Xalqimiz buguni va kelajagining huquqiy kafolati

Konstitusiya insonning ozod va erkin yashash, mulkka ega bo‘lish, ta’lim olish, mehnat qilish, saylash va saylanish kabi huquqlarini, so‘z hamda e’tiqod erkinliklarini oliy qadriyat darajasiga ko‘taradigan muhim hujjatdir.

Har qanday davlat o‘zining mustaqil va o‘z taraqqiyot yo‘lini tanlar ekan, albatta, o‘z Konstitusiyasini ham yaratadi. Konstitusiyasiga ega bo‘lgan mamlakat o‘zi belgilagan maqsadlar sari dadil boradi. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimiz mustaqilligining ilk davrida – 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan Konstitusiyamiz shaxs, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro huquq va majburiyatlar hamda ularning kafolatlarini aniq-ravshan belgilab berdi. Bosh qomusimiz, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, yurtimiz fuqarolari tengligining kafolatlanishini e’tirof etdi va zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratdi.

Mustaqil O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat xususiyatlariga xos quyidagi asosiy tamoyillar o‘z aksini topdi: insonparvarlik; demokratiya va ijtimoiy adolatlilik; xalq hokimiyatchiligi; davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, sud hokimiyatiga bo‘linishi; Konstitusiya va qonunlarning ustuvorligi; shaxsiy daxlsizlik; mulkning daxlsizligi; fikrlarning xilma-xilligi; fuqarolarning teng huquqliligi; barchaning qonun oldida tengligi; fuqaro va davlatning bir-biriga nisbatan bo‘lgan huquq va burchlarining o‘zaro bog‘liqligi va boshqalar. Ushbu konstitusiyaviy tamoyillar alohida qonun hujjatlari vositasida tartibga solinadigan munosabatlarning xususiyatlariga qarab tegishli shakl va usulda huquq normalarida o‘z ifodasini topgan. Konstitusiya bilan davlat va jamiyat rivojlanishining demokratik tamoyillari belgilab qo‘yilgan. Respublikada ro‘y berayotgan demokratik o‘zgarishlar davomida Konstitusiyaga ham o‘zgarishlar kiritib kelinmoqda. 

Jumladan, so‘nggi yillarda Sud hokimiyatining konstitusiyaviy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha o‘zgartirish kiritildi. 2017 yil 6 aprelda Konstitusiyaning 7 ta moddasiga kiritilgan tuzatishlarda quyidagi 3 ta ustuvor vazifa:

- fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kengaytirish;
- odil sudlovga erishish darajasini, sud ish yurituvining samaradorligi va sifatini oshirish;
- nomzodlarni tanlash va sudyalar lavozimlariga tayinlash tizimini yanada takomillashtirish – sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlari sifatida mustahkamlab qo‘yildi.

Mazkur konstitusiyaviy o‘zgartirishlar sud tizimini boshqarishdagi bir-birini takrorlovchi funksiyalarni bartaraf etishga hamda yagona sud amaliyotini shakllantirishga xizmat qilishi bilan katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Shu maqsadda Konstitusiyaning 80, 81, 83, 93, 107, 110, 111-moddalariga tegishli o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritildi. Ushbu tuzatishlarga muvofiq, Oliy xo‘jalik sudi va Oliy sud fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy sud ishi yurituvi sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organiga – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirildi.

Konstitusiyaga sud hokimiyatining faoliyatini tubdan yaxshilashga, nufuzini oshirishga, sudlar tuzilishini takomillashtirishga hamda sudyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlash tizimini demokratlashtirishga qaratilgan o‘zgartish hamda qo‘shimchalarning kiritilishi fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlari huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari sudda ishonchli himoya qilinishini ta’minlash, mamlakatda qonun ustuvorligini, qonuniylikni mustahkamlashning muhim omiliga aylandi.

Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga soladigan Konstitusiya jamiyatdan ajralgan holda mavjud bo‘lmaydi va u, albatta, takomillashib boradi. Bosh Qomusimiz xalqimiz buguni va kelajagining huquqiy kafolatlarini belgilab bergan muhim hujjat sifatida fuqarolarimizning baxtli yashashi, turmushi yanada farovon bo‘lishi, yangi O‘zbekistonning yanada yuksak marralarga erishishi uchun xizmat qiladi.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI