimi mustaqil davlatimiz bilan birgalikda katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. O‘tgan vaqt davomida tarmoqni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha qator bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 2017—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida barcha soha va tarmoqlar singari temir yo‘l tizimida ham tub islohotlar boshlandi.

Ushbu yo‘nalishdagi sanoat korxonalari davr talabiga mos texnologiyalar bilan jihozlanib, ularda zamonaviy yo‘lovchi va yuk vagonlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yyildi. Birgina “Quyuv-mexanika zavodi” korxonasida harakatlanadigan tarkibni ta’mirlash bazasini rivojlantirish, vagonsozlikni tashkil etish va quyuv korxonasini rekonstruksiya qilishga qaratilgan katta ko‘lamdagi loyihalarining amalga oshirilishi natijasida yangi yuk vagonlari, ko‘p tonnali konteynerlar ishlab chiqarilishini kengaytirish va yuk vagonlarini kapital ta’mirlash hamda qayta tiklash ishlarini yanada jadallashtirish imkoniyati yaratilmoqda. Hozirgi vaqtda mamlakatimiz bo‘yicha yuklarning 60 foizdan ziyodi, yo‘lovchilarning esa 75 foizdan ortig‘i temir yo‘l transporti orqali manzillariga yetkazilyapti.

“Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyati va “Toshkent metropoliteni” unitar korxonasi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga qo‘shib berilgach, sohada bunyodkorlik ishlari yanada ortdi, mas’uliyatli vazifalar zalvori ko‘paydi. Ushbu yo‘nalishlar taraqqiyoti, barqaror faoliyatini ta’minlash maqsadida zamonaviy texnikalar xarid qilindi. Ishchi-xodimlarning ijtimoiy faoliyatiga katta e’tibor qaratildi, maoshlari oshirib berildi. Yurtdoshlarimiz temiryo‘lchilar tomonidan barpo etilayotgan Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan yer usti halqa metro liniyasi, xalqaro aeroport, ko‘rkam istirohat bog‘lari, yirik ishlab chiqarish korxonalari va zamonaviy turar joy qurilishlarini ko‘rib, soha xodimlarining bunyodkorlik, yaratuvchanlik fazilatlariga yuqori baho bermoqda.

Xususan, mutaxassislarimiz tomonidan Toshkent shahri, Samarqand, Navoiy, Buxoro hamda Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarida yirik loyihalar hayotga tatbiq etilyapti. Temiryo‘lchilar tomonidan 2020 yilda Toshkent metropolitenining yer osti Yunusobod liniyasida uzunligi 2,9 kilometr bo‘lgan “Turkiston” va “Yunusobod” metro bekatlari hamda Markaziy Osiyo davlatlari orasida ilk bor yer usti metro liniyasining 1-bosqichida 11,5 kilometr bo‘lgan “Do‘stlik – Qo‘yliq” uchastkasi bunyod etilib, jami 7 ta bekat foydalanishga topshirilgan edi. 2020 yilning so‘nggi oyida esa 5 ta bekatdan iborat Sergeli liniyasi ham qurib bitkazildi. Ayni paytda esa “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasi tomonidan yer usti metro liniyasining 2-bosqichida 15 kilometrlik “Qo‘yliq – Qipchoq – Yangi hayot” uchastkasida qurilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

Urganch shahridagi Al-Xorazmiy va Islom Karimov ko‘chalari kesishmasida yer osti avtomobil yo‘l o‘tkazgichi qurilishi ham temiryo‘lchilarga ishonib topshirildi. Mazkur loyihaga binoan, ikki ko‘chaning kesishmasida qurilayotgan yer osti avtomobil yo‘lining tepa qismida buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdining monumenti qad rostlashi ko‘zda tutilgan.

Ayni paytda jadallik bilan bajarilayotgan “Buxoro — Urganch — Xiva” temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish ishlari esa yuk va yo‘lovchi tashish samaradorligini yanada oshiradi. Uning umumiy uzunligi 465,5 kilometrdan iborat. Elektrlashtirish jarayonlarini bosqichma-bosqich amalga oshirayotgan 800 nafarga yaqin mutaxassis 160 ga yaqin maxsus temir yo‘l va qurilish texnikasidan foydalanmoqda. Mazkur loyihani elektrlashtirish ikki yo‘nalishda, ya’ni Buxoro hamda Xorazm hududlarida olib borilyapti.

Ispaniyaning “Talgo” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan yuqori tezlikda harakatlanadigan “Afrosiyob” elektropoyezdlari poytaxtimizdan Samarqand, Buxoro, Qarshi kabi tarixiy shaharlarimizga qatnamoqda. Bu elektropoyezdlar qisqa muddatda xalqimiz va xorijiy mehmonlarning e’tibori va ishonchini qozondi. Quvonarlisi, O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi arafasida yurtimizga yana bitta “Afrosiyob” poyezdi olib kelindi va ularning soni 5 taga yetdi.

Joriy yilning 18-19 mart kunlari Prezidentimiz Toshkent viloyatining Chirchiq shahriga qilgan tashrifi davomida ushbu hududda avtomobil va temir yo‘llarning o‘tkazuvchanligini oshirish, jamoat transportini rivojlantirish kerakligini ta’kidlab, sohaning mas’ul rahbarlariga topshiriq bergan edi. Shundan so‘ng “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati tomonidan Salar — Chirchiq — Xo‘jakent temir yo‘l uchastkasini tezyurar poyezdlarga moslashtirish uchun belgilangan loyiha bo‘yicha 2 bosqichda ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi. Bugungi kunda ushbu temir yo‘l qismining 17 kilometrlik uchastkasida kapital ta’mirlash ishlari jadallik bilan bajarilmoqda. Rejaga ko‘ra, barcha qurilish ishlari joriy yil yakuniga qadar tugatiladi. Loyihaning ikkinchi bosqichida esa “Chirchiq — Xo‘jakent” uchastkasi qamrab olinadi. Ushbu uchastkani ta’mirlash ishlari 2022 yilda boshlanadi. Unda 17 kilometrlik inventar relslarni uloqsiz relslarga almashtirish rejalashtirilgan.

Ana shu sa’y-harakatlar natijasida so‘nggi yillarda O‘zbekiston temir yo‘llari transmintaqaviy transport koridorlarining eng muhim bo‘g‘ini sifatida xalqaro temir yo‘llar tashuvi tizimida munosib o‘rin egallamoqda. Zero, mamlakatimiz magistral temir yo‘l tarmoqlari orqali Sharq va Gʻarb, Janub va Shimolni birlashtiradigan katta transport-kommunikasiya va tranzit salohiyatiga ega.

Bu borada soha xodimlarining o‘rnini alohida e’tirof etish joiz. Davlatimiz rahbari tomonidan 2017 yil 2 avgustda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kunini nishonlash to‘g‘risida”gi farmoni har bir temir yo‘l transporti ishchi-xodimlari, soha mutaxassislari mehnatini e’zozlash ramzi bo‘ldi. Mazkur Farmon bilan mamlakatimizda avgust oyining birinchi yakshanbasi “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kuni” deb belgilandi va bu sanani doimiy ravishda sohaga mos, tantanali tarzda o‘tkazib borilishi belgilandi.

Qayerda inson mehnati qadrlansa, e’tirof etilsa, o‘z vaqtida rag‘batlantirilsa, o‘sha joyda ish unumi ortaveradi, taraqqiyot va rivojlanish bo‘laveradi. Bunga temir yo‘l tizimi yaqqol misol. Ayni kunlarda 87400 nafar temiryo‘lchilar mehnat qilayotgan sohada ijtimoiy yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar havas qilgudek. Tizim xodimlarining oylik maoshi yildan-yilga oshib, ko‘plab imtiyozlar joriy etilyapti. Eng zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan shifoxonalar, poliklinika va sihatgohlar, qolaversa, sport majmualari ularga xizmat ko‘rsatmoqda.

Bu yil mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligini temiryo‘lchilar katta bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish jarayonida kutib olishdi. Zero, o‘tgan davr mobaynida sohada ulkan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar amalga oshirildi. Bugun bu qilingan ishlar davlatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligiga xizmat qilmoqda.

                                                                                                                                                                           Axborot-tahliliy mediia markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI