Temir yo‘l tizimining raqamlashtirilishi bugungi shijoatli yoshlar qo‘lida

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati majlislar zalida Jamiyat rahbarlari va yoshlar yetakchilari ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda Prezident Administratsiyasi vakillari, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi rahbariyati hamda temir yo‘l transporti tizimi tasarrufidagi boshqarma, korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat yuritayotgan 300 nafar yoshlar yetakchilari ishtirok etdi.


Uchrashuvda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari v.b. U.Tursunkulov so‘zga chiqib, temir yo‘l transporti tizimida 2022 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish uchun qariyb 14 milliardga yaqin pul mablag‘lari ajratilishi belgilanganligini alohida taʼkidladi. Shuningdek, joriy yilning o‘tgan 4 oyi davomida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hisobidan xorijiy oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan 286 nafar talabaga talabalik stipendiyalari to‘lab berilganligini, shu bilan birga Toshkent, Samarqand, Qo‘qon temir yo‘l texnikumlarida ham yoshlar uchun juda katta imkoniyat va qator sharoitlar yaratilganligini, joriy yil boshidan 400 nafarga yaqin yoshlar ishga qabul qilinib, doimiy ish o‘rinlari bilan taʼminlanganligini aytib o‘tdi.

– Jamiyat tasarrufidagi taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan, kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining kontrakt pullari to‘lab berilishi barobarida ular “Temiryo‘lchi yoshlar daftari”ga kiritildi. O‘tgan yilda temir yo‘l transporti tarmog‘ida faoliyat yuritayotgan “Temiryo‘lchi yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar ikki bosqichda moddiy rag‘batlantirildi, joriy yilda ham bu kabi ishlar davom ettiriladi.

Shuning asnosida iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yosh temiryo‘lchilar o‘rtasida o‘tkazilgan tadbirlar va sport musobaqalari orqali 450 nafar yosh rag‘batlantirilganini aytib o‘tish o‘rinli, – dedi U.Tursunkulov. – Shu bilan bir qatorda Jamiyat tasarrufidagi boshqarma, korxona, tashkilot va muassasalarda yoshlar o‘rtasida huquq-tartibot organlari bilan maʼnaviy-maʼrifiy va profilaktik tadbirlar 200 marotaba tashkil etilib, unda 7000 nafar yoshning ishtiroki taʼminlandi. Tizimdagi boshqarma, korxona, tashkilot va muassasalarda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari 125 marotaba o‘tkazildi va unda 8700 nafar yosh ishtirok etib, ular tomonidan ish jarayonida yuzaga kelayotgan 345 ta muammo ko‘tarildi va shundan 320 tasi bartaraf etildi. Qolgan 25 tasi bartaraf etilishi yuzasidan mutasaddilarga topshiriq berilgan va amalga oshirish jarayonida turibdi. Shuningdek, temiryo‘lchi yoshlar uchun bepul ingliz va rus tillari o‘quv kurslari hamda korxonada faoliyat olib borayotgan yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari, internetdan samarali foydalanish, zamonaviy dasturlarni o‘zlashtirish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilib, unda jami ikki yuz nafardan ortiq yoshlar o‘qitilmoqda. 

Anjuman davomida tizimda o‘tkazilgan “Innovatsion g‘oyalar-2021” tanlovi hamda “Yilning eng yaxshi yetakchisi-2021” tanlovi g‘oliblari hamda korxonada yoshlar siyosatini taʼminlashdagi hamda sohaga Innovatsion g‘oyalarni joriy qilishdagi ko‘rsatayotgan tashabbuskorligi uchun bir qator korxona rahbarlari Jamiyat rahbariyatining “Faxriy yorliq” va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Tadbirda yetakchilar Kengashi raisi O.Sadriddinov ham so‘zga chiqib, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tizimida 2021 yil davomida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi bo‘yicha qilingan ishlar yuzasidan hisobotini videorolik tarzida namoyish etib, barcha rahbar va yoshlarning olqishiga sazovor bo‘ldi. Bunda bevosita yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda belgilangan reyting bo‘yicha “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi faoliyati yuqori deb baholandi.

Shuningdek, bugungi kunda temir yo‘l tizimida jadallashib borayotgan raqamlashtirish jarayonini shakllantirish orqali “Temiryo‘lchi yoshlar daftari” bundan keyin onlayn platforma asosida amalga oshirilishini aytib o‘tdi.

Mazkur tadbirga taklif etilgan Prezident Administratsiyasi masʼul xodimi A.Murtazayev ham so‘zga chiqib, temir yo‘l tizimida yoshlarga oid davlat siyosatining nechog‘li amalga oshirilayotganini yuqori baholab, buni boshqa tashkilotlarga o‘rnak sifatida ko‘rsatish lozimligini alohida taʼkidlab o‘tdi.

Uchrashuv yakunida yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, temiryo‘lchi yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga Jamiyat rahbarlari tomonidan javob olishdi.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI