
Ko‘prik qurilish poyezdi korxonasida yangi imkoniyatlar
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi v.b. X.Xasilovning 2019 yilning 16 apreldagi 441–N-sonli buyrug‘iga asosan Buxoro viloyatining Kogon tumanida bo‘sh yotgan uch gektar yer maydoniga “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Yo‘l xo‘jaligi boshqarmasiga qarashli Ko‘prik qurilish poyezdi korxonasi tashkil qilingan edi.
Korxona qurilishi «Toshtemiryo‘lloyiha» masʼuliyati cheklangan jamiyati loyiha smetasi asosida qiymati 32 milliard so‘mni tashkil etgandi. Bugungi kunda mazkur korxonada 121 nafar ishchi-xodim faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ularning 70 nafari yoshlar, 10 nafari esa ayollardan iborat.
Ushbu korxonaning asosiy faoliyat turi mamlakatimizning barcha hududlaridagi temir yo‘l sunʼiy inshootlari uchun temir-beton mahsulotlarini ishlab chiqarish, temir yo‘l sunʼiy inshootlarini taʼmirlash va qurish, shuningdek, temir ko‘priklarni bo‘yab, ko‘rkam holatga keltirishdan iborat. Hozirgi kunda mamlakatimiz temir yo‘l hududlari va yon atroflarida jami 7 ming 102 ta ko‘prik va sunʼiy inshootlar bo‘lib, ulardan 1 ming 386 donasini ko‘prik, 5 ming 716 tasini esa quvurlar tashkil etadi.
Eʼtiborlisi, yaqinda korxonada mehnat muhofazasini yaxshilash va ishchi-xodimlarni o‘qitish hamda bilimlarini yana-da oshirish maqsadida 83 million so‘mlik zamonaviy texnik-o‘quv mashg‘ulot xonasi va kiyinish xonasi foydalanishga topshirildi. Shuningdek, yangi qurilgan beton quyish sexi ishga tushirildi.
Temiryo‘lchilarning ish vaqtida mehnat muhofazasini yaxshilash, ularni kasbga o‘qitish hamda bilim darajasini yanada oshirish maqsadida tashkil etilgan zamonaviy texnik-o‘quv mashg‘ulot xonasi hamda yuvinish va kiyinish xonasining foydalanishga topshirilishi soha xodimlariga yana-da qulaylik yaratish bilan birga, ularni kasbiy tajribasini oshirish hamda mehnat muhofazasiga qatʼiy amal qilishlariga omil bo‘lishi shubhasiz. Korxonada soatiga 30 m3 hajmda beton mahsuloti ishlab chiqarishga moslashgan qiymati 1 milliard 32 million so‘m bo‘lgan beton quyish sexi ishga tushirildi. Shu bilan birga temir ko‘priklarni bo‘yab, ko‘rkam holatga keltirish hamda ko‘p qavatli binolarni taʼmirlash uchun sanoat alpinisti usulida o‘qitilib litsenziya olindi va 10 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
2021 yil 14 oktyabr kuni yangi qurilgan beton quyish sexi hamda zamonaviy o‘quv xonasining ochilish marosimiga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Transport prokurori, Adliya katta maslahatchisi M.Xodjayev, Buxoro transport prokurori 3-darajali davlat Adliya maslahatchisi M.Naimov, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Yo‘l xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i E.Ummatov va “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi boshlig‘i A.Ergashev hamda korxona rahbariyati va ishchi-xodimlar ishtirok etishdi. Mehmonlar korxonada amalga oshirilgan qurilish ishlari bilan yaqindan tanishishdi, ayniqsa, yangi barpo etilgan texnik-o‘quv xonasi va ularda yaratilgan qulay sharoitlar mehmonlarda yaxshi taassurot qoldirdi. Shundan so‘ng Ko‘prik qurilish poyezdi boshlig‘i A.Boboyorov korxonada ishchi-xodimlar uchun amalga oshirilgan o‘zgarishlar va kelgusida qilinadigan qurilishlar haqida tayyorlangan taqdimot orqali tushuncha berib o‘tdi.
– Korxonamiz tashkil etilgan 2019 yilda “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasiga qarashli “Zarafshon” stansiyasini suv bosishini oldini olish maqsadida 7 ta temir yo‘l izi ostidan o‘tadigan 54 metrlik uzunlikdagi temir-beton quvur va 150 metr uzunlikdagi latok ariqlar o‘rnatilib, suv qochirish inshooti qurildi, – deydi Ko‘prik qurilish poyezdi boshlig‘i A.Boboyorov. – 2020 yil “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasiga qarashli “Razyezd-306” – “Mustaqillik” temir yo‘l stansiyalari oralig‘idagi 153 kilometrda joylashgan sunʼiy inshoot kapital taʼmirlanib, diametri bir metr bo‘lgan ikki ko‘zli temir quvur o‘rniga o‘lchami 2x2 metr to‘rt ko‘zli to‘g‘ri to‘rtburchakli temir-beton quvurlari o‘rnatildi. 2020 yil “Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasiga qarashli «Alatun» – «Ayritom» – “Jom” stansiyalari oralig‘ida 3 dona temir-beton ko‘prik mutaxassislarimiz tomonidan kapital taʼmirlab berildi.
Joriy yilda ham ushbu korxona jamoasi faoliyati ish ko‘lamiga boy bo‘lmoqda. Xususan, “Qo‘ng‘irot mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasiga qarashli “Ayapbergan – Berdax – Bo‘ston” uchastka yo‘llari oralig‘ida 4 dona, “Oltinko‘l” – “Qo‘ng‘irot” stansiyalari oralig‘ida bir dona temir-beton ko‘prik kapital taʼmirlandi. “Qo‘qon mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasiga qarashli Qo‘qon va Andijon temir yo‘l masofalariga qarashli uchastka yo‘llarida 40 dan ortiq temir-beton quvurlar kapital taʼmirlandi. “Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasiga qarashli Salar temir yo‘l masofasidagi mavjud temir ko‘priklari hamda “Qo‘ng‘irot mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasiga qarashli “Nukus” – «Taxiatosh» stansiyalari oralig‘ida joylashgan 170 metr uzunlikdagi temir yo‘l ko‘priklari bo‘yalib, ko‘rkam holatga keltirildi.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI