Afrosiyob poyezdlarida “Ihcham Internet”

Raqamlashtirish jarayonini birinchi navbatda, odamlar eng ko‘p duch keladigan va shu orqali odamlar hayotini osonlashtiradigan sohalarda joriy etish zarurligini davlatimiz Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev bir necha bor o‘z ma’ruzalarida ta’kidladilar. Ma’lumki, ushbu maqsadda yurtboshimiz tomonidan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ham tasdiqlandi.

Barcha sohalarda bo‘lgani kabi raqamli iqtisodiyotni ham faol rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda. Mazkur yo‘nalishda temir yo‘l transporti hamda uning rivojlanishi ham zamon bilan hamnafas bo‘lib, yo‘lovchi va yuk tashish jarayonlariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etmoqda.

Intranet – bu, to'liq Internetga ulanish imkoniyati mavjud bo'lmaganda qo‘llaniladigan tizimdir. Bugungi kunda ushbu qulaylikdan “Afrosiyob” poyezdlarida, xususan, yurtimizda mavjud bo‘lgan yuqori harakatlanadigan poyezdlarning uchtasida ishlab kelmoqda. Yana birida, ushbu tizimni o‘rnatish va uni ishga tushirish jarayoni yakuniga yetkazilmoqda. Yaqinda xarid qilingan yana ikkita yangi “Afrosiyob” rusumli poyezdlarida ham ushbu tizim ishini tashkil etish maqsadida xorijdan zarur maxsus texnikalarni qo‘shimcha ravishda yetkazib berish uchun buyurtma berildi.

Ma'lumki, kengqamrovli va barqaror Internetga ulanishda turli xil to‘sqinlik qiluvchi omillar mavjud. O‘rtacha soatiga 200 km.dan yuqori tezlikda harakatlanayotgan “Afrosiyob” poyezdlarida bunday omil aynan yuqori tezlikdir. Shu bois “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati yo‘lovchilarga qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatishga mo‘ljallangan loyihani ishga tushirdi. O‘tgan yili, “Afrosiyob” poyezdlarida ushbu axborot tizimidan foydalanish borasida sinovlar boshlandi. Ushbu platforma maxsus serverlarda joylashgan bo‘lib, o‘zbek, rus va ingliz tillarida taqdim etilmoqda. Ushbu tizimdan foydalanish uchun yo'lovchi login va parol bilan ro'yxatdan o'tishi lozim. Shuningdek, Google, Facebook, Telegram kabi boshqa platform xizmatlari orqali ham autentifikatsiya qilish mumkin. Agar mijozda o'z akkaunti mavjud bo‘lmasa, maxsus ro'yxatdan o'tish shaklidan foydalanib, uni yaratish imkoniyati joriy etildi.

Tizimning texnik xususiyatining o‘ziga xosligi shundan iboratki, poyezdda o‘rnatilgan Wi-Fi tarmog‘i orqali istalgan shaxsiy mobil qurilma (smartfon, planshet, noutbuk)larda kirish mumkin. Shuningdek, ushbu xizmatdan foydalanish mutlaqo bepul. Shuni ta'kidlash kerakki, ishlab chiqarilgan mazkur tizimda barcha axborot xavfsizligi choralarini hisobga olgan.

Umuman olganda, yo‘lovchilar uchun joriy etilgan yangi xizmatning xususiyati nimada? Birinchidan, har qanday yo'lovchi restoran-vagon va bufetida ovqatlanish uchun onlayn buyurtma berish imkoniyatiga ega. Ikkinchidan, multimedia kontentidan foydalanish mumkin. Ya’ni, koʻngilochar media – filmlar, kliplar, musiqa, futbol oʻyinlari, safardagi yo‘nalish haqida qo‘shimcha maʼlumot, Oʻzbekiston Respublikasining diqqatga sazovor manzillar bilan tanishishingiz mumkin. Uchinchidan, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yuzasidan bevosita yo‘lovchining xohishiga ko‘ra vagon kuzatuvchisi, poyezd brigadiri yoki rahbariyatiga murojaat qilish mumkin. Ushbu xizmatning imkoniyatlari bilan quyidagi havolada tanishish mumkin: http://intranet.aitm.uz. Ta’kidlash joiz, har bir poezdda, har bir reysda turli xil poezd brigadalari mavjud va, jumladan, ovqatlanish menyusi ma'lum tartibga muvofiq o'zgaruvchan bo‘ladi. Yaqin kelajakda ushbu xizmat turi mamlakatimizdagi boshqa yo‘lovchi poyezdlariga ham bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Shuni ham qayd etish joiz, yo'lovchilar uchun yaratilgan ushbu interaktiv portal reklama beruvchilar uchun ham qulay platforma hisoblanadi. Unda reklama xizmatlarini joylashtirish uchun quyidagi telefon raqamiga murojaat qilishingiz mumkin: + 998-90-808-35-68.

Axborot-tahliliy media markazi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI