Temir yo‘lda huquqbuzarlik borasida navbatdagi profilaktika ishlari olib borildi

Shu kunlarda Toshkent viloyati temir yo‘l transportida xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi vakillari tomonidan temir yo‘l liniyalari yaqinida yashovchi aholi bilan profilaktika tadbirlari o‘tkazildi. “Xavfsiz hudud” shiori ostida o‘tkazilayotgan mazkur uchrashuvlar xavfsizlik madaniyatini oshirish, yuk vagonlarida tashilayotgan yuklarni talon-tarojdan saqlash, shuningdek, temir yo‘l hududida sodir bo‘ladigan baxtsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti buyrug‘iga asosan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda “Angren – Orzu” vokzallarida o‘tkazilgan tadbir doirasida tushuntirish ishlari olib borildi. Turli yoshdagi fuqarolar bilan temir yo‘l kesishmalaridan o‘tish va polat izlarida piyodalar harakati qoidalarining buzilishlari haqida, yuqori darajadagi elektr tokidan shikastlanish xavfi va o‘limga olib keladigan holatlar haqida eslatib o‘tildi. Bu kabi uchrashuvlarda yoshlar bilan ishlashga alohida eʼtibor qaratilib, temir yo‘l transportiga qarashli sun'iy inshootlarda sodir etilgan qonunbuzarliklar va javobgarliklar haqida qator maʼlumotlar berildi.

Taʼkidlash joizki, o‘tkazilgan profilaktika tadbirlari davomida temir yo‘l liniyalariga yaqin joylashgan 172 ta xonadon ahli bilan suhbatlar o‘tkazildi. Temir yo‘l obyektlarida hushyorlikni oshirish va fuqarolar eʼtiborini xavfsizlik masalalariga jalb qilish maqsadida mazkur vokzallar oralig'idagi temir yo'l yo‘nalish bo‘ylab qo‘shimcha ogohlantiruvchi belgilar o‘rnatildi.

Tadbir davomida masʼullar tomonidan temir yo‘llardan kesib o‘tish bo‘yicha tavsiyalar berildi, qoidalar tushuntirildi. Xususan, keksalarga yordam ko‘rsatish (hamrohlik qilish), temir yo‘l transporti obyektlarida quloqchin taqib yurmaslik, uyali aloqa vositalariga chalg‘imaslik, temir yo'lni belgilangan qoidalarga muvofiq kesib o‘tish zarurligi taʼkidlandi. Shuningdek, mutaxassislar nazoratisiz qolgan va temir yo‘l yonida o‘ynayotgan o‘smirlarga eʼtibor qaratib, ular bilan tegishli suhbat ham o‘tkazildi. Temir yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi vakillari tomonidan o‘tib ketayotgan poyezdlarga begona narsalarni uloqtirish, shuningdek, yaqinlashib kelayotgan poyezdlar oldidagi relslarga turli xil narsalarni qo‘yish holatlarini oldini olishga qaratilgan holatlarga alohida ahamiyat berildi. Chunki bunday qoidabuzarliklar poyezdlarda ketayotgan odamlar hayotini, yuk vagonlarning xavfsizligiga katta ta'sir etishi mumkin.

Tadbir davomida temir yo‘lni kesib o‘tish qoidalarini buzgan 11 nafar shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik kodeksining moddalariga asosan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. 160 nafar shaxsga nisbatan ogohlantirish xati berildi.

Taʼkidlash joizki, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mamlakatimizning barcha hududlarida, temir yo‘llarga yaqin joylashgan hududlarda, aholi bilan profilaktika ishlari muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI