O'zbekistonga Xitoydan navbatdagi elektrovoz keltirildi

"O'zbekiston temir yo'llari" AJning “Termiz mintaqaviy temir yo'l uzeli” UKga Xitoydan keltirilgan zamonaviy va yuqori quvvatga ega bo‘lgan yuk va yo‘lovchi  lokomotiviga ega bo'ldi. Eslatib o'tamiz, uni sotib olish Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Lokomotivlarni sotib olish yo‘li bilan lokomotivlar parkini yangilash” loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Qayd etish lozimki, "Termiz mintaqaviy temir yo'l uzeli" UK tasarrufidagi temir yo'l liniyalari tog'li xududning murakkab relyefiga ega bo'lgan mintaqada joylashgan va ushbu sharoitda temir yo'l tashuvlarini zamonaviy va kuchli elektrovozlar yordamisiz tasavvur qilish qiyin. Xitoy davlat xolding kompaniyasi CRRC Group (China Railway Rolling Stock Corporation - "Xitoy temir yo'l kompaniyasi")da O‘zbekiston iqlim sharoitlarini inobatga olib ishlab chiqarilgan elektrovozlar mana bir necha yildan beri o‘zini yaxshi tomonidan ko‘rsatib kelmoqda. Yangi keltirilgan elektrovoz yuqori quvvatga ega 2 seksiyadan iborat 8 o‘qli yo‘lovchi va yuk elektrovozi bo‘lib, uning quvvati 9,600 kVt ni tashkil etadi. Uning quvvati tufayli lokomotiv barcha ob-havo sharoitlarida og‘ir yuklar bilan ortiqcha qiyinchiliklarsiz harakatlana oladi. Texnik tavsifiga ko'ra, mazkut turdagi lokomotiv tezlikni soatiga 120 km.gacha oshirishi mumkin. Har bir lokomotivning ishlash muddati – 40 yil.  

Elektrovoz TOSHIBA kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan  TCMS zamonaviy nazorat-diagnostika tizimi bilan jixozlangan bo‘lib, ushbu tizim elektravozni ortiqcha yuklanishlardan, nosozliklardan himoya qiladi va mashinistga o‘z vaqtida xabar beradi. Ya’ni elektravozning elektron uskunalarining holati, yuqori va past kuchlanishli elektr jixozlarining holati, tormoz tizimi, havfsizlik tizimi, radioaloka tizimi va boshqa tizimlarning sozligi buyicha monitor orqali ko‘rsatib turadi. Misol uchun, agar safar davomida uskunalarda muammo aniqlansa, ushbu xabar ichki kompyuter monitoriga chiqariladi va bu yerda, shu bilan birga uni bartaraf etish choralari haqida ma’lumot ham beriladi.

                                                                                                                                                                              Axborot-tahliliy media markazi
0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI